Breaking News

Trampni jinoiy javobgarlikka tortishni Adliya vazirligi hal qiladi


2021-yilning yanvarida ro’y bergan tartibsizliklarni tekshirgan Kongress qo’mitasi o’zining yakuniy hisobotini e’lon qildi. Donald Trampni davlat lavozimlariga saylanish huquqidan mahrum etish, uni jinoiy javobgarlikka tortish tavsiya qilingan.

Kapitoliydagi g’alayondan qariyb ikki yil o’tib, Vakillar palatasi hay’ati o’sha kuni nima ro’y bergani bo’yicha 800 betli yakuniy hisobotini chiqardi. Unda sobiq prezident Donald Tramp g’alayonni qo’zg’atgan shaxs ekani haqidagi da’volar hujjatlashtirilgan.

“187 daqiqa davomida u qonunlar bajarilishini ta’minlash bo’yicha o’zining konstitutsiyaviy majburiyatini e’tiborsiz qoldirgan. Olomon Trampning xohishiga ko’ra ish tutgan, ya’ni hokimiyat tinch yo’l bilan almashishiga to’sqinlik qilish”, - deydi qonunchi Eleyn Luria.

6-yanvar qo’mitasi: Tramp javobgarlikka tortilishi kerak
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:36 0:00

Hisobot ilgari ko’rsatilmagan guvohlik va hujjatlarni o’z ichiga oladi.

“Omma 11-sentabr voqealari bo’yicha hisobotni muhokama qilgani kabi buni ham xuddi shu tarzda ko’rib chiqishi mumkin. Bu tarixning bir bo’lagi, o’sha kunni tasvirlab beruvchi hujjat”, - deydi ekstremizm bo’yicha tahlilchi Jon Luis.

Dalillarga asoslanib, qo’mita Adliya vazirligiga Trampni bir necha moddalar bo’yicha jinoiy javobgarlikka tortishni tavsiya qildi. Amerika tarixida bunaqasi bo’lmagan.

“AQShning demokratik tizimi barqaror bo’lishiga olib kelgan asosiy tamoyillardan biri shuki, yangi prezident va uning ma’muriyati odatda avvalgi rahbarni ta’qib qilmaydi. Sobiq prezidentni javobgarlikka tortishga urinish – tariximizda uchramaydigan holat. Lekin tavsiyalar berildi. Bu Trampning xatti-harakatlari qanchalik ekstremal bo’lganini ko’rsatadi”, - deydi huquqshunos Pol Berman.

Tramp qo’mita faoliyatini tanqid qilib, 2020-yilda g’alaba qilgani haqidagi asossiz da’volarni yana takrorladi.

Hozirgacha 900 dan ziyod odam Kapitoliy g’alayonida ishtirok etgani uchun javobgarlikka tortilgan. Ko’pchiligi qilmishidan pushaymon bo’lganini aytadi. Ammo tahlilchilar deydiki, ekstremist guruhlar hamon faoliyatini davom ettiryapti.

“Oathkeepers”, “Proud Boys” kabi guruhlar konspiratsion nazariyalarga har qachongidan chuqurroq berilgan. 6-yanvar voqealari yuzasidan qarashlari o’zgarmagan”, - deydi Luis.

Hisobotda AQShning huquq-tartibot va razvedka idoralari mahalliy ekstremistlar tahdidiga yetarlicha e’tibor qaratmagani ham qayd etilgan.

“Haqiqatan AQShda mahalliy terrorchilar bor va son jihatdan ko’p. Siyosiy tizimni ag’darishni xohlaydigan odamlar. Ular qonun ustuvorligini tan olmaydi, faktlar bilan ishi yo’q, saylov natijalarini ham qabul qilmaydi. Hukumatga qarshi qurol ko’tarishga tayyor odamlar bor”, - deydi Pol Berman.

Ushbu hisobot bilan qo’mita o’z ishini yakunladi. AQSh Adliya vazirligi 6-yanvar voqealari bo’yicha alohida tekshiruv olib bormoqda. Uning natijasi Donald Trampga ayblov qo’yish yoki qo’ymaslik qaroriga ta’sir qilishi mumkin.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG