Breaking News

Kolumbiyalik sobiq askarlar Ukraina tarafida jang qilmoqda


Ukraina qurolli kuchlari safiga qo'shilgan kolumbiyaliklar, Donetsk, 29-yanvar, 2024
Ukraina qurolli kuchlari safiga qo'shilgan kolumbiyaliklar, Donetsk, 29-yanvar, 2024

Ikki yillik urush Ukraina harbiy kuchlarini holdan toydirdi. Rossiyaga qarshi kurashayotgan Ukraina uzoq yillik janglarda qatnashib chiniqqan, tajribali xorijiy jangchilarni o'z qurolli kuchlari safiga chaqirmoqda.

Xususan, Prezident Volodimir Zelenskiyning chaqirig’iga javoban mamlakatga kelayotgan xorijlik ko’ngilli askarlar orasida kolumbiyaliklar ham bor.

32 yoshli Checho taxallusli jangchi Kolumbiyaning Medelin shahridan, u Ukraina kasalxonalaridan birida davolanmoqda. Rus dronlari tashlagan granataning bir parchasi uning jag’ suyagini teshib o’tgan.

“O’laman deb o’ylagandim. Omon qolish uchun o’rnashgan joyimizdan qochishga majbur bo’ldik”, - deydi u.

Kolumbiya armiyasi o’nlab yillardan buyon narkokartellar va isyonchilarga qarshi kurashib keladi. Bu armiya jangchilarini dunyodagi eng tajribali askarlarga aylantirgan.

Kolumbiyaning 250 ming kishilik armiyasi Lotin Amerikasida hajm jihatdan Braziliyadan keyin ikkinchi o’rinda turadi. Har yili 10 mingdan ortiq askar nafaqaga chiqadi. Yuzlab nafari Ukraina qurolli kuchlari safiga qo’shilib, Kolumbiyadagi tajribali ofitserlarning oyligidan ko’ra to’rt barobar ko’proq maosh olyapti.

32 yoshli Checho taxallusli jangchi Kolumbiyaning Medelin shahridan, u Ukraina kasalxonalaridan birida davolanmoqda
32 yoshli Checho taxallusli jangchi Kolumbiyaning Medelin shahridan, u Ukraina kasalxonalaridan birida davolanmoqda

“Kolumbiya armiyasi yuqori malakali kadrlarga ega, lekin maosh boshqa mamlakatlardagi harbiylar bilan solishtirganda u qadar yuqori emas”, - deydi Andres Masias, Bogotadagi Eksternado universiteti tadqiqotchisi.

Kolumbiyalik iste’fodagi askarlar 2000-yillar boshida xorijga - Iroqdagi infratuzilmani va neft quduqlarini himoya qiluvchi amerikalik harbiy pudratchilar qo’lida ishlash uchun keta boshlagan. Ular, shuningdek, Birlashgan Arab Amirliklari tarafidan harbiy murabbiy sifatida yollangan, Yamanda xusiy isyonchilarga qarshi kurashgan.

Yaralangan ukrainalik askarlarni davolaydigan gospitalda taxminan 50 kolumbiyalik harbiy tibbiy muolajalar oralig’ida telefonda uyi bilan gaplashish, internetda musiqa eshitish bilan vaqt o’tkazadi. Ularning aksariyati yengil jarohatlangan.

Ukraina bir tomondan qurol-aslahaga, ikkinchi tomondan askarlarga muhtoj. Butun dunyodan odamlarga armiyamizga qo’shilish imkonini beradigan tizimni kengaytiryapmiz, deydi Oleksandr Shaguri, Ukraina qurolli kuchlarida xorijliklarni muvofiqlashtirish departamenti zobiti.

Rasmiylarga ko’ra, 2022-yil boshida Ukrainada 52 davlatdan 20 ming kishi qayd etilgan. Hozirda harbiy maxfiylik qoidalariga asosan ularning qanchasi jang maydonida ekani sir tutiladi.

Ko’ngillilarning ilk to’lqini asosan sobiq sovet davlatlari yoki ingliz tilida so’zlashuvchi mamlakatlardan edi. Ularning rus yoki ingliz tilida gaplashishi Ukraina armiyasiga birikishini osonlashtirdi, deydi Shaguri.

O’tgan yili harbiylar ispan tilida so’zlashuvchi rekruterlar, instruktorlar va kichik ofitserlar infratuzilmasini ham ishlab chiqdi, deya qo’shimcha qiladi u.

Ukraina kasalxonasidagi kolumbiyalik jangchilar, 20-dekabr, 2023
Ukraina kasalxonasidagi kolumbiyalik jangchilar, 20-dekabr, 2023

Bogotada sobiq harbiy shifokor Gektor Bernalning aytishicha, so’nggi sakkiz oy ichida u Ukrainaga jangga ketgan 20 dan ortiq kolumbiyalikka harbiy ta’lim bergan.

“Ular yaxshiroq kelajak uchun AQShga ketgan lotin amerikalik muhojirlarga o’xshaydi. Maqsad o’zga davlat bayrog’ini himoya qilish emas, balki iqtisodiy ehtiyoj”, - deydi u.

Kolumbiyada generallar hukumat vazirlari kabi taxminan 6000 dollar maosh oladi. Kaprallarning ish haqi 400 dollar bo’lsa, tajribali serjantlar 900 dollargacha olishadi. Mamlakatda eng kam oylik ish haqi hozirda 330 dollar.

Ukrainada qurolli kuchlarning har bir a’zosi, fuqoroligidan qat’i nazar, martaba va xizmat turiga qarab oyiga 3300 dollargacha maosh oladi. Shuningdek, ularda jarohat og’irligiga qarab, 28 660 dollargacha pul olish huquqi bor. Agar jangchi halok bo’lsa, oilasiga 400 ming dollar tovon puli to’lanadi.

Checho Kiyevga prinsip uchun kelganini aytadi. Birgina uning harbiy bo’linmasida 100 ga yaqin kolumbiyalik askarlar bor.

“Ko’pchilik emasmiz, lekin vaziyatning yaxshi tarafga o’zgarishi uchun qo’limizdan kelganini qilyapmiz”, - deydi u.

Kolumbiyada Ukraina armiyasiga yollanish haqidagi xabar ijtimoiy tarmoqlar orqali tarqalmoqda. Jang maydonidagi ba’zi ko’ngillilar TikTok yoki WhatsApp kabi platformalarda ishga olish jarayoni to’g’risida ma’lumot beradi.

Ammo jang maydonida biror kor-hol ro’y bersa, qarindoshlari jangchilar haqida ma’lumot olishi oson emas.

Kolumbiyalik askar Oskar Triana 2023-yil avgustida Ukraina armiyasiga qo’shilgan. Olti hafta o’tgach, u ijtimoiy tarmoqlarda ko’rinmay qolgan, yaqinlari u bilan bog’lana olmagan.

Bogotada Ukraina elchixonasi yo’qligi sabab, Triananing oilasi Perudagi Ukraina elchixonasi hamda Polshadagi Kolumbiya konsulligiga ma’lumot so’rab murojaat qilgan, lekin javob ololmagan.

“Biz har ikki davlat rasmiylaridan Oskarga nima bo’lgani haqida ma’lumoq berishni, elektron xatlarimizga javob berishini so’radik. Yagona talabimiz shu”, - deydi Oskarning qarindoshi Diyego Estipiya.

“Associated Press” axborot agentligi Oq Ayiq taxallusli kolumbiyalik jangchi bilan bog’landi. Uning aytishicha, u Oskarni oxirgi marta 2023-yilning 8-oktabrida ko’rgan, uning harbiy bo’limi Xarkov viloyatida rus kuchlari tarafidan pistirmaga uchragan va shundan keyin nima bo’lgani noma’lum.

Oskar xizmat qilgan Ukraina harbiy bo’limi ham “Associated Press” agentligiga uning bedarak yo’qolganini rasman tasdiqlagan.

Diyegoning aytishicha, jiyanining Ukrainaga jangga ketishiga nima turtki bo’lganini u bilmaydi. Oskar Kolumbiya armiyasida 20 yildan ortiq xizmat qilgan va iste’foga chiqish unga ruhiy jihatdan og’ir bo’lgan.

“Balki u pul uchun ketgandir yoki jang maydonidagi adrenalinni qo’msagandir. Menga jangga ketish sababini aytmagan”, - deydi Diyego.

Deyarli uch hafta kasalxonada davolangan Checho va u kabi 50 dan ortiq kolumbiyalik jangchilar Ukraina frontiga qaytdi.

“Bu yerda vaziyat og’ir, doim bombalar ostidamiz, lekin kurashishda davom etamiz”, - deydi u.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG