Breaking News

Tergov: Nyu-Yorkda topilgan jasad o’zbekistonlikka tegishli


Nyu-York: Bruklin tumanidan Manxettan tomon nazar
Nyu-York: Bruklin tumanidan Manxettan tomon nazar

Federal qidiruv byurosi Nyu-York shtatining shimoliy qismida joylashgan Ellenvil shahridagi hovlida ko’milgan jasad bilan bog’liq jinoyatni ochish payida.

Tovlamachilik jinoyati sodir qilganlikda gumonlanayotgan ikki shaxsdan birini qo’lga olish ortidan bu jasad Nyu-York shahrida yashagan o’zbekistonlik Shehroz Tohirovga tegishli ekani aniqlangan.

Bruklin tumanida istiqomat qilgan 43 yashar Tohirov 2022-yilning 26-iyunida bedarak ketgan.

Prokuratura bayonotiga ko’ra, jasad otib o’ldirilgan shaxsniki va bu qotillik 2022-yil aynan Tohirov yo’qolgan kuni sodir etilgan.

“New York Daily News” gazetasining Nyu-York sudi hujjatlariga tayanib yoritishicha, qo’lga olingan Shlomo Patchiyev va uning hozirda mamlakatdan qochib ketgan sherigi yo’qolishidan oldin Tohirov bilan qimmat soatlar savdosi yuzasidan uchrashgan.

Maqolada keltirilishicha shundan keyin Patchiyev va sherigi Tohirovdan 500 ming dollar talab qilishgan.

Shehroz Tohirov yo’qolgan kuni Patchiyev va sherigi uning bo’ynidagi qarz degan ana shu mablag’ning bir qismini to’lash maqsadida chiqib, qaytmagan.

Qidiruv-surishtiruv xulosasida keltirillishicha, Tohirov 25-iyun kuni ertalab uyidan qo’lida qora sumkada 100 ming dollar atrofida naqd pul bilan uyidan chiqqan. Tergovda aniqlanishicha, u Patchiyevning sherigiga ana shu mablag’ni, bank hisobidan yechilgan yana 30 ming dollar pul va “Mersedes-Benz” rusumli avtomashinasini berib, ikki biznes sherigini tinchlantirishga umid qilgan.

Surishtiruv davomida kuzatuv kameralari va bank yozuvlari tekshirilib, uning kun davomidagi harakati aniqlangan.

Yo’qolgan kuni u Patchiyevning sherigi bilan Bruklindagi notarius idorasiga tashrif buyurib, mavjud qarzini o’sha kuni soat 23:59 ga qadar qaytarmasa, “Mersedes-Benz” rusumidagi avtoulovini gumonlanuvchilarning birini nomiga o’tkazilishi haqidagi hujjatga imzo chekkan.

Tohirov, shuningdek, Patchyevning sherigiga shu kuni 20 ming dollarlik bank cheki va 10 ming dollar naqd pul bergan.

O‘sha kuni kechki soat 17:40 larda Patchiyevning sherigi Pensilvaniya shtatining Xantington shahriga borib, 2500 dollarga “Malibu” avtomashinasini sotib olgan.

Taxminan uch soat o'tgach, Patchiyevning sherigi Bruklinda ikkita katta sumka sotib olayotgani kuzatuv videokameralariga tushgan.

Anonim shaxsning buyurtmasiga asosan 26-iyunda evakuator Bruklindagi “Malibu”ni Ellenvildagi hovliga yetkazgan.

Guvohlar Patchiyevning sherigi mashinaning orqa oynasinini bolg'a bilan sindirib ochganini ko'rishgan. Gumonlanuvchi mashina ichidan hujjatlar, axlat va asbob-anjomlarni olib chiqqan.

Mashina ichini va uning ichidan tushirilgan anjomlarni hovlida yuvgan.

Patchiyev sherigi 27-iyun kuni aviachipta sotib olgan va keyingi kun “Turk havo yo‘llari” reysi bilan Jon Kennedi nomidagi Nyu-York xalqaro aeroportidan Gruziyaga uchib ketgan.

Aeroportda bu shaxsning yonidagi 26 ming 500 dollar pul va uyali telefon olib qo’yilgan. Telefon apparati tekshirilganda unda ikki gumonlanuvchi va jabrlanuvchi o’rtasidagi yozishmalari chiqqan. Jabrlanuvchi imzolagan notarius hujjatining fotonusxasi va katta miqdordagi naqd pulning videotasvirlari ham bo’lgan.

Tergovchilar “Malibu”dan topilgan qon izlari Tohirovnikiga mos ekanini aniqlagan.

21-fevral kuni federal agentlar Bruklindan qariyb 200 kilometr olisdagi Ellenvil shahrida joylashgan uyning orqa hovlisida ikkita katta sumkaga joylab ko’milgan jasadni topishgan. Bu sumkalar Gruziyaga uchib ketgan gumonlanuvchining o’tgan yili 25-iyun kuni Bruklindan sotib olgan sumkalari bilan bir xil. U yerdan, shuningdek, Tohirov yo’qolgan kuni egnida bo’lganga o’xshash kiyim-kechaklar ham chiqqan.

Patchiyev jinoyatni yashirgan va qotillikka aloqador odam, deya bildiradi prokuratura. Ammo sud nazarida dalillar yetarli emas. Shu bois Patchiyev hozirda garov evaziga qo’yib yuborilgan.

Shehroz Tohirovning Nyu-Yorkda yashovchi yaqinlari “Amerika Ovozi” murojaatiga mahalliy matbuotdagi xabarlar prokuratura hujjatlari asosida yoritilganini aytib, qo’shimchalari yo’qligini bildirdi.

Tohirovni yaqindan taniqan vatandoshi jasad yaqin kunlarda dafn etish uchun oilasiga berilishini aytgan.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG