Breaking News

AQSh Xitoyning global infratuzilma loyihasiga raqobatchi dastur uchun 30 milliard dollar mablag' ajratdi


AQSh Prezidenti Jo Bayden (o'ngda) Hindiston va Saudiya Arabistoni yetakchilari bilan "Katta yigirmalik" sammitida, Nyu-Dehli, Hindiston, 2023-yil, 9-sentabr
AQSh Prezidenti Jo Bayden (o'ngda) Hindiston va Saudiya Arabistoni yetakchilari bilan "Katta yigirmalik" sammitida, Nyu-Dehli, Hindiston, 2023-yil, 9-sentabr

Bayden ma'muriyatining "Amerika Ovozi"ga aytishicha, so'nggi oylarda rivojlanayotgan mamlakatlarda infratuzilma qurish dasturi uchun AQSh davlat va xususiy manbalar yordamida 30 milliard dollardan ko’p mablag’ ajratgan.

Ammo ba'zi kuzatuvchilar fikricha, AQSh shu dastur doirasida kelasi besh yil ichida 200 milliard dollar ajratish va'dasini bajarishi qiyin bo'ladi. Global infratuzilma va investitsiyalar bo'yicha hamkorlik deb nomlangan dastur bu yil o'zining 10 yilligini nishonlayotgan Xitoyning "Bir kamar, bir yo'l" tashabbusiga raqobatchi sifatida tashkil etilgan. “Katta yettilik” guruhining boshqa aʼzolari 2027-yilgacha 400 milliard dollar yigʻishga vaʼda bergan.

Dasturning asosiy maqsadi "inklyuziv va barqaror o'sishni ta'minlash va iqtisodiy faollik va farovonlikni rag'batlantirish uchun past va o'rta daromadli mamlakatlarda infratuzilma bo'shlig'ini qisqartirish"dan iborat.

Kuzatuvchilarning ta'kidlashicha, dastur doirasida rivojlanayotgan mamlakatlarga Xitoy taklif qilganidan ko'ra yuqori sifatli infratuzilma loyihalarini taqdim etishdir.

Hindiston-Yaqin Sharq-Yevropa iqtisodiy koridori va Sahroi Kabirdagi Lobito koridorini yaratish ham ushbu dasturning bir qismi sanaladi.

AQSh, Hindiston, Saudiya Arabistoni, Birlashgan Arab Amirliklari, Fransiya, Germaniya, Italiya va Yevropa Ittifoqi Hindiston-Yaqin Sharq-Yevropa iqtisodiy koridori asoschilari hisoblanadi. Ular Hindiston va Yevropa o‘rtasida BAA, Saudiya Arabistoni, Iordaniya va Isroil orqali temir yo‘l liniyalari, portlari hamda dengiz osti kabellarini barpo qilishni ko’zlamoqda.

Lobito koridori Kongo Demokratik Respublikasi va Zambiyani yangi transport infratuzilmasi orqali Angolaning Lobito porti bilan bog‘laydi.

Strategik va xalqaro tadqiqotlar markazi xodimi Erin Merfi sentabr oyi oxirida “Amerika Ovozi”ga Lobito koridori eng katta salohiyatga ega ekanligini aytgan edi.

"Bu Afrika mamlakatlariga kerak bo'lgan narsa; xarita va uni amalga oshirishning texnik-iqtisodiy asoslari mantiqiy", - deydi Merfi.

AQSh Davlat departamentining dastur boʻyicha maxsus koordinatori vazifasini bajaruvchi Xelayna Matza 12-oktabr kuni “Amerika Ovozi”ga electron pochta orqali yuborgan xabarida aytishicha, bu yilgi “Katta yettilik” va “Katta yigirmalik” sammitlarida Global infratuzilma va investitsiyalar bo'yicha hamkorlik dasturi alohida muhokama qilingan.

Boston universiteti tadqiqotchisi Oyintarelado Mosesning aytishicha, AQShning dasturdagi hissasini 2027-yilga borib 200 milliard dollarga yetkazish uchun Bayden ma'muriyati xususiy mablag'larni ko’proq jalb qilishi kerak bo’ladi.

" AQSh hukumati dasturda xususiy sektorni sug'urta polisi va kafolatlari bilan ta'minlash orqali qo'llab-quvvatlash yo'llari haqida ko'proq o'ylashi kerak", - deydi u.

Kuzatuvchilarga ko’ra, dasturga ko'proq xususiy kapitalni jalb qilishda yordam berishi mumkin bo’lgan ishlardan biri infratuzilma loyihalarining iqtisodiy, ijtimoiy va ekologik barqarorligini va iqlimga chidamliligini tasdiqlab beruvchi “Blue Dot Network” (BDN) tarmog’idir.

Yaponiya, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Ispaniyani o'z ichiga olgan, asosan AQSh tomonidan moliyalashtiriladigan bu tarmoq 2019-yilda ishga tushirilgan va 2021-yilda Global infratuzilma va investitsiyalar bo'yicha hamkorlik dasturiga kiritilgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG