Breaking News

Bibi Maryam siymosidagi Putin yoxud san'at asarlarida rus propagandasi


Yaqinda “Facebook” ijtimoiy tarmog’ida Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning Bibi Maryam siymosida va qahramon yetakchi qiyofasida aks etgan surati keng tarqaldi. Yuzlab odamlar suratni bo’lishgan.

Surat Rossiyaning Mordoviya Respublikasi Madaniyat va milliy siyosat vazirligining reklamasiga o'xshaydi. Unda "O’, rus o'lkasi!" deb nomlangan badiiy ko'rgazma reklama qilingan. Afishada 2021-yil 1-aprel – 30-may kunlari Mordoviya San’at muzeyida Rossiya xalq rassomi Vasiliy Nesterenkoning asarlari taqdimoti bo’lib o’tishi aytiladi.

Posterda 16-asrda yashagan shahzoda va harbiy yetakchi Dmitriy Pojarskiyning surati o’rnida Putin aks etgan. Pojarskiyning ortida Bibi Maryamning o’rnida ham yana Putinning yuzi tushirilgan.

Qalbaki posterda 16-asrda yashagan shahzoda va harbiy yetakchi Dmitriy Pojarskiyning surati o’rnida Putin aks etgan
Qalbaki posterda 16-asrda yashagan shahzoda va harbiy yetakchi Dmitriy Pojarskiyning surati o’rnida Putin aks etgan

"Amerika Ovozi"ning POLYGRAPH.info faktlarni tekshirish tarmog'i aniqlashicha, ko'rgazma haqiqatan Mordoviyada bo'lib o'tgan. Ochilish marosimi Rossiya Madaniyat vazirligi sayti orqali jonli efirda namoyish etilgan.

Lekin asl suratda Putin emas, balki 16-asrda Polsha-Moskva urushida g'alaba qozongan va Moskvani ozod etgan shahzoda va qo’mondon Dmitriy Pojarskiy va bir qo’lida go’dak Isoni ushlab turgan Bibi Maryam aks etgan.

“Facebook”da esa ko’pchilik suratni haqiqiy deb qabul qilgan. Sabab shuki, xalq rassomi Vasiliy Nesterenko o’z asarlarida Putin va uning siyosati, davrini ulug’laydi.

Nesterenkoning san'at asarlariga Rossiyaning eng nufuzli muzeylari, Kremldagi Putinning idorasi va yana boshqa katta dargohlarda ko’zingiz tushishi mumkin. Uning suratlarida Putin va Rossiyaning boshqa amaldorlari, harbiylari qahramonona gavdalanadi.

Yuqoridagi asarning originali
Yuqoridagi asarning originali

Masalan, ba’zi rasmlarda Suriya tinch aholisini qutqarayotgan rus askarlari aks etgan bo’lsa, boshqalarida Kiyevda Rossiyani ukrainalik "natsistlar"dan himoya qilayotgan rus jangchilari tasvirlangan.

“Rossiya armiyasi Suriyada ham, Ukrainada ham harbiy jinoyatlarda ayblangan. Ukrainadagi "natsistlar" bu Kremlning ixtirosi”, - deb yozadi Polygraph.info.

Nesterenkoning asarlari maktab va universitet o’quv darsliklaridan ham o’rin olgan, xususan bosib olingan hududlarda.

Rossiya Mudofaa vaziri Sergey Shoyguning buyrug'i va homiyligida qurilgan Rossiya Qurolli kuchlarining bosh cherkovida ham Nesterenkoning ijodini ko’rish mumkin. Devorlarida Rossiyaning harbiy qudrati, tarixiy g'alabalari, jumladan, 2014-yilda Qrim yarimorolining anneksiya qilinishi aks etgan.

Putin qatori Shoygu ham sobor devorlaridan joy olgan.

Nesterenko bu san’at asarlari uchun "Shon-sharaf" va "Do'stlik" ordenlari bilan mufokotlangan. Undan tashqari, Rossiya Federal xavfsizlik xizmati, Rossiya Mudofaa vazirligi va rus pravoslav cherkovi ham ijodkorni “Rossiya fuqarolarini vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga qo'shgan katta hissasi" uchun qator mukofotlar bilan taqdirlagan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG