Breaking News

AQSh va Xitoy shaharlari o'rtasida aloqalar jonlanmoqda


Vashington va Pekin buzilgan munosabatlarni tiklash uchun ehtiyotkorlik bilan harakat qilar ekan, Xitoy COVID pandemiyasi davrida keskin madaniy aloqalarni kuchaytirishga harakat qilmoqda.

O'tgan yildan beri Xitoy yigirmadan ortiq qardosh shaharlar merlarini qabul qildi. Bu harakat Kaliforniya gubernatori Gavin Nyusomning Xitoyga tashrifi bilan boshlandi va prezident Jo Bayden va Si Zinpin o'rtasida o'tgan yili bo’lib o’tgan uchrashuv arafasida faollasha boshladi.

Xitoy prezidenti Si kelgusi besh yil ichida 50 000 talabani Xitoyda mehmon qilish niyatida ekanini bildirgan.

O'tgan oy Ayova shtatining Maskatin shahridan bir guruh o'rta maktab o'quvchilari Xitoyga tashrif buyurdi. Vashingtonning Takoma shahridan yana bir guruh talabalar mart oyida Fujian provinsiyasining janubidagi qardosh Fuchjou shahrida bo’lib qaytdi.

Shuningdek, Xitoyga xorijiy biznes vakillari ishonchning pasayishi, iqtisodiyotning sekinlashishi, jumladan, reydlar va josuslarga qarshi qonunning kuchaytirilishi kabi omillar Pekinni xalq aro maydonda obro’sini yaxshilash choralarini qidirishga undamoqda.

Oktabr oyida Minnesota shtatining Rochester shahri meri Kim Norton ham Xitoy safarida bo’ldi. Uning “Amerika Ovozi” bilan suhbatda aytishicha, safar xotiralari hali ham yodida va bu tashrif davomida ko‘plab qardosh shaharlar aloqalari qayta tiklangan.

"Bu ajoyib tajriba bo'ldi. Biz uchrashgan har bir kishi bizga juda yaxshi munosabatda bo'ldi. Menga Xitoy xalqi bilan uchrashish, Xitoy shaharlari bilan tanishish va mahalliy madaniyat va iqlim o'zgarishi bilan bog'liq muammolarni tushunish juda yoqdi", - dedi Norton.

Tashrifda ishtirok etganlar orasida yana ko’plab boshqa shaharlar merlari ham bor edi.

Tashrif davomida Indiana shtatining Karmel shahri va Xubey provinsiyasidagi Syanyan shahri o’rtasida qardosh shaharlar shartnomasi imzolandi.

Merlardan iborat delegatsiya beshta shaharga tashrif buyurdi: Gonkong, Vuxan, Nankin, Sujou va Shanxay. Ular Xitoyning Lantu kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan elektromobillarni haydab ko’rdi, Uxan universiteti talabalari bilan uchrashdi hamda Sujou simfonik orkestrining chiqishlarini tomosha qilib, Xitoy xalqaro import ko'rgazmasida ishtirok etdi.

AQSh-Xitoy munosabatlari milliy qo'mitasining yetakchilik dasturlari direktori Jessika Bissettning aytishicha, mahalliy hukumat darajasidagi almashinuv yangi tendensiyaga aylanmoqda.

"AQSh-Xitoy munosabatlari keskinlashganda, shtat va provinsiya hukumatlari, xususan, munisipal hukumatlar mahalliy iqtisodiy rivojlanish uchun qanday almashinuv va hamkorlik yaxshiroq ekanligini hal qilish uchun ko'proq erkinlikka ega", - dedi u.

"Gubernatorlar va merlarning eng katta mas'uliyati o'z iqtisodlarini rivojlantirish va saylovchilari yetarli ish joylariga ega bo'lishlari hamda imkon qadar eng yaxshi hayot sifatiga ega bo'lishlariga ishonch hosil qilishdir", - dedi Bisset.

"Agar AQSh-Xitoy iqtisodiy munosabatlari ularning saylovchilariga, shaharlariga, shtatlariga foyda keltirsa, ular potentsial imkoniyatlarni ko'rib chiqadi", - deya qo’shimcha qildi u.

