Breaking News

Isroil Eron bilan ziddiyat kuchayib borayotganini bildirmoqda


Yaqin Sharq bilan shug’ullanuvchi tahlilchilar Eronning mintaqada kuchga to’layotganini aytarkan, buni Isroilga tahdid deb atamoqda. Ayniqsa hozir Isroilda jamiyat Bosh vazir Benyamin Netanyaxuning adliya tizimini isloh qilish rejasi sabab bo’lingan bir paytda.

Xalqaro hayot - 26-aprel, 2023-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:10:45 0:00

Kuzatuvchilar fikricha, Eron Isroildagi bunday vaziyatni yahudiy davlati zaifligining belgisi deya ko’rmoqda.

“Namoyishchilar sabab Isroilda zaxirachi ofitserlar va uchuvchilar harbiy xizmatga chaqirtirilsa, Eron ular xizmatga chiqmaydi, demak Isroil parchalanmoqda deb o’ylayotgan bo’lishi mumkin”, - deydi Isroilning sobiq milliy xavfsizlik maslahatchisi Yaakov Amidror.

Ramazon oyida Isroil askarlari Quddusning al-Aqso masjidida falastinliklar bilan to’qnashishi ketidan Isroilga bir necha raketa otildi.

Isroil rasmiylariga ko’ra, Livan shimolidan va G’azo Sektori janubidan raketalarning chiqarilishi ortida Eron turibdi.

Isroildagi ayrim tahlilchilar Eronni “mullalar rejimi” deb atarkan, mamlakatni boshqarayotgan konservativ rahbarlar Isroilga qarshi mintaqaviy ittifoqlarni kuchaytirish maqsadida eski dushmanlari Saudiya Arabistoni va Falastinning XAMAS harakati bilan aloqalarni tiklaganini ta’kidlaydi.

“Mullalar rejimi o’zlariga kerakli paytda, to’g’ri sharoitda, o’zlariga ma’qul vaziyatda bir necha frontda Isroilga qarshi urush boshlaydi. Isroil Eron proksilari tomonidan turli yo’nalishda yirik hujumga uchraydi. Ularning aksariyati Isroil atrofida joylashgan – Livan, Suriya, G’azo Sektori. Boshqa joylardan ham hujumlar bo’lishi mumkin. Isroilning strategik xavfsizlik istiqbolida bu “olov halqasi” deb ataladi”, - deydi isroillik tahlilchi Avi Melamed.

Eron oddiy qurollarini takomillashtirish va mintaqaviy proksilarini qurollantirish bilan birga yadroviy variant ustida ham ishlamoqda. Isroil rasmiylari fikricha, yana bir necha haftadan so’ng Eron yadro bombasini yaratishga yetarli yadroviy materialga ega bo’lishi mumkin.

“Eron bombani yaratishga, bunday salohiyatga yaqin turibdi deb o’ylayman. Bu esa Isroil uchun katta tahdiddir. Ammo Eron bombani ishga soladi deb o’ylamayman. Bomba va uni yaratish salohiyati boshqalarni Eronga hujum qilishdan qaytara oladigan omil sifatida ko’riladi. Eron aqli raso o’yinchi. Inqilobidan keyingi 40 yildan oshiq vaqt mobaynida Eron mafkura bilan birga manfaatlar, davlat siyosati ham muhim ekanini isbotlab keldi”, - deydi Tel-Avivdagi Bar-Ilan universitetidan Elisheva Machlis.

Isroilda yadroviy Eronning unga tahdid darajasi bo’yicha fikrlar bo’lingan. Biroq xoh oddiy qurollarga qarshi bo’lsin, xoh yadro quroliga qarshi, yahudiy davlatida ”Isroil mudofaa salohiyatini kuchaytirishi kerak” degan yakdil fikr mavjud.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG