Breaking News

"Kompromatuzb" ishi Toshkent shahar sudida


Kompromatuzb case Uzbekistan
Kompromatuzb case Uzbekistan

O'zbekistonda ko'zga ko'ringan jurnalist va blogerlar tuhmat va tovlamachilikda gumon qilingan ish bo'yicha sud 18-iyul kuni boshlandi. "Amerika Ovozi"ning aniqlashicha, guvohlar orasida ham qator media yulduzlar bor.

Mahkama yopiq kechmoqda. Sudyaning bunday qaror qilishi ayblanuvchilardan ikkisining shunday iltimosiga asoslangan.

Jarayon Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar Shayxontohur tuman sudida kechib, unda amaldorlarga nisbatan kompromatlar e’lon qilgan yoki e’lon qilishi mumkinligi xususida ogohlantirib, Telegramdagi "Kompromatuzb" kanalini yuritgan bir necha shaxs taqdiri muhokamada.

Shu yilning 27-yanvari kuni Toshkentda Human.uz sayti direktori Xurshid Daliyev va bosh muharriri Muslim Mirzajonov hibsga olingan edi. Mirzajonov bir kun ichida qo'yib yuborilgan. Unga biror ayb qo'yilmagan.

"Kompromatuzb" sud muhokamasi yopiq kechmoqda
"Kompromatuzb" sud muhokamasi yopiq kechmoqda

Human.uz xodimi, 19 yoshli Ahmadullo Ahmadjonov ham ular qatorida sudlanayotganlardan biri. Ahmadjonov bir oycha hibsda saqlanib, qo'yib yuborilgan.

Sayt yopilmagan. Tergov paytida musodara qilingan vositalar qisman tashkilotga qaytarib berilgan.

Bandlik va kambag‘allikni qisqartirish vazirligining sobiq matbuot kotibi Mavjuda Mirzayeva va “O‘zbekneftgaz” matbuot kotibi Siyovush Hoshimov ham bu ish doirasida qo‘lga olingan.

Oliy sudga ko‘ra, 39 yoshli Daliyev Jinoyat kodeksining 139-modda 2-qismi, ya'ni tuhmatda; 165-modda 3-qismi a-bandi 3-qismi a-bandi, ya'ni tovlamachilikda, 184-modda 3-qismi, ya'ni soliqlar yoki boshqa majburiy to‘lovlarni to‘lashdan bo‘yin tovlashda, 243-modda bo'yicha, ya'ni jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishda ayblanmoqda.

40 yoshli Xoshimov 139-modda 2-qismi, ya'ni tuhmatda; 165-modda 3-qismi a-bandi 3-qismi a-bandi, ya'ni tovlamachilikda; 243-modda bo'yicha, ya'ni jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishda bilan ayblanmoqda.

50 yoshli Mirzayeva 113-modda 4-qismi, xususan OITS tarqatishda, shuningdek, 165-modda 2-qismi bo'yicha, ya'ni tovlamachilikda ayblanmoqda.

Daliyev va Mirzayeva ayblarni qisman tan olgan. Hoshimov va Ahmadjonov o'zini aybsiz deb bilishini bildirgan.

O'zbekiston axborot makoni: korrupsiya, sistematik muammolar
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 1:12:37 0:00

Sudga uzatilgan ayblov xulosasida qayd etilishicha, 19 nafar jabrlanuvchi va 10 nafar da’vogar bo'lib, to'rt ayblanuvchidan ular jami 5 milliard 140 million so‘mlik zarar ko'rgan.

Jabrlanuvchilar va guvohlar orasida sobiq Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Nozim Xusanov ham bor. U shu yilning aprel oyida hukumatdan ketgan.

Mart oyidan buyon hibsdagi Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligi sobiq direktori Afzal Irmatov ham jabrlanganlar safida.

Samarqand viloyati hokimi matbuot kotibi Manuchehr Mirzayev, Buxoro muhandislik-texnologiya instituti ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori Mirzo Sharipov, Davlat veterinariya va chorvachilik qo‘mitasi huzuridagi “O‘zbekchorvanasl” agentligi bosh direktori Baxtiyor Otamurodov va yana o'nlab shaxslar ayblov xulosasida "Kompromatuzb" tomonidan shantaj qilinganlar sifatida tilga olinadi.

Sudlanuvchilarning advokatlari media bilan gaplashmagan. "Amerika Ovozi" sud ishini imkon qadar yoritib boradi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG