Breaking News

Rossiyaning “xorij agenti” to’g’risidagi qonuni AQShnikiga o’xshashmi?


Rossiyaning "Xorij agenti" haqidagi qonuni AQShdan namuna olganmi?
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:05:22 0:00

Rossiyada bir necha yillar avval qabul qilingan “xorij agentlari”ga doir qonun bugunga kelib, ayniqsa, Ukraina bosqini ortidan, so’z erkinligini bo’g’ishdagi asosiy vositaga aylandi.

Rossiyada hozirda yuzlab tashkilotlar, jurnalistlar, huquq himoyachilari, ilmiy va ijodiy soha vakillari xorij agenti sifatida e’lon qilingan. Aksariyati sudga tortilgan, faoliyati taqiq ostida.

Rossiyadagi repressiyalarga vosita bo´layotgan bu qonun keskin tanqid ostida. Bu Rossiya Prezidenti Vladimir Putin diqqatidan ham chetda emas.

Sentabr oyida Vladivostokda o’tkazilgan iqtisodiy forumda ishtirok etgan Prezident Putin “xorij agentlari”ga doir qonunni AQShdagi xorij agentlarini ro’yxatga olish qonuniga qiyosladi va Rossiya qonuni bir qadar liberal ekanligini iddao qildi.

“Biz umuman hech kimni jazolamayapmiz. Kimni jazolayapmiz? Bunday qonun, yanglishmasam, 1937-yildan buyon bor; AQShda esa 1938-yildan. Bizniki o’shaning nusxasi, faqat biroz liberalroq”, - dedi Putin.

Bu to’g’ri emas.

Rossiya hukumati “xorij agenti” to’g’risidagi qonundan mamlakatdagi liberal qarashlarni va so’z erkinligini bostirish, jinoiy javobgarlikka asos yaratishda foydalanib keladi.

"Human Rights Watch" tashkiloti bu qonunni “zaharli” deb atagan; Rossiyada “xorij agenti” atamasi ostida “xiyonat”, xorij davlatiga ishlovchi “ayg’oqchi” tushunilishini bildirgan.

“Xorij agenti sifatida belgilash suddan tashqarida, uni mahkamada arz qilish imkonsiz. Bu tamg’a yopishtirilgan shaxslar ijtimoiy hayotdan chetlatiladi”, - deyiladi tashkilot bayonotida.

2020-yilning iyunida inson huquqlari bo’yicha Yevropa sudi ham mazkur qonun yuzasidan o’z xulosasini e’lon qilgan, xorij davlatlaridan mablag´ olgan tashkilotlar, shaxslar tamg'alanishi asossizligini, bu fuqarolik jamiyati vakillari faoliyatini keskin jilovlashini qayd etgan edi.

Sud, shuningdek, fuqarolik jamiyatiga bosim Rossiyadagi korrupsiya, xususan davlat amaldorlari ishtirokidagi korrupsiya fosh qilinishiga to’siq yaratishini ham ko´rsatib o’tgan.

Rossiya Ukrainaga bostirib kirishidan so’ng “xorij agenti” qonuni amaliyoti yanada kuchaydi, urushni urush deb atash taqiqqa tushdi.

1-sentabr holatiga ko’ra 674 ta tashkilot va shaxslar “xorij agenti” sifatida Rossiya hukumati ro’yxatida turadi. Ro’yxatda huquq himoyachilari, jurnalistlar, shuningdek ekologiya, saylovlarni kuzatish bilan shug’ullanuvchi tashkilotlar ham bor.

Sovet ittifoqi davridagi qatag’onlar ochiqlanishida muhim o’rin tutgan, inson huquqlari himoyasidagi xizmatlari bilan tanilgan “Memorial” tashkiloti ro’yxatda 9-o’rinda. 2021-yilda Rossiya Oliy sudi “xorij agenti” qonunini buzganlik aybi bilan tashkilotni tugatish haqida qaror qabul qilgan.

Rossiya hukumati ro’yxatida Nobel mukofoti sovrindori, “Novaya gazeta” muharriri Dmitriy Muratov ham bor. Muratov “xorij agenti” deb e`lon qilinishi ortidan 2022-yilda hujumga uchradi, unga bo’yoq purkab ketishdi, gazetasi esa sud qaroriga ko’ra yopildi.

Rossiya muxolafatining taniqli vakillari Vladimir Kara-Murza, Aleksey Navalniy ham ro’yxatda. Har ikkisi ham “xorij agenti” sifatida e’lon qilinishi ortidan sudga tortildi, qamoq jazosini o’tayapti.

Umuman, bu ro’yxatda o’zgacha fikri bilan ko’zga tashlangan ko’plab soha vakillari bor. “Xorij agenti” maqomi yuzlab inson taqdirida jamoatchilikka sharmisor qilinishdan tortib ochiq hujumga uchrashgacha, quvg’indan qamoq jazosigacha bo’lgan oqibatlar bilan iz qoldirdi.

Putinning AQSh qonuniga doir qiyosi haqida nima deyish mumkin?

Xalqaro tanqidlarga nisbatan Kreml tomonidan beriladigan an’anaviy bu javob haqiqatni buzib ko’rsatishdir.

AQSh Adliya vazirligi mazkur qonun maqsadini “AQShga nisbatan tashqi ta’sirning oldini olish, milliy xavfsizlikka tahdidlarni bartaraf etish” deb izohlaydi.

AQShning Britaniyadagi elchixonasi 2021-yilda bu borada “Rossiyada “xorij agenti” qonuni qanday qilib o’zgacha fikrlarni bostirmoqda” nomli maxsus hisobot ham taqdim etgan edi.

“Rossiya hukumati “xorij agenti” to’g’risidagi o’z qonunini AQShdagi shu nomli qonun bilan qiyoslaydi, ammo bu noto’g’ri qiyos, ular o´rtasidagi farq juda katta. AQShda xorij agentlarini ro’yxatga olish qonuni xorij tashkiloti nomi ochiqlanishini talab qiladi. Rossiyada esa bu qonun mamlakatdagi liberal qarashlarni bostirish va jazolash uchun ishlatilmoqda”, deyiladi bu hisobotda.

Rossiyada “xorij agenti” qonuni dastlab 2012-yilda, xorijdan mablag´ olayotgan tashkilotlarni ro’yxatga olish maqsadida kuchga kirdi.

2019-yilga kelib Prezident Putin “xorij agenti” safiga kiruvchi doirani kengaytirdi, unga material tarqatish bilan shug’ullanuvchi oddiy fuqarolar ham kiritildi.

2022-yildan esa Rossiya hukumatiga nisbatan zararli tanqidda bo`lgan har qanday kishi “xorij agenti” ro’yxatiga tirkalishi mumkin bo’ldi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG