Breaking News

AQShga kelayotgan xitoyliklar soni oshmoqda


Yil sarhisobi: AQShda xitoyliklar ko'paymoqda
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:32 0:00

Bu yil Pekin va Vashington oʻrtasida geosiyosiy keskinlik yuqoriligicha qolgan boʻlsa-da, xitoylik talabalar va muhojirlar hamon AQShga kelishda davom etmoqda. Chegarani kesib o’tayotganlar soni har qachongidan ham ko’paygan.

Xitoydan kelgan muhojirlar AQShda o’zini begona his qilmaydi. Bu yerda Xitoy oziq-ovqatlaridan tortib restoranlarigacha bor.

Bu yil AQShda xitoylik ishchilarning Amerikaga immigratsiya qilishini taqiqlovchi qonun bekor qilinganiga 80 yil to’ldi.

"Bu qonunni bekor qilish uchun qattiq kurashganlarni qadrlaymiz”, - dedi AQSh Savdo vakili Ketrin Tay.

Hozirda AQSh universitetlari xitoylik talabalarni o’ziga eng ko’p jalb qilayotgan maskan. AQShning janubiy chegarasida esa yangi migratsiya to‘lqini yuz bermoqda.

Xitoylik muhojirlar dastlab Ekvadorga uchishadi, keyin Janubiy va Markaziy Amerika orqali AQShning Meksika chegarasiga piyoda, qayiq va avtobusda sayohat qilishadi.

Shunday xavfli sayohatni boshdan kechirgan Xun Chjan oilasi yil boshida “Amerika Ovozi” bilan suhbatlashgan edi. U Xitoy hukumati tazyiqidan qo’rqib, boshqa ismdan foydalandi.

"Barcha xitoyliklar Xitoy hukumati juda kuchli va qattiq nazorat qilishini yaxshi biladi", - deydi u.

2022-yilda chegarani kesib oʻtishlar soni 2000 atrofida edi. Bu yil ular miqdori 24 000 dan oshdi.

“Xitoyda odamlar juda tushkun. Ular imkoniyat yo’qlini ko’rmoqda. Xitoy iqtisodiyoti turg‘unlikka uchramoqda. Shuningdek, Xitoy hukumati nazoratidan, ularning hayotida cheklovlar ko’pligidan umidsizlik bor", - deydi Merilend universiteti professori Madlin Shu.

Ko'plab xitoylik muhojirlar mamlakatga siyosiy boshpana so'rab keladi. AQShda osiyoliklar soni ham tez o’sib bormoqda. Bu yerda allaqachon 5 milliondan ortiq xitoylik yashaydi. Ayni paytda mamlakat ichida osiyoliklarga nisbatan nafrat holatlari kuchaygan.

“Nafratning eng keng tarqalgan turi ta'qib qilish bo'lib, bizga xabar qilinganlarning qariyb 88 foizini tashkil qiladi. Bu ko'pincha og'zaki ta’na-dashnomlardan iborat”, - deydi nafratga qarshi huquq faoli Manjusha Kulkarni.

Florida shtatida bu yil Xitoy va boshqa AQSh dushman sanagan davlatlar fuqarolariga mulk sotib olishni taqiqlovchi hamda shtat universitetlariga Xitoy va boshqa xavotirli davlatlardan pul olish va ular bilan hamkorlik qilishni taqiqlovchi yangi cheklovlar kuchga kirdi.

AQSh-Xitoy ziddiyatlari davom etar ekan, xitoylik muhojirlar endi ikki davlat o'rtasidagi ko'prik sifatida ko'rilmayapti.

“Xitoylik muhojirlar nafaqat Qo'shma Shtatlarda, balki Xitoyda ham Xitoyga nisbatan vatanparvarlik va millatchilik nuqtai nazaridan juda ko'p bosimlarga duch kelmoqda va shuning uchun ular tobora ko'proq qiyin ahvolga tushib qolmoqda”, - deydi professor Shu.

Ammo hamma ham muammoga yo’liqayotgani yo’q. Xitoylik xalqaro talaba Shon Chjanning aytishicha, amerikaliklar uni yaxshi kutib olgan.

“Men kollejda orttirgan barcha do'stlarim meni o’zlaridek ko’radi. Ko‘plab talabalar Osiyodan”, - deydi u.

Chjan kabi talabalar ham, muhojirlar ham AQShda ish va yangi hayot topib, yaxshiroq kelajak qurish umidida.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG