AQSh Mudofaa vaziri Lloyd Ostin prostata rakiga uchragan va uning bir necha kundan beri kasalxonada yotganining sababi shu, deya tasdiqlamoqda shifokorlar.
Vashington yaqinidagi Volter Rid Milliy harbiy tibbiy markazida davolanayotgan Ostin 22-dekabrda jarrohlik amaliyotini boshdan kechirib, ertasiga uyga qaytgan. Oradan bir hafta o'tib, 1-yanvarda, bemorning siydik yo'lida infeksiya aniqlangach, kasalxonaga qaytgan.
70 yoshli vazirning ayni damdagi ahvoli xavotirli emas va tuzalib ketish ehtimoli o'ta yuqori, deyiladi Volter Rid bayonotida.
Lekin Pentagon rahbari kasalligi, operatsiya va undan keyingi holati haqida Oq uyga va hatto o'z o'rinbosarlariga ham vaqtida xabar bermagan.
Kongressning ayrim a'zolari, xususan respublikachilar uni keskin tanqid ostiga olib, Ostinni ishdan olishni talab qilmoqda.
Masala yuzasidan tekshiruv boshlagan Oq uyga ko'ra, Ostin lavozimida qoladi. Vazir Prezident Jo Bayden bilan aloqada.
Ostinning rakka uchragani dekabr oyi boshida ayon bo'lgan, lekin bu haqda rahbariyatga bildirilmagan.
Pentagon rahbari AQShning prezidentdan keyingi o'rindagi bosh qo'mondoni ekan, uning hayoti, salomatligi, har bir harakati- davlat xavfsizligi darajasidagi masala.
Ostin o'tgan hafta chiqargan qisqa bayonotida ahvoli haqida darhol xabar bermagani uchun o'zi shaxsan javob berishga tayyorligini aytgan, ammo biror mahal vazifasidan uzoqlashmaganini, ayrim majlislarni o'rinbosari o'tkazganini qayd etgan.
Lekin tekshiruvlar shuni ko'rsatganki, Ostinning muovinlari, vazirlikda eng yuqori o'rinlarda o'tiradiganlar ham uning jiddiy kasal ekanini bilmagan.
Vazir kasalxonada ekani yuzasidan Oq uyga 4-yanvargacha ma'lumot berilmagan.
Kongress a'zolari uning ahvoli haqida Pentagondan shu hafta ma'lumot olgan.
Deyarli ikki hafta mobaynida vazirlik bu masalada mavhumlikda ishlagan.