Qo'shma Shtatlarda o'rtacha yosh 39 atrofida, ammo mamlakatni 80 dan oshgan kishi boshqarmoqda. Nafaqat Oq uyda, balki Kongressdagi liderlar ham eng keksa fuqarolar qatorida.
Prezident Jo Bayden 80 yoshda. Prezidentlikka qayta saylanish umidida yurgan Donald Tramp 77 yoshda. Senatorlarning o'rtacha yoshi 64 da.
Senatda respublikachilar sardori Mitch Makkonnell 81 yoshda. Yaqinda olamdan o'tgan demokrat senator Dayan Faytstayn 90 yoshda edi. Kasalmand bo'lishiga qaramay qonunchilikdan ketmadi.
"Siyosatga kirgan odam uni tark etishi qiyin, ayniqsa agar qudratli mansablarni egallasa. Imkon qadar uzoqroq o'tirishni xohlasa, qudratsiz hayotni tasavvur qila olishmaydi",- deydi Sheldon Jekobson, Illinoys universiteti professori.
“Yoshim bir joyga yetdi, ketsam bo'ladi, deya qaror qilish hammaning ham qo'lidan kelavermaydi".
2022-yilda o'tkazilgan ommaviy so'rovdan ma'lumki, amerikaliklarning 58 foiziga ko'ra, xalq saylaydigan rahbarlar qari deb chetga surilmasligi kerak. 39 foiz amerikaliklar fikricha esa 70 yoshdan oshganlar nomzodini qo'ya olmasligi kerak.
“Keksayishni standartlashtira olmaysiz. Har bir yoshda odamning o'ziga xos ustunliklari va zaifliklari bo'ladi", - deydi Keysi Braun, Jorjtaun universiteti professori.
"Lider bo'lish uchun bu odam qari, deyish mantiqdan emas".
Lekin keksayish aqliy qobiliyatlarni pasaytiradi. Bu ilmiy jihatdan isbotlangan, deydi Braun.
Olima deydiki, yosh o'tgan sari xotira, hisob-kitob va tahlil qilish kabi ko'nikmalar, hayotiy tajriba qanchalik boy va kuchli bo'lmasin, orqaga keta boshlaydi. Inson ularni yo'qotmaslik uchun o'z ustida qattiq ishlashi, jismoniy va ruhiy salomatligiga e'tiborni oshirishi kerak.
Izlanishlar natijasiga ko'ra, Amerikada 70 yoshdan oshganlarning 10 foizi xotirasi qaysidir darajada zaiflashgan odamlardir.
Bayden - Amerika ko'rgan eng keksa prezident. Saylanganida 78 yoshda edi. Tramp saylanganida 70 yoshda edi. Ulargacha eng qari rahbar deb Ronald Reygan tilga olingan. Prezidentlikka kelganida 69 yoshda bo'lgan.
AQShda prezidentlikka nomzod kamida 35 yoshda bo'lishi shart. Vakillar palatasiga saylanishni xohlasangiz, kamida 25 yoshda, Senatga esa 30 yoshda bo'lishingiz kerak. Yosh bo'yicha boshqa cheklov yo'q, ya'ni oddiy qilib aytganda, umringizning oxirigacha harakat qilsangiz bo'ladi.
"Bayden prezidentlikka qayta saylansa, qasamyod marosimida 82 yoshda bo'ladi. Bunaqasi hali bo'lmagan. Lekin uni saylash yoki saylamaslik saylovchi qo'lida”, - deydi Jekobson.
Keksalikni cheklash, ya'ni Oq uyda va Kongressda muayyan yoshdan keyin o'rinni bo'shatasiz deya talab qo'yish samara bermaydi, chunki bu kamsitish hisoblanishi mumkin, qolaversa, qonunchilar orasida bunday taklif o'tmaydi.
Respublikachi senator Mitt Romni, prezidentlikka sobiq nomzod 76 yoshda. 2025-yilda, ya'ni kelasi yilgi saylovdan keyin u nafaqaga chiqmoqchi. O'rnini yoshlarga bermoqchi.
"Men kabilar yoshlarga yo'l berishi kerak", - deydi u. Lekin bu qarori bilan ham Romni 78 yoshgacha ishlamoqchi.
Gap shundaki, deydi olimlar, amerikaliklar bugunga kelib uzoqroq umr ko'rmoqda. 2021-yilda mamlakatda yoshi 100 dan oshganlar qariyb 90 mingni tashkil etayotgan edi. 20 yil oldin bunday 45 ming nafar atrofida edi.
Keksa yoshdagilar bugun har doimgidan sog'lomroq va o'ziga qarash imkoniyatiga ega. Moliyaviy, shuningdek, ijtimoiy-madaniy jihatdan ham ularning sharoiti oldingi avlodlarga qaraganda mustahkamroq, deydi ekspertlar.
Ular keng kuzatiladigan holatga urg'u beradi: yosh o'tgan sari odam hayotiy maqsadlarini qayta ko'rib chiqadi. Siyosatda yurganlar yanayam faollashib, qariganini ko'rsatgisi kelmaydi.
“Ular yolg'izlanib qolishdan, keraksiz odamdek bo'lib qolishdan qo'rqishadi. Intellektual jihatdan yuqori, hayotining katta qismini liderliklda o'tkazgan, oldinda teran maqsadlarga ega odamlar qariganini tan olmaydi, tan olsa ham o'zini hamon salohiyatli deb hisoblaydi va ketmaydi", - deydi Braun.