Breaking News

Bayden: Kongress bilan davlat qarzi yuzasidan til topishganidan mamnun


Oq uy, Vashington, 2-iyun, 2023
Oq uy, Vashington, 2-iyun, 2023

Bu hafta Kongressda ulkan yutuqqa erishganini aytayotgan Prezident Jo Bayden ish stolida o'tirib, xalqqa murojaat qilar ekan, qonunchilar davlat qarziga qo'yilgan limitni ikki yilga bekor qilganidan mamnun.

“Bu - o'tgan yillar ichida erishilgan eng yirik yutuq. Iqtisodiyotimiz o'sishda davom etadi va qarorimiz davlatimiz ravnaqini ta'minlaydi", - dedi Bayden.

Kongress qarz shiftini ko'tarishga izn bermaganida kelasi hafta Amerika moliyaviy tizimi va iqtisodiyoti ishdan chiqishi mumkin edi.

"AQSh demokratiyasi mustahkam, chunki ko'rdingiz, partiyalar murosa yo'lini topa oldi", - deydi prezident.

“Hech birimiz hamma xohlagan narsamizga erisha olmadik, ammo xalq uchun muhim ishni qildik. Inqirozning oldini oldik".

Prezidentlar odatda ish stolidan xalqqa gapirganida og'ir qarorlarini e'lon qiladi. Bu safar Bayden ijobiy yangilik taqdim etdi.

Qayta saylanish uchun harakat boshlagan Bayden fursatdan yaxshi foydalandi, deydi siyosatdonlar.

Vakillar palatasi va Senatda ma'qullangan hujjat prezident imzosi bilan kuchga kirib, Moliya vazirligiga qo'shimcha qarz olish uchun zamin yaratadi.

Shu kungacha qarz limiti 31,4 trillion dollar edi. Qonunchilar hukumatga bundan oshiq olish uchun ruxsat berdi. Evaziga xarajatlar kelasi ikki yilda oshmasligi kerak.

100 a'zolik Senatda 63 kishi "ha", 36 kishi "yo'q" deb ovoz berdi, Vashington, 1-iyun, 2023
100 a'zolik Senatda 63 kishi "ha", 36 kishi "yo'q" deb ovoz berdi, Vashington, 1-iyun, 2023

Senatda aksariyat 'ha" deb ovoz bersa-da, qator nufuzli a'zolar qarshi chiqdi, jumladan demokratlar Jon Fettermen, Elizabet Vorren, Ed Marki, Jeff Merkli va Berni Sanders. Respublikachilardan 31 nafari ham hujjatni yoqlamadi.

Vakillar palatasidagi ayrim liberallar singari Senatdagi demokratlar ham Oq uyni respublikachilarga bo'yin egib, xarajatlarni kamaytirishga ko'nganlikda aybladi.

Bayden ma'muriyatiga ko'ra esa byudjetning hozirgi miqdorda qolishi muvaffaqqiyatdir. Respublikachilar aslida uni bir necha foizga kamaytirishni talab qilib keladi.

Bu yilgi byudjetda kamomad 1,5 trillion dollar. Kelasi 10 yilda u 2,7 trillion dollarga chiqishi taxmin qilinadi.

Spiker Kevin Makkarti AQSh hukumati xarajatlarini kamaytirishga bel bog'lagan
Spiker Kevin Makkarti AQSh hukumati xarajatlarini kamaytirishga bel bog'lagan

Davlat qarzi, mutaxassislar ta'biricha, kelasi bir yarim yilda qariyb 3 trillion dollarga oshishi mumkin.

Vakillar palatasi spikeri Kevin Makkarti deydiki, u va uning konservator sheriklar hukumatni ko'rpaga qarab oyoq uzatishga o'rgatadi.

"Davlat xarajatlari kamayishi shart", - deydi spiker.

Uning aytishicha, qarz shiftini ko'tarishda respublikachilar o'z shartlarini qabul qildira olgani uni va partiyadoshlariga kuch bergan va kelgusi yil byudjeti qattiq elakdan o'tkaziladi.

Demokratlar boylardan ko'proq soliq olishni xohlaydi. Lekin bu hafta qabul qilingan qonunda bu borada hech narsa yo'q.

Hujjatda shtatlardan pandemiyaga qarshi ajratilgan mablag'ning ortib qolganini qaytarish talab qilinadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG