Breaking News

Ukrainadagi urush atrof-muhitga milliardlab dollarlik ziyon yetkazgan


Ukrainadagi urush – ekologik ofat hamdir
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:37 0:00

Ukraina rasmiylariga ko’ra, Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi natijasida atrof-muhitga yetkazilgan zarar taxminan 56 milliard dollarni tashkil etadi. Kaxovka to'g'onidagi portlash eng dahshatli falokatlardan biri deb baholanmoqda.

Tabiat muhofazasi faoli Yuliya Marxel Ingulets daryosidan suv namunalarini olyapti. Iyun oyida daryodagi Kaxovka to‘g‘oni portlatilgan edi.

Kiyev to’g’on portlashida Rossiyani ayblagan. Moskva buni inkor etadi. Portlashning zarari katta.

“Kaxovka toʻgʻonidan suv 200 kilometr uzoqlikkacha tarqaldi, 80 ta qishloq va shaharni bosdi. Yaqin atrofdagi kichik daryolarda suv sathi ko'tarildi. Snigurovkada Ingulets daryosi kengligi odatda 60 metr. Portlashdan keyin bir yarim kilometrgacha kengaydi”, - deydi Marxel.

"Let's do it Ukraine" jamoat tashkiloti a’zolari Kaxovka to'g'oni zararini o’rganish uchun allaqachon uch marta ekspeditsiya uyushtirdi. Fojianing asl ko‘lamini aniqlash qiyin, deydi ular.

“Suvdan namunalarini olamiz, zaharli moddalar bormi-yo’qmi, tekshiramiz. Tekshiruvdan so'ng bilamiz portlashning atrof-muhit, suv hayvonlari va chuchuk suv manbalariga ta’sirini. Dnepr daryosining narigi qirg'og'ini ham o’rganishimiz kerak. Lekin bu hudud hozir ruslar nazoratida”, - deydi tashkilot rahbari.

Ba'zi suv namunalari muzlatilgan. Ular qo'shimcha tadqiqotlar uchun Yevropa laboratoriyalariga yuboriladi. Ukraina olimlari suvda og‘ir metallar borligini aniqlagan.

“Ekologik nuqtai nazaridan suvdagi bunday moddalar miqdori maksimal normadan oshib ketgan. Ular nafaqat zaharli, balki kanserogen hamdir. Ular inson organizmida to‘planib, saraton kasalligini keltirib chiqarishi mumkin”, - deydi Ukraina dengiz ekologiyasi ilmiy markazi vakili Yuriy Oleynik.

Ayrimlar to‘g‘on portlashini Chernobil fojiasidan keyin Yevropadagi ikkinchi eng dahshatli falokat deb baholaydi. Ukraina Bosh prokuraturasi to‘g‘on vayron qilinganini ekotsid deb atagan.

“Milliy qonunchiligimizga ko‘ra, o‘simlik va hayvonot dunyosining ommaviy yo’q qilinishi, havo va suvning ifloslanishi ekologik halokatga olib kelsa, bu ekotsiddir. Atrof-muhitga zarar yetkazishning chegarasi, fuqaroligi, millati yo‘q. Kaxovka to'g'onidagi kabi hodisalar transchegaraviy ta’sirga ega”, - deydi Ukraina Bosh prokurori maslahatchisi Maksim Popov.

Ukraina ekotsidni jinoyat deb baholash tarafdori va buni xalqaro jinoyat deb belgilash uchun xalqaro ekologik tashkilotlar bilan ishlamoqda.

“Xalqaro jinoyatlar qatoriga kiritishga intilyapmiz, chunki Xalqaro jinoiy sud bor. Uning oldida hatto davlat rahbalari ham immunitetga ega emas. Shu yoʻl bilan maqsadga erishish mumkin, odamlar buni jiddiy qabul qilishi mumkin, chunki eng og'ir jinoyatlar aynan shu sudda ko’rib chiqiladi”, - deydi “Ekotsidni to'xtating” xalqaro tashkiloti vakili Jojo Mehta.

Urush natijasida atrof-muhitga yetkazilgan zararning dastlabki qiymati 56 milliard dollar. Faollar ta'kidlaydiki, ekologiyani o’nglash uchun yillar kerak bo’ladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG