Breaking News

Turkiya mahalliy saylovlarida muxolifat g’alaba qozondi


Istanbul hokimi Ekrem Imamo'g'li saylov uchastkasida
Istanbul hokimi Ekrem Imamo'g'li saylov uchastkasida

Turkiyada yakshanba kuni o’tgan mahalliy saylovlarda Prezident Rajab Toyib Erdog’anning “Adolat va taraqqiyot” partiyasi mag’lub bo’ldi.

Xalqaro hayot - 1-aprel, 2024-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:09:05 0:00

Respublikachilar xalq partiyasidan Istanbul hokimligiga nomzod, 53 yashar Ekrem Imomo’g’li 50 foizdan ko’p ovoz olib, yana bir muddatga saylandi. Kuzatuvchilar uni kelajakda prezidentlikka nomzodlardan biri sifatida ko’rmoqda. 1990-yillarda Erdog’an ham azim shaharni boshqargan edi.

Muxolifat, shuningdek, poytaxt Anqara va yana to’qqizda yirik shaharda hokimlik uchun saylovlarda g’alaba qozondi.

Tahlilchilarga ko’ra, hukmron “Adolat va taraqqiyot” partiyasi ijtimoiy so’rovlarda olingan raqamlardan ham sustroq natija ko’rsatgan.

Imomo’g’liga ko’ra, saylovchilar muxolifatni qo’llab-quvvatlash orqali Erdog’anga hozirgi siyosatidan norozi ekanini bildirmoqchi bo’ldi.

Xalq dardiga quloq solmaganlar oxir-oqibatda mag’lub bo’ladi, dedi Istanbul hokimi.

Erdog’anning tanqidchilari uni adliya tizimi mustaqilligiga, fuqarolik huquqlari va matbuot erkinligiga bolta urganlikda ayblab keladi.

Imomo’g’lining siyosiy kelajagi huquqiy to’siqlarga duch kelishi mumkin. Uning 2019-yilda Istanbul merligi uchun saylovdagi g’alabasi ketidan sud Imomo’g’lini davlat xizmatchilarini haqoratlaganlikda aybdor topib, 2,5 yil qamoq jazosiga mahkum etdi, siyosat bilan shug’ullanishini man qildi. Hokimning sud qarori yuzasidan shikoyati hali ko’rib chiqilgani yo’q.

O’tgan yili yana bir mahkama Imomo’g’lini tender natijasini oldindan kelishishda aybladi, tergov hali tugagani yo’q. Aybi isbotlangan taqdirda hokim 3 yildan 7 yilgacha qamalishi mumkin.

"Agar hozirgi saylov natijalari biror yo’l bilan bekor qilinmasa, Imomo’g’li 2028-yilda prezidentlikka saylanadi”, - deydi sotsiolog O’zer Sanjar.

Yevropaning 16 ta mamlakatidan saylovni kuzatishda qatnashgan 26 mutaxassidan iborat kuzatuvchilar guruhi jarayon tinch o’tganini, demokratik tamoyillarga qisman javob berganini xulosa qildi.

Istanbulliklarning ba’zilari o’zgarish uchun ovoz berganini aytadi.

“15 yilda ilk bor “Adolat va taraqqiyot” partiyasiga ovoz bermadim”, - deydi hisobchi O’nur Xizmatchi.

Muxolif matbuot muxolif partiya g’alabasini tarixiy va inqilobiy deb atadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG