Breaking News

Internetda kuchli sintetik dorilarning noqonuniy savdosi avjida


Noqonuniy fentanilning Xitoydagi sotuvchilari
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:04:47 0:00

Kuchli sintetik opioid – fentanilni ishlab chiqarishda ishlatiladigan kimyoviy moddalarni noqonuniy sotuvchilar onlayn platformalarda reklama qiladi. Ular mahsulotni AQShga kontrabanda qila olishini ham aytadi.

AQSh huquq-tartibot idoralari fentanil va unga aloqador moddalarning mamlakatga olib kirilishini cheklash bo’yicha sa’y-harakatlarni kuchaytirmoqda.

Ushbu sintetik opioid og’riqni qoldirishda morfindan taxminan 100 barobar kuchliroq. Atigi bir necha milligrammi o’limga olib kelishi mumkin.

“Oq uy va Giyohvand moddalarga qarshi kurash boshqarmasi 2019-yilda fentanilga o’xshash dorilarni man etgan. Xitoy ham bu moddalarning eksportini taqiqlashga rozi bo’lgan”, - deydi jinoiy tarmoqlar bo’yicha tadqiqotchi Logan Poli.

Ammo internetda fentanilni noqonuniy ishlab chiqarish uchun ishlatiladigan prekursorlar savdosi avjida.

“Amerika Ovozi” kimyoviy moddalarning raqamli identifikatorlarini internetda qidirdi. Oddiy veb-saytlar, jumladan “SoundCloud” audio platformasida bu moddalarni yetkazib beruvchilar o’z kontaktlarini qoldirgani ma’lum bo’ldi.

Matnli xabarlar orqali biz noqonuniy sotuvchilarning qanday ishlashi haqida bilib oldik. Hammasi Xitoyda joylashganini aytadi.

Ular AQShda hukumat qattiq nazorat qiladigan va Xitoyda tekshiruv ostida bo’lgan prekursorni taklif qildi, shuningdek, Amerikada nazorat qilinadigan yana bir kimyoviy moddani.

Ba’zilari bu moddalarni AQSh orqali tarqatish qulayligini bildirdi. Bu davlatda omborlari borligini aytishadi.

Paketlarini to’g’ridan-to’g’ri AQShga yetkazib berishga uch hafta ketishi mumkin. Narxlar kilosiga 100 dollardan boshlanadi. Bitkoin bilan to’lash mumkin.

Aniqlanishini bartaraf etish uchun, deydi sotuvchilar, paketlar ba’zida “mushuk uchun yem” deb markirovka qilinadi.

“Fentanil prekursorlari va boshqa sintetik preparatlar ekspeditorlar, brokerlar orqali jo’natilmoqda. Yuk hujjatlariga qarasangiz, noqonuniy jo’natma bilan bog’liq savdo ma’lumotlariga qarasangiz, unda ishlab chiqargan Xitoy kompaniyasi ko’rsatilmagan”, - deydi Poli.

Noqonuniy sotuvchilarning da’volari yoki ular taklif qilayotgan kimyoviy moddalarning sifati haqida bir narsa deyish qiyin.

Iste’molchilar uchun fentanil xavfi yuqori. AQSh Kasalliklarni nazorat qilish markazi statistika bo’limiga ko’ra, fentanil va boshqa sintetik opioidlar dozasini oshirish natijasida 2022-yilda 75 ming amerikalik vafot etgan.

“Bu dorini qonuniy ishlab chiqaradigan tegishli organlarga murojaat qilsangiz, bu nomenklatura, bu raqamlar, kimyoviy moddalar nisbati to’g’ri taqsimlangan bo’ladi. Internetdan xarid qilishga kelsak, xaridor juda ehtiyot bo’lishi kerak, chunki siz kutgan mahsulot bo’lmasligi mumkin”, - deydi Giyohvandlikka qarshi kurashish institutidan doktor Vilson Kompton.

Xitoyning Vashingtondagi rasmiylari “Amerika Ovozi” savollariga yozma javob berar ekan, ularning mamlakati prekursor kimyoviy moddalarni qattiq nazorat qilishini bildirdi.

Elchixona vakili Lyu Pengyuga ko’ra, Xitoyda maxsus ro’yxatdagi kimyoviy moddalar ucun litsenziyalash tizimi mavjud. 2021-yilda ularni internetda sotishga uringanlik uchun 8000 kishi hibsga olingan.

“SoundCloud” platformasi savollar ketidan postlarni o’chirib tashladi. Ammo mutaxassislarga ko’ra, bu doimiy muammo.

“Huquq-tartibot idoralari o’tmishda qilmagan bir ishni qilishi kerak, ya’ni taktik razvedka ma’lumotlarini baham ko’rish. Chunki ijtimoiy media kompaniyalar yoki moliyaviy muassasalar bunday ma’lumotni tezkorlik bilan ishlab chiqa olmaydi. Hukumatning o’zi bu borada qiynalmoqda”, - deydi AQSh Giyohvand moddalarga qarshi kurash boshqarmasi sobiq agenti Kris Urben.

Doktor Rahul Gupta Oq uyda giyohvand moddalarni nazorat qilish idorasini boshqaradi. Uning aytishicha, Bayden ma’muriyati narkosavdogarlarga qarshi kurashish uchun turli tomonlar bilan hamkorlik qilmoqda.

“Ham savdogarlar, ham ishlab chiqaruvchilar, ham yuk jo’natuvchilarga qarshi kurash olib borayapmiz. Sintetik mahsulotlarning ta’minot zanjiri xaritasini tuzib, muammo aniqlangan alohida sohalarni ko’rib chiqayapmiz”, - deydi Gupta.

Internetda topilgan kimyoviy moddalarning nimaligini tasdiqlay olmasa-da, uning idorasi topilgan ma’lumotlar va veb-saytlarni tekshiruv uchun huquq-tartibot idoralariga uzatishini ma’lum qildi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG