Breaking News

Hindiston "Katta yigirmalik" yig'ini oldidan Kashmirda xavfsizlikni kuchaytirdi


Srinagarni qo'riqlayotgan Hindiston askarlari, 2022-yil, 15-avgust
Srinagarni qo'riqlayotgan Hindiston askarlari, 2022-yil, 15-avgust

Hindiston rasmiylari turizm bo‘yicha “Katta yigirmalik” yig‘ilishi arafasida Jammu va Kashmir mintaqasida xavfsizlik choralari kuchaytirilgani haqida xabar qilmoqda. Bunga mintaqada so’nggi paytda jangarilar faoliyati jonlangani sabab bo’lgan.

Federal hududning yozgi poytaxti hisoblanadigan Srinagar shahrida 22-24-may kunlari “Katta yigirmalik” a'zolarining turizm bo'yicha ishchi guruhi yig'ilishi bo'lib o'tadi. Bu yig’in sentabr oyida Nyu-Dehlida bo'ladigan “Katta yigirmalik” sammiti doirasidagi anjumanlar qatoriga kiradi.

Jangari guruhlar bu yil Jammu mintaqasida, Srinagar joylashgan Kashmir vodiysidagi tog'larda hujumlarni kuchaytirgan.

Joriy yil Jammuda sodir etilgan to‘rtta hujumda o‘n askar va yetti nafar tinch aholi vakili halok bo‘lgan.

Xavfsizlik bo’yicha rasmiylar bo'lginchi jangarilar “Katta yigirmalik” yig'ilishidan oldin yoki yig'ilish paytida hujum uyushtirishlari mumkinligidan xavotirda.

"Ushbu hujumlar vaqti xavotirli, chunki ular “G-20” (Katta yigirmalik) uchrashuvi oldidan rejalashtirilgan”, - dedi Hindiston armiyasining ismi oshkor qilinishini istamagan mintaqadagi yuqori martabali zobitlaridan biri.

Harbiy va politsiya xodimlari jangarilar Jammudagi harbiy maktabni nishonga olib, o‘quvchilarni garovga olishi mumkinligi haqida razvedka ma’lumotlarini qo’lga kiritgan.

Bunga javoban, maktablar yopilgan va darslar “G-20” yig'ilishi tugagungacha onlayn rejimiga o'tgan.

Kashmir vodiysi politsiyasi boshlig'i Vijay Kumarning “Reyter” agentligiga aytishicha, shahar bo’ylab terrorga qarshi kurash kuchlari askarlari joylashtirilgan.

Srinagar 1989-yildan beri Hindiston hukmronligiga qarshi kurashayotgan qoʻzgʻolonchilar harakatining markazi boʻlib kelgan.

So'nggi yillarda zo'ravonliklar kamaygan bo'lsa-da, shu paytgacha to’qnashuvlarda o'n minglab odam halok bo'lgan.

Hindiston da’vosiga ko’ra, Pokiston Kashmirda musulmon isyonchilarni qo‘llab-quvvatlamoqda. Pokiston buni rad etib, Hindistonni Kashmir musulmonlari huquqlarini poymol qilishda ayblaydi.

Ikki davlat Kashmir ustida uch marta o’zaro urush olib borgan. Yadro quroliga ega bu qo'shnilarning har ikkisi mintaqa to’liq o’ziga tegishli ekanini da'vo qiladi, lekin qisman unga egalik qiladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG