Breaking News

Pokiston hukumati tarafdorlari Oliy sud raisini ishdan olishni talab qildi


Pokiston hukumati tarafdorlari namoyishi, 2023-yil, 15-may, Islomobod, Pokiston
Pokiston hukumati tarafdorlari namoyishi, 2023-yil, 15-may, Islomobod, Pokiston

Dushanba kuni Pokiston koalitsion hukumatining minglab tarafdorlari mamlakat Oliy sudi oldida yig‘ilib, sobiq bosh vazir va yetakchi muxolifat siyosatchisi Imron Xonni ozod qilgani uchun bosh sudyaning iste’fosini talab qildi.

Avtobuslar odamlarni mamlakatning turli burchaklaridan poytaxt Islomobodga olib borgan va u yerda namoyishchilar yuqori mahkama va boshqa muhim hukumat binolari joylashgan xavfsizlik zonasiga yo'l olishgan.

Sudlarga qarshi kamdan-kam uchraydigan bunday norozilik namoyishi amaldagi Bosh vazir Shahboz Sharif hukumati va mamlakat sud tizimi o'rtasidagi taranglikdan dalolat beradi.

O'tgan seshanba kuni harbiylashtirilgan askarlar mamlakatdagi eng yirik Pokiston Tahrik-e-Insof (PTI) partiyasi rahbari Imron Xonni federal sud binosi tashqarisida hibsga olgan edi.

2022-yil aprel oyida parlament ishonchsizlik votumi orqali lavozimidan ozod qilingan 70 yoshli PTI rahbari korrupsiyadan tortib terrorizm va qotillikkacha bo’lgan o’nlab jinoyatlarda ayblanmoqda.

Biroq payshanba kuni Oliy sud raisi Umar Ata Bandial Xonning hibsga olinishini “noqonuniy” va adolat izlash huquqining buzilishi deb atab, uni zudlik bilan ozod qilish haqida qaror chiqardi.

Bu Sharif va uning Pokiston Demokratik Harakati sifatida tanilgan ko'p partiyali koalitsion hukumati rasmiylarining noroziligiga sabab bo’ldi. Ular oliy sudni Xonga "keraksiz muhlat" berganlikda aybladi.

Shuningdek, Mudofaa vaziri Xavaja Muhammad Osif bosh sudya va bir nechta sudyalarning "noto'g'ri xatti-harakatlari" ustidan sud jarayonini boshlashga chaqirdi.

Xonning ozod qilinishini talab qilib o’tkazilgan so’nggi namoyishlar ortidan poytaxtda yig‘inlar o‘tkazish taqiqlanganiga qaramay, xavfsizlik kuchlari Oliy sud olgiga yig’ilgan odamlarni to’xtatmagan.

O'tgan hafta politsiya ko'zdan yosh oqizuvchi gaz qo’llab, Xonning yuzlab tarafdorlarini taqiqni buzgani uchun hibsga olgan edi.

"Ayni paytda bizning xavfsizlik idoralarimiz Oliy sudni egallab olish va Konstitutsiyani vayron qilishga yordam bermoqda. Barcha fuqarolar tinch namoyishlarga tayyor tursin, chunki Konstitutsiya yo'q qilinsa, buPokiston orzusining tugashi bo'ladi", - dedi Xon “Twitter” orqali.

U, shuningdek, hukumatni 7000 ga yaqin PTI ishchilarini, shu jumladan ayollarni va yuqori martabali rahbarlarni hibsga olganlikda aybladi. Hibslar “hukumat binolariga o‘t qo‘yish yoki o‘nlab qurolsiz namoyishchilarning o‘q jarohatlari oqibatida halok bo‘lishiga kim mas’ul bo‘lganligi tergov qilinmasdan amalga oshirildi”, - dedi Xon.

Zo'ravonliklar kamida 10 kishining hayotiga zomin bo'lgani xabar qilingan. Ammo hukumat mahalliy telekanallarda tartibsizliklarni yoritishni taqiqladi. Mobil internet xizmatlari va “YouTube”, “Twitter” va “Facebook” kabi ijtimoiy media platformalariga kirish cheklangan.

Sharif hukumatiga ko’ra, Xonga qarshi korrupsiya ishi mustaqil Milliy Hisob byurosi tomonidan qo’zg’atilgan va tergov qilinmoqda.

Xon barcha ayblovlarni rad etib, ular Pokistonning qudratli armiyasi uchun kuzda bo'lib o'tishi rejalashtirilgan saylovlarda uning hokimiyatga qaytishiga to'sqinlik qilish va partiyasini taqiqlash uchun bahona ekanini aytmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG