Breaking News

Ukraina ichki ziddiyatlar girdobidami?


Ukraina prezidenti va qo'mondoni orasidagi ziddiyat
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:11 0:00

Ukraina prezidenti va qo'mondoni orasidagi ziddiyat

Rossiya bosqiniga qarshi urishayotgan Ukrainada ichki ziddiyatlar kuchaya boshladi. Prezident Volodimir Zelenskiy va qurolli kuchlar qo’mondoni general Valeriy Zalujniy o’rtasidagi kelishmovchiliklar qaltis oqibatlarga olib kelishidan xavotirlar oshgan.

Gap shundaki, bu ziddiyat urush ishidagi Ukraina aholisi o’ta yuqori ishonchda bo`lgan ikki shaxs o’rtasida kechmoqda. So´nggi so’rovlar ukrainlarning 80 foizi Zelenskiyga, 90 foizdan oshig’i qurolli kuchlarga ishonishini ko’rsatgan edi.

Zalujniy ukrainlar nazarida qurolli kuchlarni tamsil etuvchi asosiy qahramon. Unga nisbatan ishonch ancha kuchli. Ayrim guruhlar uni Zelenskiyning asosiy raqobatchisi sifatida ham ko’rishadi. Ukrainadagi bu ikki lider o´rtasidagi taranglikka frontdagi vaziyat sabab bo’ldi, aniqrog’i, bu vaziyatni kim qanday baholashi.

Prezident Zelenskiy Ukraina harbiy trening markazida, 3-noyabr, 2023
Prezident Zelenskiy Ukraina harbiy trening markazida, 3-noyabr, 2023

Zalujniy Britaniya matbuotidagi chiqishida urush taqdiri boshi berk ko’chada, deya so'zlagan. Bu G’arbni Ukraina g’alabasiga ishontirishga, shu orqali harbiy yordam hajmini ko’paytirishga urinayotgan Zelenskiy uchun kutilmagan zarba bo’ldi deyish mumkin.

Ukraina armiyasini qarshi hujumi tanqidlarga tutib kelinayotgan bir manzarada frontdagi vaziyat uchun bevosita mas’ul bo’lgan bosh qo’mondonning urush taqdiriga doir bunday ochiq bayonoti Ukrainada, xorijda ham ko’pchilikni jiddiy sergaklantirdi.

Garchi Zelenskiy Zalujniy bayonotini inkor qilib, vaziyat boshi berk ko’chada emasligi, g’alabaga ishonch yo’qolmaganini ta’kidlab chiqqan bo’lsada, aksariyat ukrainlarda, xorijdagilarda ham general fikrlari shubha uyg’otmadi.

Bu mojaro ortidan Zelenskiy yana bir qaror qabul qildi, Mudofaa vazirligi tarkibidagi Maxsus amaliyot kuchlari qo´mondoni Viktor Xorenkoni lavozimidan ozod qildi.

General Valeriy Zalujniy Prezident Zelenskiy bilan, Dnepr, 27-iyul, 2023
General Valeriy Zalujniy Prezident Zelenskiy bilan, Dnepr, 27-iyul, 2023

Xorenkoning lavozimidan ozod qilinishi Qurolli kuchlar qo´mondoni general Zalujniy bilan maslahatlashmasdan amalga oshirilgani ziddiyat davomiyligidan darak sifatida baholanyapti.

Kuni kecha general Zalujniyning yordamchisi mayor Gennadiy Chestnyakov o’z uyida tug’ilgan kuniga sovg’a qilingan bombaning portlashidan halok bo’ldi, politsiyaning dastlabki xulosasiga ko’ra bu ehtiyotsizlik oqibatida sodir bo’lgan halokat.

Ammo bu tasodif prezident va general o’rtasida taranglik ketayotgan bir paytda kuzatilgani turli shubhali taassurotlarni ham yuzaga chiqardi. Qo´mondon Zalujniyning frontdagi vaziyatga doir bayonoti yuzasidan boshqa bir farazlar ham bor.

Bu farazlarga ko’ra, general o’z ittifoqchilariga ayni paytda Ukraina armiyasidagi mavjud qurol- aslahalar bilan g´alabaga erishish mumkin emasligini yetkazmoqchi, kuchli harbiy qurollar berishdan tiyilayotgan davlatlarni ikkilanmaslikka, aks holda kech bo’lishi mumkinligiga chaqirmoqda.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG