Breaking News

Panama Hotel: AQShdagi yaponlar tarixidan hikoya qiluvchi mehmonxona


Amerikadagi yaponlar tarixini asrab kelayotgan mehmonxona
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:11 0:00

Ikkinchi Jahon urushi paytida Sietldagi Panama mehmonxonasi yerto’lasida mahalliy yapon amerikaliklarning shaxsiy ashyolari saqlangan. AQSh Yaponiya bilan urushga kirgach, Amerikadagi yaponlar majburan lagerlarga ko’chirilgan edi.

Bir qarashda, yog'och pollar va devorlari oq-qora fotosuratlar bilan bezatilgan maftunkor eski mehmonxona.

Ammo pol ostida og'riqli o'tmishning izlari bor: Bu yerda Sietldagi yaponlarning buyumlari saqlanadi.

"Baliqchilik anjomlari va san'at asari, akvarel bo'yoqlari bor. Bu yerda hatto skripka bor, eski skripka. Ko'plab jihozlar, kitoblar, plastinkalar", - deydi mehmonxona egasi Jen Jonson.

1941-yil dekabr oyida Yaponiya Gavayidagi Pyorl-Xarbor bazasiga hujum qilgach, AQSh rasman Ikkinchi Jahon urushiga qo’shildi. Shundan so’ng G'arbiy sohilda yashovchi 120 000 ga yaqin yapon amerikaliklar qamoqqa olindi. Ular yoppasiga lagerlarga ko’chirildi. O'zlari bilan faqat ko'tara oladigan narsalarni olib ketishga ruxsat berildi, xolos.

AQShda yapon-amerikaliklar urush davrini xotirlamoqda
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:02:47 0:00

O'sha paytda mehmonxona Takashi Hori ismli odamga tegishli edi.

"Janob Hori 100 foiz amerikalik bo’lgan. Juda kam vaqt berishdi. O'zi va oilasi – hamma ketishi kerakligini angladi. Shunda uning ayrim do'stlari kelib, “Narsalarimni yerto'langizga qo'ysam maylimi?” deb so’rashadi. U “Ha”, deb javob beradi. Keyin yana boshqalar ham kela boshlaydi. To yertala to’lguncha ular narsalarini ko’tarib kelgan”, - deydi Jonson.

Hori va uning oilasi Aydaxo shtatidagi Minidoka lageriga yuborildi. Urush tugaganidan keyin yana mehmonxonaga qaytib keldi. Ammo yerto'lada o'z narsalarini saqlagan ko'plab oilalar bu yerga qaytmadi.

"Odamlar qaytib kelganida vaziyat juda tartibsiz edi. Ba'zi odamlar ularni qo'llab-quvvatlagan do'stlari yoniga ketdi. Ammo boshqa joylarda nima qilishini bilmagan va diskriminatsiya, ta'qib va zo'ravonlikka duch kelganlar ham ko’p bo’ldi. Ba’zi odamlar Sietlga umuman qaytmagani uchun narsalari qolib ketgan”, - deydi tadqiqotchi Vinsent Shleytvayler.

Mehmonxonaning hozirgi egasi Jen Jonson o’sha paytda qo'shni studiyani ijaraga olgan rassom edi. Takashi Hori bilan u o’shanda tanishgan.

"Men yerto'laga kirganimda janob Hori shu voqealarni aytib berardi. Sandiqlar turgan yerto‘lani ko‘rib, hayratga tushardim, nahotki, shular sodir bo’lgan bo’lsa, deb. Keyin janob Hori narsalarni axlat qutilariga tashlayotganini ko‘rib, “Yo‘q, janob Hori, ishingiz tugagan bo’lsa, bularni menga bering”, dedim”, - deya eslaydi Jonson.

1985 yilda u bu merosini saqlab qolish niyatida mehmonxonani sotib oldi.

"Hamma meni aqlidan ozgan ayol deb o'yladi. Muzeylarning hech biri yoki hech kim yerto'ladagi sandiqlar yoki bino, bu yerda nima borligi haqida qiziqmadi”, - deydi u.

Ammo vaqt o'tib, Panama mehmonxonasi haqidagi fikrlar o'zgardi. 2006-yilda u milliy tarixiy yodgorlik sifatida tan olindi.

"Yerto'ladagi hamma narsani hujjatlashtirish uchun ulkan grant oldik. Menimcha, bu yerda sakkiz yoki to'qqiz mingga yaqin narsa bor edi", - deydi u

Jonson mehmonxona o’rnida Yapon-Amerika muzeyini ochish harakatida. Uning aytishicha, tashrif buyuruvchilar tarixiy xonalarda tunab qolish imkoniyatiga ham ega bo’ladi. Bu yaponlar madaniyatini saqlab qolishning bir usuli, deydi u.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG