Breaking News

"Islomiy davlat - Xuroson" Rossiya va Markaziy Osiyoda nimani maqsad qilgan?


"Islomiy davlat - Xuroson" guruhining Afg'onistonda 2019-yilda olingan tasviri
"Islomiy davlat - Xuroson" guruhining Afg'onistonda 2019-yilda olingan tasviri

Mutaxassislar tahlilicha, 2014-yilda shakllana boshlagan "Islomiy davlat - Xuroson" Hindiston, Pokiston, Afg'oniston va Markaziy Osiyo mamlakatlarini qamrovchi davlat tuzishni orzu qiladi.

Rossiya 22-mart kuni poytaxt Mosvkada sodir etilgan, kamida 140 kishini hayotdan olib ketgan terror xurujlari ortida Ukraina va uning G'arbdagi quvvatlovchilari turibdi, degan nazariyani olg'a surar ekan, Kiyev, Vashington va ularning hamkorlari bu safsata deb javob qilmoqda.

Afg'onistonda asoslangan "Islomiy davlat - Xuroson" terror tashkiloti hujumlarni ulug'lab, ularni amalga oshirganlarni qahramonlar deb chiqqan. 30 betli bayonotida to'da Rossiya va qatoq davlatlarni islom va musulmonlarning dushmani deya qoralagan.

Ektremizm va terrorizm bo'yicha izlangan mutaxassislar deydiki, "Islomiy davlat, jumladan, Rossiya, Xitoy, Pokiston va Tolibonga qarshi kurashishga bel bo'glagan. AQShni ham la'natlaydi.

2023-yilning mayida Amerikaning "Foreign Policy" nashridagi maqolada "Islomiy davlat - Xuroson" Rossiyaga hamla qilishi mumkinligi aytilgan.

"Islomiy davlat - Xuroson" xalqaro miqyosda propaganda olib boradi, deya kuzatadi Lukas Vebber, "Militant Wire" degan onlayn jurnal asoschisi.

Vebber "Foreign Policy" nashridagi maqolani yozganlardan biri. Turli tillardagi targ'ibotlarda "Islomiy davlat - Xuroson" o'z maqsadlarini ochiq bildiradi.

Mutaxassislar tahlilicha, 2014-yilda shakllana boshlagan guruh Hindiston, Pokiston, Afg'oniston va Markaziy Osiyo mamlakatlarini qamrovchi davlat tuzishni orzu qiladi.

"Islomiy davlat" Iroq va Suriyada Amerika va uning ittifoqchilari tomonidan yakson qilingach, "Islomiy davlat - Xuroson" uning merosxo'ri sifatida vujudga kelgan.

Afg'onistonda Tolibon hokimiyatni egallab, terroristlarga bu yurtda joy yo'q, deya qanchalik bong urmasin, "Islomiy davlat - Xuroson" so'nggi yillarda sezilarli darajada jonlangan.

"Islomiy davlat - Xuroson" katta sonlarda markaziy osiyolik va afg'on jangarilarga ega. Guruhni pushtun bo'lmagan erkaklar tashkil etadi, deydi tadqiqotchilar, va ular pushtun toliblardan nafratlanadi.

"Islomiy davlat - Xuroson" safida o'zbeklar va tojiklar rostan ham salmoqli, deydi Edvard Lemon, Vashingtondagi "Oxus" Markaziy Osiyo tadqiqot jamiyati rahbari.

BMT hisobicha, o'tgan yili yozda to'dada 4-6 ming jangari bo'lgan.

Vebber ta'kidlashicha, regionallastirish va international tarkib va faoliyat "Islomiy davlat - Xuroson" strategiyasida yuqori o'rinda.

Propagandani to'da tojik, o'zbek, rus, arab va ingliz tillarida olib boradi. Targ'ibotning sifati yuqori, deydi Vebber. Unda, jumladan, tojik jangarilarning yutuqlari ko'z-ko'z qilinadi.

2021-yilning avgustida, AQSh Afg'onistonni tark etayotgan paytda, "Islomiy davlat - Xuroson" Kobul aeroportini portlatib, 180 dan oshiq odamni o'ldirgan, xususan 13 amerikalik harbiyni.

2022-yilda "Islomiy davlat - Xuroson" Afg'oniston poytaxtida xitoyliklar turadigan mehmonxonani nishonga olgan.

2023-yilda Gollandiya va Germaniyada bir necha kishi bu guruhga aloqadorlikda gumon qilinib, hibsga olingan. Ular terakt rejalaganlikda ayblangan.

2024-yilning boshida esa "Islomiy davlat - Xuroson" Eronning Kirmon shahrida ikki joyni portlatgan. 100 dan ortiq odamning yostig'i qurigan.

Lemon deydiki, "Islomiy davlat - Xuroson" qator davlatlar, etnik va diniy jamoalarni yo'q qilishni istaydi. To'da Tolibon AQSh va boshqa hukumatlar va qo'shnilar bilan yaqinlikka intilmoqda, deb unga tinimsiz tosh otmoqda.

"Islomiy davlat - Xuroson" o'zini global jihodchilik bayrog'ini ko'tarib kelayotgan tomon deb hisoblaydi, toliblarni esa kofirlar deb yomonlaydi. Faoliyatining katta qismi unga qarshilik ko'rsatishdan iborat va aynan Afg'onistonda", - deya urg'u beradi Lemon.

Rossiya Suriyada Bashar al-Asad hokimiyatini quvvatlaganini "Islomiy davlat - Xuroson" kechira olmaydi, deydi ekspert. "Islomiy davlat" barbod bo'lishida uni ham ayblaydi. Moskva Tolibon bilan dialogda ekani uni g'azablantiradi.

Vebber analiz qilishicha, "Islomiy davlat - Xuroson" nazarida Rossiya azaldan musulmonlarni ezgan, jumladan chechenlarni qirgan.

"2014-yildayoq "Islomiy davlat" lideri Abu Bakir al-Bag'dodiy Rossiyani AQSh singari eng yuqori o'rindagi dushman deb atagan", - deydi Veber.

Lemon boshqa omillarni ham tilga oladi. "Islomiy davlat - Xuroson" Tojikistonni qulash arafasidagi tuzum, iymonsiz davlat, deb ta'riflaydi. Mintaqa avtoritar rahbarlar qo'lida ekan, deydi tadqiqotchi, oddiy odamlarni bunday targ'ibot o'ziga qaratishi mumkin.

Markaziy Osiyoning eng qashshoq qismi sanalgan Tojikistonda yakkahokimlik chuqur ildiz otgan. Mamlakat iqtisodi Rossiyada tojikistonlik migrantlar topadigan pulga qaram.

Prezident Emomali Rahmon 30 yildirki, hokimiyatda. Muxolifat va tanqidga toqat qilmaydi. Bir paytlar parlamentda o'z o'rniga ega bo'lgan islomiy partiya a'zolari yo haydalgan yo qamalgan.

Tojikistonda 1990-yillardagi urushni yakunlagan kelishuvlarning bir qismi aynan islomiy partiyaga ruxsat berishni talab qiladi, deya eslatadi Temur Umarov, yana bir ekspert.

Islomiy faollikdan radikalizmga o'tib ketayotganlar bor, deydi Umarov, chunki bu doirani hukumat qattiq ezib kelmoqda.

E'tiqod erkinligi va fikr erkinligi bag'oyat cheklangan. Dindorlikka tuzum mutaassiblik deb qaraydi.

Kambag'allik, imkonsizlik va adolatsizlik - chetga surib bo'lmas faktorlar, deydi Umarov.

Elita esa huzur ichida. Aholi orasida bunga qarshilik kuchli, ammo buni ko'rsatishga qo'rqadi. Ijtimoiy portlashlar shunday muhitda paydo bo'ladi, deydi "Amerika Ovozi" bilan so'zlashgan mutaxassislar.

"Islomiy davlat" mana shu omillarga tayanib, Rossiyada yurgan migrantlar ongiga ta'sir qilib, Suriya va Iroqqa ham ularni olib ketgan. "Islomiy davlat - Xuroson" ham shu taktikaga qo'llaydi. Vatandagi umidsizlik, Rossiyadagi azob ayrimlarni terror guruhlariga qo'shilishga undaydi.

Biroq, deydi Lemon, Tojikiston terror manbai deb qarash o'ta noto'g'ri va asossiz yondashuv bo'ladi.

Rossiyadagi xurujda biror yurt yoki xalqni ayblash adolatsizlik va aqlsizlik, deydi tadqiqotchi. Masalaga hamisha chuqurroq qarash kerak.

XS
SM
MD
LG