Breaking News

Aksariyat amerikaliklar o'lim jazosiga qarshi


Missuri shtatidagi qamoqxonada o'lim jazosi ijro etiladigan xona, 12-aprel, 2005
Missuri shtatidagi qamoqxonada o'lim jazosi ijro etiladigan xona, 12-aprel, 2005

Ommaviy so'rovlar natijasiga ko'ra, aksariyat amerikaliklar hozirga kelib, o'lim jazosiga qarshi. Mamlakat bo'ylab izlanishlardan aniqki, ko'pchilik bu jazo adolatli va to'g'ri qo'llanmaydi degan xulosaga kelgan.

Biroq bu bilan oliy jazo turi federal miqyosda o'zgarmagan. AQSh hamon o'lim jazosi amalda qolayotgan davlatlardan biri.

Nebraska universitetidan tadqiqotchi Erik Berger deydiki, oliy jazo turi yandilanadi degan umid keng.

"Mazarimda, qatl etilish ko'lami torayib boraveradi, ammo uni butkul bekor qilishmasa kerak".

2023-yilda Amerikada 24 mahkumga o'lim jazosi qo'llanilgan, ya'ni ular qamoqxonalarda qatl etilgan.

Bu yil, shuningdek, 21 kishi oliy jazoga loyiq topilgan.

O'lim ijrosi va unga hukm yillardan beri kamayib bormoqda, Deyarli 10 yildan beri son faqat pasaymoqda, deya tasdiqlaydi Vashingtonda bu jarayonni monitoring qiladigan markaz.

Texas, Florida, Missuri, Oklaxoma va Alabama — bu yili mahkumlar qatl etilgan besh shtat.

Yetakchi ekspert Robin Maer monitoring markazini boshqaradi. Tashkilot - xolis, ya'ni o'lim jazosi yuzasidan biror tarafda emas, faqat ma'lumot to'plash va tahlil qilish bilan mashg'ul.

"Bu jazoni qo'llayotgan va quvvatlayotgan shtatlar ozayib bormoqda", - deydi Maer.

"Gallup" tadqiqot markazi o'tkazgan so'rovlarda amerikaliklarning qoq yarmi o'lim jazosi belgilanganidek ijro etilmaydi, degan fikr bildirgan.

1975-yildan beri o'limga mahkum etilgan 200 ga yaqin amerikalik oqlangan, jumladan bu yilning o'zida uch nafari. Bu holatlar AQSh huquq tartibot va adliya tizimiga ishonchni pasaytirgan.

Hatto bu jazoning eng ashaddiy tarafdorlari bo'lmish konservatorlar, ya'ni respublikachilar ham islohotlar zarurligini tan oladi.

Lekin Alabama, Florida, Oklaxoma va Texas kabi shtatlarda o'lim jazosiga xayrixohlar hamon talay.

Florida gubernatori, prezidentlikka da'vogar Ron Desantis yaqinda bu jazoni mustahkamlovchi ikki qonunga imzo chekdi.

Biriga ko'ra, bolalarni jinsiy zo'rlaganlikda aybdor deb topilganlar ham o'lim jazosiga munosib ko'rilishi mumkin.

Ikkinchisiga ko'ra esa shtatda kimnidir o'limga loyiq topish uchun sud hay'atining hamma a'zolari ko'nishi shart emas.

"Dahshatli jinoyatni amalga oshirgan odam oliy jazoga, o'limga mahkum etilishi shart", - deydi Desantis.

Hozirda o'lim jazosi ukol orqali ijro etiladi. 2024-yildan boshlab, Alabama shtatida azot gazi qo'llash yo'lga qo'yilmoqda.

Aydaxo shtati esa otib o'ldirishni ma'qul ko'ruvchi besh shtatdan biri. Oxirgi marta Amerikada 2010-yilda bunday usul ishlatilgan.

29 shtatda o'lim jazosi mutlaq bekor qilingan.

Virjiniya shtatidagi Richmond universitetidan Korinna Leyn taxminicha, bunday shtatlar soni yaqin kelajakda 40 taga yetadi. Biroq federal miqyosda uni olib tashlash uchun Oliy sud chora ko'rishi kerak. Bu sud kamdan-kam hollarda shtatlardagi jarayonlarga aralashadi.

Texas - AQShda eng ko'p mahkum qatl etiladigan shtat. U yerda ham debatlar avj olgan.

Ruhan kasalmand odamlarni bunday jazoga hukm etmaslik kerak, degan takliflar Texas qonunchilari tomonidan hozircha ma'qullanmagan.

Respublikachi vakil Jeff Lich deydiki, uning shtati adolatni ta'minlash uchun o'lim jazosi kerak deb hisoblaydi.

"Lekin jinoyatni amalga oshirgan paytda psixologik jihatdan nosog'lom bo'lgan odamlarni qatl etishga qarshiman", - deydi Lich.

Demak, Texasda ham yaqin yillarda o'zgarishlar bo'ladi, deydi tadqiqotchi Erik Berger.

"Butunlay voz kechilmasligi aniq, ammo aynan kimlarga o'lim buyurilishi yuzasidan yangiliklar bo'ladi", - deydi Berger.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG