Breaking News

Bayden va Tramp bir kunda janubiy chegarani ko’zdan kechirdi


29-fevral kuni AQShning ikki prezidenti – biri amaldagi, ikkinchisi sobiq Meksika bilan taxminan 2000 kilometrlik chegarani ko’zdan kechirdi. Jo Bayden Texasning Rio Grande vodiysidagi Braunsvil shahrida, Donald Tramp esa undan 500 kilometr naridagi Igl Pas shahrida bo’ldi.

Xalqaro hayot - 1-mart, 2024-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:11:28 0:00

Har ikkisi so’nggi paytda chegaradan o’tayotgan migrantlar soni keskin oshganian xavotir bildirdi.

Bayden Kongress Vakillar palatasida respublikachi qonunchilar qabul qilmayotgan immigratsiyaga doir qonun loyhasiga e’tibor qaratdi.

“Ishdan chiqgan immigratsiya tizimini tuzatish va chegara xavfsizligini kuchaytirish maqsadida prezident bo’lgan ilk kunimdanoq Kongressga qonun loyihasini taqdim etdim. Biroq uni qabul qilishmadi. Bir necha oydan so’ng vakillarim har ikki partiyaga mansub senatorlar bilan jiddiy muzokara boshladi. Demokratlar, yetakchi konservativ respublikachilar, progressiv demokratlar bilan o’tgan muzokaralarda hammaga to’g’ri keladigan qonun loyihasiga kelishdik. Bu mamlakat tarixida chegara xavfsizligiga doir eng kuchli islohotlar to’plamidir”, - dedi Bayden.

Tramp chegaradagi vaziyatni urush deya ta’rifladi, Baydenning siyosati natijasida minglab migrant Amerikaga kirib olganini, ba’zilarining jinoyatchi ekanini aytdi.

“Bu Jo Baydenning bosqini. Baydenning so’nggi uch yildagi bosqini”, - dedi sobiq rahbar.

Texasning respublikachi gubernatori Greg Ebbot Bayden bilan ko’rishishni lozim topmadi, Trampning yoniga bordi, chegara nazoratini kuchaytirishga so’z berdi.

Texaslik siyosiy tahlilchilar yaqinda o’tkazilgan ijtimoiy so’rov natijalariga ishora qilarkan, immigratsiya masalasi shtatning demokrat saylovchilari e’tibor markaziga tushayotganini aytadi.

“Chegaradagi ahvol demokratik saylovchilarning ongida diqqatga sazovor muammo sifatida tobora chuqurroq o’rnashib bormoqda. Demokratik partiyaning o’zida chegara yuzasidan nima qilish kerakligi haqida aniq va yagona pozitsiyaning o’zi yo’q”, - deydi Texas universiteti olimi Joshua Blank.

Chegara muammosini hal qilishda Bayden Trampni hamkorlikka undadi.

“Janob Trampga gapim shuki, mavzu bilan siyosiy maqsadlarda o’ynashgandan ko’ra, Kongress a’zolarini qonun loyihasiga to’siq qo’yishga chaqirgandan ko’ra, menga qo’shilib, qonunchilardan chegara xavfsizligi bo’yicha ikki partiyaviy hujjatni qabul qilishni so’rasin. Bunga birgalikda erishsak bo’ladi”, - dedi Bayden.

Baydenning murosali gapi Trampning qattiq ritorikasiga to’g’ri kelmayapti.

“Ular ko’zimga jangchilardek ko’rinishyapti. Bir narsa bo’layotganga o’xshaydi. Yomon narsa. AQSh Baydenning migrant jinoyatchilariga to’lib boryapti. Mamlakatimizga nisbatan shafqatsiz huquqbuzarlikning yangicha ko’rinishi bu. Migrantlar jinoyati”, - dedi Tramp.

Joshua Blankning aytishicha, Trampning bunday gaplari asossiz, chunki nufuzli ilmiy tadqiqotlar hujjatsiz muhojirlar AQSh fuqarolariga qaraganda kamroq jinoyat sodir etayotganini ko’rsatmoqda.

“Donald Trampning ritorikasini nativist yoki ayrim hollarda irqchi deb ta’riflash mumkin. Migratsiyani jinoyatga bog’lash Respublikachilar partiyasida ikkita muammoni birlashtiradi: qonun va tartib muammosini va nazoratsiz chegaralar muammosini. Bu demokratlar uchun himoya qilish qiyin bo’lgan kontekstda taqdim etiladi, respublikachi saylovchilarga esa bu jozibalidir”, - deydi tadqiqotchi.

Texas aholisining katta qismini tashkil etuvchi va o'ziga xosligi kuchli individualizmga asoslangan ozchilikdagi guruhlar qaysi partiya siyosatini o’ziga manzur deb biladi? Buni noyabrdagi prezident saylovi ko’rsatadi.

Seshanba kuni texaslik demokratlar va respublikachilar “Super Seshanba” nomini olgan kunda o’tkaziladigan partiyaviy tanlovda qatnashadi.

Baydenning Demokratik partiyadan asosiy saylovga nomzod bo’lishi hech kimda shubha uyg’otgani yo’q. Agar sog’lig’i pand bermasa.

Respublikachilar partiyasida esa raqobat sobiq prezident Tramp va sobiq gubernator va elchi Nikki Xeyli o’rtasida kechmoqda. Bungacha beshta shtatda o’tgan tanlovda g’olib bo’lgan Tramp “Super Seshanba”da ham yaxshi natija ko’rsatsa, Xeyli poygadan chiqishga majbur bo’ladi. Biroq bu ham turli huquqiy muammolar bilan yuzlashayotgan Trampga partiyasidan yagona nomzod bo’lishni kafolatlamaydi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG