Breaking News

Dunyo xalqlarining Putin haqidagi fikri qanday?


Rossiya Prezidenti Vladimir Putin
Rossiya Prezidenti Vladimir Putin

Rossiya Ukrainaga bostirib kirishi ortidan mamlakat rahbariyatiga global munosabat keskin o‘zgargan: o‘nlab mamlakatlarda aholining katta qismi Kreml haqida salbiy fikrda.

“Gallup” tashkiloti e'lon qilgan hisobotga ko'ra, 137 mamlakatda minglab odamlar o'rtasida o'tkazilgan so'rovlar Kreml tarafdorlari soni sezilarli darajada pasayganini ko’rsatgan. Dunyo miqyosida respondentlarning 57 foizi 2022-yilda Rossiya yetakchiligini ma’qullamasligini ma’lum qilgan. Bu o‘tgan yilga qaraganda 38 foizga ko‘p.

Ovoz berganlarning atigi 21 foizi Rossiya rahbariyati siyosatini yoqlashini aytgan. 2021-yilda bu ko‘rsatkich 33 foizni tashkil qilgan. Ma’qullash va norozilik darajasi “Gallup” o‘zining yillik so‘rovi doirasida global yetakchilarga munosabatni kuzata boshlagan 2007-yildan beri qayd etilgan eng ekstremal ko‘rsatkich bo‘ldi.

"Bu aql bovar qilmaydigan narsa, - dedi “Gallup” katta tadqiqotchisi va hisobotning bosh muallifi Zak Ritter "Amerika Ovozi" bilan suhbatda. - O'ylashimcha, biz ilgari “Gallup” ma'lumotlarida biron bir mamlakat bo'yicha bunday o'zgarishlarni ko'rmaganmiz."

Hamma joyda o’zgarish salbiy

Xalqlarning Rossiya rahbariyati haqidagi taassurotlari turli mamamlakatlarda turlicha kuzatilgan bo‘lsa-da, umumiy xulosa shuki, jamoatchilik orasida Kreml obro‘si yomonlashgan.

O'zgarish Lotin Amerikasi va Karib havzasida eng ko'zga ko'ringan bo'lib, u yerda o'rtacha ma'qullash reytingi 16 foizga, o'rtacha norozilik darajasi esa 30 foizga ko'tarilib, 61 foizga oshgan.

Hatto Afrika va Osiyoning Rossiya ta'siri kuchli bo'lgan qismlarida ham o'zgarish salbiy. Shimoliy Afrika va Yaqin Sharqda norozilik darajasi 12 punktga ko'tarilib, 55 foizni qayd etgan. Rossiya faol ta'sir o'tkazayotgan Afrikaning Sahroi Kabir mintaqasida norozilik darajasi 21% dan 32% gacha ko'tarilgan. Hatto rahbarlari urushni qoralashdan bosh tortgan mamlakatlarda ham ko’rsatkichlar yomonlashgan.

Davlatlar orasidagi farqlar

“Gallup” tomonidan toʻplangan maʼlumotlar Rossiya rahbariyatiga munosabatda mintaqaviy tafovutlar borligini koʻrsatadi. Norozilik, asosan, Yevropa, Shimoliy Amerika, Avstraliya, Janubiy Koreya va Yaponiyada yuqori. Rossiyaga nisbatan munosabat Afrika, Osiyo va Yaqin Sharqda turli darajada.

Ukraina norozilikning eng yuqori ko'rsatkichini qayd etgan. Bu yerda aholining 96 foizi Rossiya yetakchilari haqida o’ta salbiy fikrda. Undan keyingi o’rinda Polsha – 95 foiz. AQSh, Kanada va G’arbiy Yevropaning 10 mamlakatida salbiy qarashdagilar 90 foiz yoki undan yuqorini tashkil etgan.

Xitoy o’z hududi deb hisoblaydigan Tayvanda ham Rossiyaga nisbatan salbiy munosabat keskin oshgan. 2021-yilda so‘rovda qatnashgan tayvanliklarning atigi 26 foizi Rossiya rahbariyatidan noroziligini bildirgan bo’lsa, 2022-yilga kelib bu raqam 72 foizga ko'tarilgan.

Putin Ukrainaning bosqindagi hududlarida
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:02:43 0:00

Rossiyaning sharqiy chegarasida joylashgan sobiq sovet respublikasi Qozog'istonda ham ko’rsatkichlar salbiy. Odatda, Moskvaning ishonchli ittifoqchisi sanaladigan Qozog‘istonda 2021-2022 yillar oralig‘ida Rossiya rahbariyatini ma’qullovchilar soni 55 foizdan 29 foizga tushgan. Norozilik esa 20 foizdan 50 foizga oshgan.

Kutilmagan holat yo’q

AQSh Davlat departamentining sobiq yuqori martabali mulozimi, Ukrainada elchi boʻlib ishlagan Stiven Payferning aytishicha, Rossiya xalqaro, xususan Yevropadagi obroʻsiga o’zi jiddiy putur yetkazgani hech kimga sir emas.

"Albatta, siz yevropaliklarning Rossiyaga qanday munosabatda ekaniga qarasangiz, menimcha, bu urush boshlanishidan oldingi holatga qaraganda ancha salbiy, - dedi Stenford universiteti Xalqaro xavfsizlik va hamkorlik markazi tadqiqotchisi Payfer. - Rossiyaning xatti-harakatlari asosiy tamoyillarga shu qadar zidki, biz hozir Yevropada xavfsizlik haqida gapirganda, bu Rossiyani o’z ichiga oluvchi xavfsizlik emas, balki Rossiyaga qarshi xavfsizlik haqidadir”.

Uning so'zlariga ko'ra, global miqyosda ko'pchilik jahon yetakchilari uchun Rossiyaning yuqori martabali amaldorlari bilan mazmunli muloqot qilish qiyin bo'ladi va kelishish mumkin bo'lgan hollarda ham Kremlga ishonish qiyin.

“Yuqoridan boshlang. Vladimir Putin harbiy jinoyatda ayblangan. Hozirda har qanday G‘arb yetakchisi u bilan qanday qilib o‘tirib gaplashishini tushunish qiyin. Buning katta badali bor”, - deydi Payfer.

Uning so'zlariga ko'ra, Rossiyaning yuqori martabali diplomatlari Kreml tomonidan ilgari surilgan urush haqidagi ochiq-oydin yolg'onlarni to’tiqushdek qayta takrorlashdan to’xtamasligi muloqot ehtimolini yanada qiyinlashtiradi.

O’xshash natijalar

“Pyu” tadqiqot markazi va “Ipsos” tadqiqotlari ham o’xshash natijalarni qayd etgan.

O'tgan oy Buyuk Britaniyada joylashgan “Brand Finance” konsalting kompaniyasi 2022-yilda Rossiya xorijga ta’sir o’tkazish quvvati bir yil avvalga nisbatan pasaygan yagona davlat bo'lganini xabar qildi.

"Davlatlar sog’liqnni saqlash tizimidagi halokatli inqirozdan so'ng savdo va turizmni qayta tiklash uchun madaniy ta’sir o’tkazish vositalariga o’tgan bir paytda Rossiyaning kuch bilan Ukrainaga bostirib kirishi dunyo tartibida buzilishga sabab bo’ldi, - dedi “Brand Finance” rahbari va bosh direktori Devid Xey bayonotda. - Agar biz bir necha oy davomida ko'rayotgan dahshatli tasvirlar bo’lmaganda, bunga ishonish qiyin bo'lar edi".

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG