Breaking News

AQSh-Meksika chegarasi: Texasda choralar keskinlashadi


Texas shtatining Meksika bilan chegaradosh qismida, 27-dekabr, 2023
Texas shtatining Meksika bilan chegaradosh qismida, 27-dekabr, 2023

Hozirda Nyu-York shahrida yurga 32 yoshli Abdul Amerikaga sarhadiga kirishi bilanoq hibsga olingan va bir necha hafta qamoqda o'tirgan.

"Bir soat ham uxlay olmadim u yerda, mijja qoqmay o'tirdim",- deyd u.

Abdul Mavritaniyadan; siyosiy faolligi uchun hukumat nishoniga tushib, qochishga majbur bo'lganini aytdi. Hozir ham familiyasini aytishdan qo'rqadi. Vataniga deportatsiya qilishlari mumkinligidan xavotirda.

Mart oyidan boshlab, Texas shtatida politsiya hujjatsiz migrantni darhol qamoqqa olish vakolatiga ega bo'ladi, uning taqdirini keyin sud hal qiladi.

O'tgan ikki yil ichida olib borilgan tadbirlar ish bermadi, deydi mutasaddilar, chegarani buzib kirayotganlar baribir ko'p, tizim endilikda keskin choralar ko'rishga majbur.

Respublikachi gubernator Greg Abbot tashabbuslariga inson huquqlari tashkilotlari qarshi chiqib, shtat hukumatini sudga bergan. Fuqaro jamiyati nazarida Abbott federal qonunlarga zid qadam tashlamoqda.

Adliya vazirligi ham Texasdagi yangi choralar yuzasidan gubernatorni ogohlantirgan.

2021-yildan beri Texasda 10 mingga yaqin migrant hibsga olingan. Chegarada yashaydiganlar biror shubhali odamni ko'rsa, darhol politsiyaga xabar beradi. Kelgindilarni tutishda, deydi rasmiylar, aholi jonbozlik ko'rsatmoqda.

Faollar nazarida bu jarayonda insonlarning huquqlari buzilmoqda. Kelgindi bo'lsa-da, ularga zo'ravonlik qilinmasligi, ular ham advokatlar bilan ta'minlanishi shart, deya talab qilmoqda huquq himoyachilari.

Gubernator Abbot esa o'z shtatini himoya qilish uchun nimaiki qila olsa, to'xtamaslikka so'z bergan.

Biroq u boshliq tizim hozirga kelib choralar ish bermayotganini tan oladi.

"Migrantlar baribir kirayapti", - deydi Meyverik tumani sherifi Tom Shmerber.

Abbott Texas ahliga o'z siyosatini izchillashtirishni va'da qilgan. Noqonuniy ravishda yurgan har qanday shaxs shtatning har burchagida qamoqqa olinadi, deydi u.

Federal hukumat bilan ziddiyatga yetaklayotgan bu choralar uchun Abbott 10 milliard dollarga yaqin mablag' sarflamoqda.

Texas shtatining Meksika bilan chegaradosh qismida, 27-dekabr, 2023
Texas shtatining Meksika bilan chegaradosh qismida, 27-dekabr, 2023

Texasdan badarg'a qilinayotgan o'nlab ming migrantlar AQShning boshqa shaharlariga ketar ekan, Texas rahbari endi ular boshqalarning muammosi, deydi.

Noqonuniy migratsiyaga qarshi kurashda Florida shtati Texas bilan hamkor.

Abdul aybini bo'yniga olib, bir yillik qamoq jazosini o'tagan. Shundan keyin u tizimdan siyosiy boshpana so'rab, ishi ko'rilayotgab muhlatda Amerikada yashash huquqiga ega bo'lgan.

Immigratsion advokat Kristen Etter deydiki, uning idorasi uch mingdan oshiq migrantni himoya qilgan, aksariyati AQShda qolgan.

Etter deydiki, ko'plab migrantlar politsiyadan qo'rqmaydi, aksincha, tutilishni istaydi. Hibsga olinish ularning mamlakatda biror statusga ega bo'lishi uchun zamin yaratadi. Ular panjara ortida o'tirib chiqsa ham keyin Amerikadan panoh olishi mumkinligiga ishonadi.

O'tgan ikki yilda kamida 37 ming kishi hisbga tushgan bo'lsa, deydi Texas shtati rasmiysi Erika Miller, ular orasida gangsterlar, inson savdogarlari, turli jinoyatlarda gumon qilinib, qidirilayotgan odamlar bo'lgan. Tizim "darhol qamoqqa olinsin" degan choradan manfaat ko'trmoqda, deydi u.

"Hech kim shtatimizda hujjatsiz yallo qilib yura olmaydi, biz bunga aslo yo'l qo'ymaymiz", - deydi Miller.

Texas shtatining Meksika bilan chegaradosh qismida, 19-oktabr, 2023
Texas shtatining Meksika bilan chegaradosh qismida, 19-oktabr, 2023

Rolando Salinas - chegaradagi Igl Pass shaharchasi meri. U gubernator bilan har sohada hamfikr emas, ammo hududida politsiya ko'payganidan mamnun. Huquq tartibot uchun ko'proq mablag' ajratilmoqda.

"10-15 ming odam kirib kelar ekan, bizning kuchimiz ularni nazorat qilishga yetmaydi", - deydi Salinas.

Texas shtati qonunchisi Deyvid Spiller deydiki, ish har doimgidan ko'p, chunki hibsdagilarning taqdirini hal qilish uchun ko'proq mutaxassis va moliya zarur.

Hibsga olish bilan noqonuniy migratsiyani to'xtata olmaysiz, hudud xavfsiz bo'lib qolmaydi, deydi siyosatchi.

Spiller uning shtatidan "haydalgan kelgindilar" boshqa shtatlardan boshpana olayotganidan afsusda.

"Biz bu yerda jon-jahdimiz bilan kurashayapmiz, ammo nolegallar baribir kamaymayapti".

Abdul, masalan, Nyu-Yorkda yangi hayot boshlagan. Bir oy jamoat yotoqxonasida turdi, so'ngra qarindoshi bilan bir kvartiraga ko'chdi. Hali ishlash uchun ruxsat olmagan. Bu imkoniyatni qo'lga kiritgach, o'qishga ham kirmoqchi.

Biroq oldin sud qarori chiqishi kerak - yo qoladi yo deportatsiya qilinadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Forum

XS
SM
MD
LG