Breaking News

Xitoylik xakerlar AQShning infratuzilma tarmoqlariga kirgan


AQSh iqtisodiyotining asosiy sektorlarini nishonga olayotgan xitoylik xakerlar kamida besh yil davomida infratuzilma obyektlarining kompyuter tizimlari va tarmoqlarida zimdan o’rnashib olgani aniqlangan.

AQSh va unga ittifoqchi davlatlar shu haqda ogohlantirib, kompaniyalarni xavfni kamaytirish uchun shoshilinch choralar ko’rishga undamoqda.

AQShning qator agentliklari, jumladan Federal tergov byurosi (FTB) hamda Kiberxavfsizlik va infratuzilma xavfsizligi agentligi (KIXA) ma’lumotnomasiga ko’ra, “Volt Tayfun” nomli guruh “amerikaliklarning jismoniy xavfsizligiga tahdid soluvchi kiberhujumlarni amalga oshirish harakatida”.

Xitoylik bu xakerlar aviatsiya, temir yo’l, kommunikatsiya, energetika va suv ta’minoti sohalariga aloqador xususiy kompaniyalarning kompyuter tizimlariga buzib kirgan, deyiladi unda. Qurilish, IT va ta’lim sohalari ham ular nishonida.

“Biz aniqlaganimiz aysbergning uchi xolos”, - deydi KIXA direktori Jen Isterli.

Ogohlikka chaqiruvni Kanada, Avstraliya va Yangi Zelandiyaning kiberxavfsizlik idoralari ham tasqidlab, o’z tizimlarini mustahkamlashga kirishgan.

KIXAning kiberxavfsizlik bo’yicha direktori yordamchisi Erik Goldstinga ko’ra, so’nggi ma’lumotlar Xitoy kiber faoliyatida strategik o’zgarish yuz berganini ko’rsatmoqda.

“Dalillar shuni ko’rsatmoqdaki, Xitoyga aloqador guruhlar kelajakda milliy xavfsizlik, iqtisodiy xavfsizlik yoki aholi salomatligiga ta’sir ko’rsatuvchi kiberhujumlarni amalga oshirishga shay”, - deydi u.

“Volt Tayfun” xakerligi natijasida muhim infratuzilma obyektlari faoliyatida uzilish kuzatilmagan, ammo ular strategik tarmoqlarga buzib kirgani ularning fursat poylayotganini ko’rsatadi, deydi rasmiylar.

Pekin bu kabi ayblovlarni inkor etadi.

“Xitoy hukumati xakerlik hujumlari va axborot texnologiyalari suiiste’mol qilinishiga qat’iyan qarshi. AQShni kiberxavfsizlik masalasida boshqa davlatlarga nisbatan mas’uliyatsiz tanqidlarni bas qilishga chaqiramiz”, - deydi Lu Pengyu, Xitoyning Vashingtondagi elchixonasi vakili.

AQSh rasmiylari esa muntazam ogohlantirishlar bilan chiqmoqda. O’rtada mojaro yuzaga kelsa, deydi ular, Pekin ikkilanmasdan AQShdagi muhim infratuzilma inshootlariga hujum qilishi mumkin.

Masalan, Xitoy Tayvanga bostirib kirishga qaror qilgan taqdirda, Vashingtonning harbiy yordam ko’rsatish qobiliyatiga putur yetkazish uchun shunday hujumlarga qo’l urishi ehtimoli bor.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG