Breaking News

Korrupsiyaga qarshi kurashda Markaziy Osiyo hamon juda sust - O'zbekiston?


Qanchalik qizil bo'lsa, korrupsiya darajasi shu qadar yuqori. "Transparency International" tashkilotining 2023-yilgi reytingi.
Qanchalik qizil bo'lsa, korrupsiya darajasi shu qadar yuqori. "Transparency International" tashkilotining 2023-yilgi reytingi.

Jahon bo'ylab demokratik chekinish kuzatilar ekan, adolatni ta'minlash tizimlari ham zaiflashgan. Natijada korrupsiya ko'lami oshgan. Politsiya, prokuratura va sudlarga ishonch yanayam pasaygan, chunki ularning jinoyatchilarni tutib, tergov qilib, jazolashga kuchi yetmaydi. Markaziy Osiyo davlatlari ham shunday muhitlardir.

Bosh idorasi Berlinda joylashgan "Transparency International" xalqaro tashkilotining 2023-yildagi vaziyatga asoslangan reytingida O'zbekiston va Qozog'iztonda ahvol Turkmaniston, Tojikiston va Qirg'izistonga qaraganda nisbatan tuzukroq baholanadi, ammo bu respublikalarning hammasi avtoritar tuzumlar ekan, har qanday progress vaqtincha va nimjon bo'ladi, deya xulosa qiladi tashkilot.

180 mamlakat orasida Qozog'iston 93-o'rinda, O'zbekiston 121, Qirg'iziston 141, Tojikiston 161, Turkmaniston esa 170.

Afg'oniston ham Tojikiston bilan bir o'rinda, 162.

Bu davlatlarda manfaatlar to'qnashuviga qarshi chora deyarli ko'rilmaydi. Mutasaddilar xalq mulkini o'marishi va uning uchun javobgarlikka tutilmasligi normal hol, deya kuzatadi "Transparency International".

Ahvolni yaxshilashni xohlasa, rahbarlar qonun ustuvorligi, huquq va demokratiya yo'lidan borishi shart. Tashkilot nazarida, ozgina bo'lsa-da, yutuqlarga erishilayotgani tuzumlar yangilana olishidan, hukumat va xalq birgalikda yulg'ichlikka qarshi kurasha olishidan darak.

Turkiya, Turkmaniston, Rossiya va Tojikiston - korrupsiya yanada va eng chuqurlashgan mamlakatlar qatorida.

Eng toza beshlik - Daniya, Finlandiya, Yengi Zelandiya, Norvegiya va Singapur.

Vladimir Putin rahbarligi ostida mas'uliyat darajasi bag'oyat tushib ketgan, har bir harakat Kreml irodasidan kelib chiqqan holda qilinadi. Rossiya sud mustaqilligini boy bergan, huquq tartibot organlarining faoliyati ham shunga yarasha, deyiladi hisobotda.

Elita sistemani xohlaganicha suiiste'mol qiladi, buning uchun hech kimning oldida javob bermaydi. Yagona kuch - prezident. Ukrainaga bostirib kirish va hozirgacha davom etayotgan urush ortidagi muammo va omillar ham aynan korrupsiyaga, uning hayot tarziga aylanib bo'lganiga borib taqaladi.

O'zbekiston korrupsiyaga qarshi kurash sezilarli natija berayotgan davlatlar qatorida, ammo "Transparency International" tahlilicha, 180 mamlakat orasida hamon ancha pastda, 121-o'rinda
O'zbekiston korrupsiyaga qarshi kurash sezilarli natija berayotgan davlatlar qatorida, ammo "Transparency International" tahlilicha, 180 mamlakat orasida hamon ancha pastda, 121-o'rinda

O'zbekiston "yaxshilangan" davlatlar beshligida, Armaniston, Moldova, Ukraina va Kosovo bilan yonma-yon.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi ochilgani, qonunchilikni isloh qilgani va iqtisod erkinlashgani asosiy muvaffaqiyatlar sanaladi.

Qonunlar ishlashi uchun zarur sharoit yaratila boshlangan va qator korrupsionerlar jazolangan, deyiladi "Transparency International" tahlilnomasida.

Korrupsiyaning oldini olish uchun ichki nazorat, vazirliklar va mahalliy boshqaruvda audit mexanizmi joriy etilgan. Pora olish va berishga qarshi sistema ishga solingan.

Biroq, deya qayd etadi xalqaro tashkilot, avtoritar tuzum oshkoralik va demokratiya ravnaq topishiga baribir yo'l bermayapti. Qonunchilik organi va jamoat institutlari hamon markazlashgan boshqaruv ostida, mustaqil emas.

Hokimiyat suddan o'z tanqidchilarini jazolash uchun foydalanadi. Bu esa korrupsiya oshaverishiga xizmat qiladi. Tubdan islohotlar zarur, deya chaqirmoqda "Transparency International".

Qozog'iston Markaziy Osiyoda eng ijobiy reyting olgan davlat, ammo global miqyosda u ham hali ancha orqada. Muammolar O'zbekistonga o'xshash, chunki bu respublikada ham avtoritar tuzum hukmron. Demokratik islohotlar, shaffoflik va adolat - hozircha O'zbekiston kabi qog'ozda qolayotgan iddaolar va va'dalar.

Siyosiy organlarning mustaqilligi, sud ishiga aralashmaslik, parlament o'z vakolatlaridan bemalol foydalana olishi, fuqaro jamiyati real fuqaro jamiyati bo'lishi, media erkin ishlay olishi - korrupsiyadan qutulish uchun talab qilinadigan choralar.

O'tgan to'rt yil ichida Qirg'iziston nisbiy demokratiyadan va samarali fuqaro jamiyatidan tezlikda kuchli avtoritar rejimga aylangan tuzumdir, deya xulosa qilmoqda "Transparency International".

Rahbariyat adliya tizimini o'ziga yoqmagan odamni jazolash uchun qo'llaydi. Bu esa yulg'ichlikni chuqurlashtirib, tizimga ishonchni tushirmoqda.

Qirg'iziston Sadir Japarov davrida prezidentlik boshqaruviga o'tdi va u yakkahokimlarga xos usullarga tayanmoqda. Uning repressiv va avtoritar boshqaruvi, deyiladi hisobotda, mamlakatdagi qonunlar va normalarni yangilab, fuqaro erkinliklari cheklanmoqda, demokratik institutlar barbod qilinmoqda.

Markaziy Osiyo hukumatlari korrupsiyaga qarshi kurash asosiy vazifalardan biri ekanini ta'kidlab, prezidentlar o'z chiqishlarida bu muammoni e'tirof etadi va choralar ko'rayotganini bildiradi. Biroq "Transparency International" tahlilicha, mintaqa bo'ylab yulg'ichlik va adolatsiz keng qanot yozganida aslida hukumatlarning o'zlari aybdor.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Forum

XS
SM
MD
LG