Yaponiya Sharqiy Xitoy dengizida Pekinning kuchayib borayotgan harbiy ambitsiyalariga javoban keyingi to'rt yil ichida mudofaa dasturiga yuzlab milliard dollar sarflamoqchi. Ammo mamlakatning ba'zi yirik texnologiya kompaniyalari harbiy sanoatni kuchaytirishga shoshilmayapti.
Yaponiyaning eng mashhur global brendlari televizorlar, kir yuvish mashinalari yoki avtomobillar ishlab chiqarishi bilan tanilgan. Ular harbiy mahsulotlar ham ishlab chaqirishini nafaqat xorijda, balki mamlakatda ham ko’pchilik bilmaydi.
“Mitsubishi” Yaponiya mudofaa kuchlari uchun qiruvchi samolyotlar va raketalar ishlab chiqaradi. “Toshiba” harbiy batareyalar, “Subaru” esa harbiy vertolyotlar chiqaradi. O'zining konditsioner qurilmalari bilan mashhur “Daikin” firmasi o'q-dorilar ishlab chiqarish bilan ham shug'ullanadi.
Yaponiya hukumati sanoat gigantlaridan harbiy texnika ishlab chiqarishni kuchaytirishni so’ramoqda.
Tokio keyingi to‘rt yil ichida mudofaa xarajatlarini 315 milliard dollarga oshirmoqda. Bu Xitoyning Sharqiy Xitoy dengizidagi agressiv siyosatiga javobdir.
Biroq “Reyter” agentligining yaqinda e'lon qilgan hisobotiga ko'ra, Yaponiyaning milliy mudofaa sanoatini rivojlantirishi oson kechmayapti.
Harbiy texnikani eksport qilish bo'yicha mavjud taqiq 2014-yilda bekor qilinganiga qaramay, Yaponiyaning mudofaa kompaniyalari xorijga juda kam mahsulot sotadi.
“Yaponiya mudofaa kompaniyalari uchun yagona xaridor mamlakat mudofaa kuchlari. Demak, bu kompaniyalar uchun qurol ishlab chiqarish orqali daromad topish unchalik oson emas. Shu sababli bir qancha kichikroq kompaniyalar mudofaa sanoatini tark etmoqda”, - deydi ekspert Tetsuo Kotani.
Oxirgi 20 yil ichida 100 dan ortiq yapon kompaniyasi mudofaa sektorini tark etdi.
"Xorijiy kompaniyalarga qattiq bog'liqlik ta'minot zanjirining barqarorligi uchun yaxshi emas; shuning uchun Yaponiya hukumati qiynalayotgan mudofaa kompaniyalariga subsidiya berishga qaror qildi. Shu orqali biz mahalliy mudofaa qobiliyatimizni saqlab qolishga harakat qilyapmiz”, - deydi Kotani.
O'nlab yillar davomida yaponiyaliklar harbiy xarajatlarni ko'paytirishga qarshi bo’lgan. Yaqinda oʻtkazilgan soʻrovga ko’ra, saylovchilarning 40 foizdan sal koʻprogʻi mudofaa kuchlarini kengaytirishni xohlaydi. Besh yil avval bu koʻrsatkich 29 foiz bo’lgan.
“Reyter” agentligining xabar berishicha, Yaponiyaning sanoat gigantlari harbiy ishlab chiqarishni kengaytirish orqali iste'molchilar orasida o'z brendiga shikast yetkazishdan xavotirlanadi.
Yaponiya hukumati oʻzgarib borayotgan xavfsizlik muhitiga moslashishga harakat qilar ekan, avvalo, o’z xalqini bu o‘zgarishlar shoshilinch va zarur ekanligiga ishontirishi kerak, deydi ekspertlar.