Uning aytishicha, Xitoy mahalliy hukumatlari uchun o'tgan yilgi iqtisodiy tanazzul bunday almashinuvlar uchun turtki bo'ldi. AQSh Davlat departamenti ham mahalliy hukumatlar oʻrtasidagi bunday faol almashinuvni koʻrishdan xursand, deydi u.

"Davlat departamentida hozirda quyi darajadagi munosabatlarga e'tibor qaratadigan maxsus bo'lim bor, - dedi Bisset. Menimcha, ular hozir sodir bo'layotgan narsalarni rag'batlantiradi."

Har ikki mamlakatda milliy xavfsizlik bo'yicha xavotirlar kuchayganini hisobga olinsa, mahalliy hukumatlar darajasidagi hamkorlik istiqboloi o'ziga xos muammolarga ega.

Shandun provinsiyasidagi Investitsiya instituti direktori Li Jing “Amerika Ovozi” bilan suhbatda aytishicha, u AQSh-Xitoy savdo urushidan oldin tez-tez AQSh mahalliy hukumati amaldorlari va tadbirkorlarni Shandun viloyatiga taklif qilishga yordam bergan.

Ilgari bunday delegatsiyalar har yili bir necha marta o‘tkazilardi, deydi u.

AQSh-Xitoy savdo urushi va pandemiya tufayli bunday delegatsiyalar bir necha yilga to'xtatildi. O'tgan yili u bunday faoliyatni qayta boshlashga urindi, lekin ko'p qiyinchiliklarga duch keldi.

“Ayrim AQSh kompaniyalari Xitoy kapitalini qoʻlga kiritsa, AQSh va boshqa Gʻarb davlatlarida toʻsqinlikka uchrashi va hatto Gʻarb hukumatlari tomonidan sanksiyalarga duchor boʻlishi mumkinligidan xavotirda, - dedi u. - Ba'zi amerikalik universitet professorlari ham Xitoy bilan hamkorlik oqibatlaridan cho’chimoqda. Bu ularning AQShdagi faoliyatiga ta'sir qilishi mumkin".

Uning so‘zlariga ko‘ra, u bilan bog‘langan amerikaliklarning aksariyati hali ham Xitoy bozoriga qiziqish bildirayotgan bo‘lsa-da, ular Xitoy hukumati bilan hamkorlik qilish yoki Xitoy kapitalini qabul qilish masalasida ikkilanmoqda.

Geytstoun instituti tahlil markazi katta ilmiy xodimi Gordon Chang bunday almashinuvlarni to'xtatish kerak, deb hisoblaydi.

"Xitoy Kommunistik partiyasi qat'iyatli va tinimsiz. Mamlakatimizni yiqitish uchun Amerika bilan har qanday aloqa nuqtasidan foydalanadi. Bu degani har bir aloqa nuqtasi, qanchalik samimiy ko'rinmasin, biz uchun xavfli", - deydi u.

Ba'zilar allaqachon bu xavotirlarga amalda ko’rsata boshladi.

Karmel shahrining nafaqadagi meri Jim Braynard Xitoyga tashrif buyurib, Syanyan bilan yangi qardosh shahar munosabatlarini imzolaganidan ko'p o'tmay, shaharning yangi meri Sue Finkham shu oyda shahar AQSh-Xitoy uyushmasi a'zoligidan chiqishini e'lon qildi. Unga ko’ra, guruh Xitoy Kommunistik partiyasi bilan yaqin aloqalarga ega. Shunga qaramay, Karmel Syanyan bilan qardosh shahar munosabatlarini to'xtatmadi.

Bissetning aytishicha, mahalliy hukumatlar yuqori texnologiyalar va intellektual mulk sohalarida hamkorlik qilishda ehtiyotkor bo'lishlari tushunarli. Biroq, uning so'zlariga ko'ra, ikki davlat milliy xavfsizlikni bahona qilib, hamma narsaga shubha bilan qaramasligi kerak.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG