Breaking News

Saudiya Arabistonida alkogol do'koni ochildi


Saudiya Arabistonida oxirgi 70 yil ichida birinchi marta spirtli ichimliklar do'koni ochildi. Islomdagi eng muqaddas dargohlarni o’z ichiga oluvchi va ultrakonservativ qirollik deya ko’riluvchi mamlakatda yuz bergan bu voqea hukumatning ijtimoiy liberallashuv sari tashlagan bir qadami sifatida baholanmoqda.

Riyoddagi doʻkon musulmon boʻlmagan diplomatlar uchun cheklangan boʻlsa-da, Saudiya Arabistonining valiahd shahzodasi Muhammad bin Salmon mamlakat iqtisodiyotini neftdan boshqa sohalar hisobiga kengaytirish hamda qirollikni turizm va biznes markaziga aylantirish niyatida.

Lekin 2018-yilda “Washington Post” nashri sharhlovchisi Jamol Qoshiqchining o'ldirilishidan keyin shahzodaning xalqaro obro'siga jiddiy putur yetdi.

Do‘kon Riyodning Diplomatik kvartalidagi supermarket yonida joylashgan, dedi Saudiya Arabistonida ijtimoiy ahamiyatga ega mavzuni muhokama qilish uchun ismini oshkor qilmaslik sharti bilan gapirgan diplomat. Diplomat chorshanba kuni do‘konni aylanib chiqqan va unga ko’ra, do’kon yirik xalqaro aeroportlardagi boj olinmaydigan yuqori darajadagi savdo maskaniga o’xshaydi.

Saudiya Arabistoni rasmiylari do‘kon bo‘yicha izoh so’rab yuborilgan murojaatga javob bermadi.

Saudiya Arabistonining hukumatga aloqador “Arab News” gazetasi qirollikdagi diplomatlarga spirtli ichimliklar sotishni tartibga soluvchi yangi qoidalar haqida yaqinda xabar chiqargan edi.

Qoidalar dushanba kuni kuchga kirdi, deya xabar beradi gazeta.

Ko'p yillar davomida diplomatlarga diplomatik dargohlarda iste'mol qilish uchun qirollikka maxsus xizmat orqali spirtli ichimliklarni olib kirishga ruxsat berilgan.

AQSh Davlat departamentining ogohlantirishicha, uyida spirtli ichimliklarni iste'mol qilgani uchun hibsga olingan va sudlanganlar "uzoq qamoq jazosi, og'ir jarimalar, ommaviy kaltaklash va deportatsiya" bilan yuzlashishi mumkin.

Spirtli ichimliklar ichish islomda harom qilingan. Saudiya Arabistoni qo‘shnisi Quvayt va Birlashgan Arab Amirliklaridagi Sharja bilan bir qatorda spirtli ichimliklarni taqiqlagan dunyodagi kam sonli davlatlardan biri bo‘lib qolmoqda.

Saudiya Arabistoni 1950-yillarning boshidan beri spirtli ichimliklarni taqiqlagan. Saudiya Arabistonining asoschisi bo‘lgan va o‘sha paytdagi qirol Abdulaziz 1951-yilda o‘g‘illaridan biri shahzoda Mishari mast holatda Jidda shahrida Britaniya vitse-konsuli Kiril Usmonni o‘ldirib qo’yishi ortidan spirtli ichimliklar savdosini to‘xtatgan edi.

Valiahd shahzoda Muhammad va uning otasi qirol Salmon davrida qirollik kinoteatrlar ochdi, ayollarga mashina haydashga ruxsat berdi va yirik musiqa festivallariga mezbonlik qildi. Ammo siyosiy da’vat va hukumatga muxolif bo’lish o'lim jazosigacha olib boradigan katta jinoyat hisoblanadi.

Saudiya Arabistoni Neom nomli 500 milliard dollarlik kelajak shahrini qurishga tayyorlanar ekan, u yerdagi plyajlarda spirtli ichimliklar tortiq qilinishi mumkinligi haqida xabarlar bor.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG