Breaking News

Nyu-York meri Bruklin ko'prigida savdo qilishni taqiqladi


Bruklin ko'prigi ustida savdo qilish taqiqlandi
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:13 0:00

Yangi yil Nyu-Yorkning Bruklin ko'prigidagi sotuvchilar uchun qiyin boshlandi, chunki ularga o'z mahsulotlarini ko’prik ustida sotishni taqiqlovchi yangi qoidalar yaqinda kuchga kirdi. Ular endi qayerga borishni bilmay boshlari qotgan.

Bruklin ko'prigi ilgari shunday ko'rinishda bo’lgan: beysbol shapkalari, o'yinchoqlar, sumkalar va yeguliklar rastalari. Endi esa unday emas. Shahar yaqinda sotuvchilarga tarixiy va mashhur sayyohlik yo'lakchasidan foydalanishni taqiqlovchi yangi qoidani kuchga kiritdi.

Metropolitan Transport idorasi ma'lumotiga ko'ra, har kuni 10 mingga yaqin odam Bruklin ko'prigidan o'tadi. Dam olish kunlari va bayramlarda bu raqam 30 mingga yetadi. Rasmiylarga ko’ra, so’nggi yillarda sotuvchilar soni ham ko’paygan. Shahar meri Erik Adams chora ko’rishga majbur bo’lganini aytadi.

“Bu jamoat xavfsizligi muammosi! Odamlar ko'prikdan velosiped yo'liga o’tib ketishyapti, chunki yo’l tiqilinch”, - deydi u.

MD Rahmon 2008-yildan beri Bruklin ko'prigida Nyu-York shahar sog'liqni saqlash va ruhiy gigiena departamenti tomonidan berilgan litsenziya asosida xot-dog sotadi.

“Men hayotimni davom ettirishga harakat qilyapman! Kommunal to’lovlarimni to'lash ilinjidaman. Ishdan ayrilsam, ikki farzandim nima qiladi? Xotinim va menchi?” – deya so’raydi u.

Patrik Delamor sotuvchi va sobiq harbiy. Sotuvchi litsenziyasini olishda harbiy xizmat o’taganlarga imtiyoz beriladi.

“Shahar hokimi faxriylarning yagona tirikchilik imkoniyatini yo’qqa chiqarmoqda. Men-ku omon qolaman, lekin ba’zi veteranlar urush va janglar tufayli og’ir ruhiy jarohatlarga ega. Hokim ularni yagona tirikchiligidan ayirmoqda”, - deydi u.

Muhammad Attia ham ko‘cha sotuvchisi bo‘lgan. Bugun u “Street Vendor Project” kompaniyasining boshqaruvchi direktori. Uning maqsadi mer Adamsning qarorini bekor qilishga erishish.

"Biz odamlardan boshqa joylarni topishni so’rayapmiz. Biz odamlarga yangi qonuniy manzillarni topishga yordam berishimiz mumkin", - deydi u.

Suvenirlar sotuvchi Gyatso Lama ko’chmaslikdan umidvor. Uning aravasi rasmiy taqiq qo’yilgan zonadan tashqarida joylashgan.

“Amerikaga 1998-yilda kelganman. Bir yil boshqa joylarda ishladim. O'shandan beri shu yerda ishlayman. Men qattiq mehnat qilaman, bolalarimni boqaman - uch o'g'limni kollejda yo’l bilan o’qitdim”, - deydi u.

15 nafar ko'cha sotuvchisi, jumladan, faxriylar va nogironlar ko’prikda savdo qilish taqiqlanishi ortidan shahar ma'muriyatini sudga berdi. Ularning ta'kidlashicha, nogironlarning ishlashiga to'sqinlik qilish Nyu-York shtati qonunlarini buzadi.

Yangi tartib nafaqat Bruklin ko'prigi, balki Transport departamenti tomonidan boshqariladigan barcha 789 ko'prikka tegishli.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG