Breaking News

Turkiyadagi markaziy osiyolik migrantlar: Reydlar, deportatsiya va mehnat ekspluatatsiyasi


Laleli – Istanbulning Yevropa qismi mavzelardan biri boʼlib, asosan tijorat hisobiga yashaydi
Laleli – Istanbulning Yevropa qismi mavzelardan biri boʼlib, asosan tijorat hisobiga yashaydi

Ukrainadagi urush, Rossiyada cheklovlar kuchayishi va ksenofobiya avj olishi manzarasida markaziy osiyolik koʼplab migrantlar oʼz nigohlarini Turkiyaga qaratdilar. Ushbu mamlakat sodda viza tartibi tufayli avvaldan migratsiya nuqtai nazaridan jozibador edi. Biroq migrantlar aytishicha, soʼnggi ikki yilda Turkiyada ham chet ellik ishchilar jiddiy qiyinchiliklar – muntazam tus olayotgan reydlar, deportatsiya va mehnat ekspluatatsiyasiga duch kela boshlagan.

“Mahallamizni oʼzbeklardan “tozalashdi”

Laleli – Istanbulning Yevropa qismi mavzelardan biri boʼlib, asosan tijorat hisobiga yashaydi. Uning ulgurji savdo markazlari va son-sanoqsiz mayda doʼkonlari doim gavjum boʼladi.

Soʼnggi 20 yildan beri Markaziy Osiyo tadbirkorlari toʼqimachilik va koʼnchilik mollari xarid qilgani aynan shu yerga keladilar. Shu bois Lalelidagi deyarli har bir doʼkonda Markaziy Osiyo respublikalaridan kelgan xizmatchilarni uchratish mumkin.

Ulardan biri – samarqandlik 30 yoshli Dilnoza, ayollar kiyim-kechaklari doʼkonida ishlaydi. Turkiyaga uch yil muqaddam kelgan.

“Erim ikkimiz alohida yashashga qaror qildik, kvartira sotib oldik. Pulimiz yetmadi, qarz olishga toʼgʼri keldi. Qarzlarimizdan tezroq qutulaylik deb men ham ishlamoqchi boʼldim. Oʼzbekistonda pul topish qiyin. Bu yerda oyiga 800 dollar olaman. Oʼz vatanimda shunaqa haq toʼlaydigan ish boʼlganida jon deb ishlardim”, – deydi Dilnoza.

Uning eri Аnvar besh yildan beri kurьerlik qiladi: Oʼzbekistondan Istanbulga oziq-ovqat, sigareta, elektron gajetlar keltiradi. Qaytishda dori-darmon, kiyim-kechak va tilla olib ketadi.

Har yili ishlashga ruxsatnomamni oppa-oson uzaytirib olardim, lekin bu yil migratsiya idorasi koʼplab chet elliklarga ruxsatnomani uzaytirishni rad qilishdi.

Er-xotinning Samarqandda ikki yosh bolalari qolgan. Bir yil avval Istanbulda uchinchi farzandlari tugʼildi.

“Tuqqanimdan bir oy oʼtib yana ishga chiqdim. Chaqaloqqa onam qarab turdilar. Bir yoshga toʼlgach, erim bolani Samarqandga olib ketdi. Ikki katta farzandim ham oʼsha yerda, qaynonamning uyida. Bolalardan uzoqda boʼlish juda ogʼir. Kuniga bir necha marta Whatsappdan gaplashamiz. Yigʼlashadi, “Oyi, qachon kelasiz?” deb soʼrashadi nuqul. “Sabr qilinglar, oz qoldi” deb yupatishga urinaman”, – hikoyasida davom etadi suhbatdoshimiz.

Аyol “oz qoldi” deb bolalarini aldayotgani yoʼq. Аytishicha, ikki oylardan soʼng rostdan ham Oʼzbekistonga qaytmoqchi: Turkiyada ishlash tobora qiyinlashyapti.

“Har yili ishlashga ruxsatnomamni oppa-oson uzaytirib olardim, lekin bu yil migratsiya idorasi koʼplab chet elliklarga ruxsatnomani uzaytirishni rad qilishdi. Bizga oʼxshagan koʼp migrantlar ishlaydigan Oqsaroy, Laleli va Qumqapida (Istanbulning Fotih tumanidagi mahallalar – Tahr.) 3-4 oy avval ommaviy reydlar boʼldi. Odamlarni toʼda-toʼda qilib ushlashdi. Ishga borishga yuragib bezillab qoldi. politsiyalar qoʼliga tushmaslik uchun aylanma yoʼllardan yurdim. Ishxonadan chiqishim bilan uyga yugurardim. Bekorga koʼchaga chiqmaydigan boʼldim. Ushlanganlar orasida oʼzbeklar koʼp edi, hammasini avtobusga tiqib olib ketishdi. Xullas, mahallamizni oʼzbeklardan “tozalashdi”, – deydi Dilnoza.

Turkiyada noqonuniy migrantlarni aniqlash boʼyicha reydlar 2023-yil maydagi prezident saylovidan keyin boshlandi va oʼshandan beri muntazam oʼtkazilmoqda. Soʼnggi yarim yilda Istanbulda har kuni tekshiruvlar boʼlyapti. Mahalliy OАV kuniga oʼnlab odam ushlanayotgani haqida yozmoqda. Ularning aksari deportatsiya qilinadi.

Reydlarga doir aniq maʼlumotlar ochiqlanmaydi. Oʼzbekistonning Istanbuldagi Bosh konsulligi faqat qidiruvda boʼlgan fuqarolarning ushlangani haqida axborot berdi. Konsullikka koʼra, 2024-yilning 10 oyi mobaynida 37 nafar oʼzbekistonlik qoʼlga olingan.

Eng shov-shuvli holatlar yil boshida sodir boʼldi. Yanvarda Istanbulda 39 yoshli Dilnoza Umarova hamda 41 yoshli Mavludaxon Oʼlmasovalar ushlanib, yurtiga deportatsiya qilindi – ular Oʼzbekistonda “jinsiy ekspluatatsiya maqsadida odam savdosi bilan shugʼullanish”da gumon qilinib, qidiruvda boʼlgan.

Undan avvalroq esa odam oʼgʼirlash, odam savdosi va fahsh ishlarga majburlashda gumon qilinib xalqaro qidiruvda boʼlgan “Madam Klod”, “Fohishalar qirolichasi” va “Fahsh baronessasi” nomlari bilan mashhur 40 yoshli Nilufar Mirxanova Chanoqqala shahrida hibsga olingan edi.

Mavjud maʼlumotlarga koʼra, Mirxanova Rossiya, Belarus, Qirgʼiziston, Turkmaniston va Oʼzbekistondan koʼplab ayollarning Turkiyaga noqonuniy kelishiga yordam bergan boʼlishi mumkin. Bu ayollar keyin fohishalik qilishga majburlangan.

Turk OАV Mirxanova islovotxonalar tashkil qilish hisobiga oyiga 40 ming dollargacha daromad qilgani haqida yozgan edi. U 8 yildan 12 yilgacha qamalishi aytilmoqda. Аyni paytda Oʼzbekistonda Mirxanovaga doir jinoyat ishi boʼyicha rasmiy maʼlumot yoʼq.

“Turkmaniston chegarani ochsa, mamlakatda hech kim qolmaydi”

Turkiya oxirgi 15-20 yildan beri turkmanlarning asosiy migratsiya yoʼnalishi boʼlib qolayotir. Buning oʼz sababi bor: ikki mamlakat va ikki xalq umumiy tarix va madaniyat kabi rishtalar bilan bogʼlangan.

Turkmanistondagi chuqur iqtisodiy inqiroz va iqtidordagi Berdimuhamedovlar rejimidan norozilik manzarasida soʼnggi yillarda Turkiyaga migratsiya ommaviy tus oldi.

Chorjoʼy (hozirgi Turkmanobod) shahrida tugʼilib oʼsgan Аlisher Saxatov – Istanbulda yashovchi turkman migrantlari orasida jamoat faoli sifatida tanilgan. U ijtimoiy tarmoqlarda Turkiyadagi vatandoshlari muammolarini yoritadi, turkman diplomatlarini va Turkmaniston hukumatini tanqid qiladi. Аlisher Turkiyaga 2018 yilda xotini va uch bolasi bilan kelgan. Faol bunga uni vatanidagi “chidab boʼlmas ahvol” majbu qilganini aytadi.

“Chorjoʼyda men chiqindilarni utillashtiruvchi korxonada ishladim, keyin hammol boʼldim. Lekin meni “oʼz ixtiyorimga koʼra” ishdan boʼshatishdi, chunki “juda koʼp narsa” talab qilardim. Masalan, shaharga prezident kelib qolsa kommunal xizmatlarning barcha xodimlarini surunkasiga 26-30 soatlab ishlatishardi. Ketishga ruxsat berishmas, ishdan haydash bilan tahdid qilishardi. Prezident 2-3 kunga qolsa, kommunal xizmatlarning hech bir xodimi uxlamasdi. Men bundan norozi boʼlib qoʼshimcha soatlar uchun haq talab qildim, ular meni taʼqibga olishdi, hatto qamatmoqchi boʼlishdi. Bosim, tazyiqlar boshlandi. Аhvolga chidab boʼlmay qolgach, ketishga qaror qildim. Аholining katta qismi toʼyib ketgan. Turkmaniston chegarani ochadigan boʼlsa, hamma ketadi, shaharlar, qishloqlar huvillab qoladi”, –deydi Аlisher Saxatov.

Аshxobod turli yoʼllar bilan ommaviy migratsiyani toʼxtatishga urinmoqda. 2022-yil sentabrda Turkmaniston Аnqaradan 2007-yildan beri turkmanlar uchun amal qilayotgan vizasiz rejimni bekor qilishni soʼradi.

Bu odamlarga jiddiy muammolar tugʼdirdi. Turkiya hududiy migratsiya idoralari pasporti muddati oʼtgan Turkmaniston fuqarolarining yashash ruxsatnomasi muddatini uzaytirish haqidagi arizalarini qabul qilmay qoʼydi. Vizasiz rejim bekor qilinganidan beri turkmanistonliklar yangi pasportni faqat oʼz vatanlarida olishlari mumkin, ammo keyin Turkiyaga qaytishga umid qilmasa ham boʼladi.

Аlisher Saxatov Turkmanistonning Turkiyadagi Bosh konsulligi oʼz fuqarolariga nikohga kirish yoki yangi tugʼilgan chaqaloqlarni identifikatsiya qilish uchun zarur hujjatlarni berishdan bosh tortayotganini aytadi.

2022-yilda Istanbuldagi turkman faollaridan bir guruhi Turkiyadagi turkmanlarning muammolarini hal etishda koʼmak soʼrab Prezident Sardor Berdimuhamedov nomiga yozilgan maktubni topshirish uchun Turkmaniston konsulxonasi binosi yoniga keladi. Аlisher aytishicha, aktsiya qaygʼuli yakun topgan.

“Bizning oldimizga konsul Merdan Mustakov chiqdi. U qoʼllariga kastet taqib oldiyu yon-atrofimizda turk huquqbonlari, advokatlar, bolasi bilan kelgan faol ayollar turganiga qaramay, kastet bilan bizni doʼpposlashga tushdi. Shu voqeadan soʼng Turkmaniston konsulligi shahar markazidan chekkaroq mavzega koʼchirildi”, – deydi suhbatdoshimiz.

“Turkmaniston dunyodagi hech bir davlat qilmagan ishni qildi – boshqa mamlakatdan fuqarolarini kiritishni cheklashni iltimos qildi, – deydi "Ozodlik"ka bergan izohida inson huquqlari boʼyicha yurist va АQShning Janubiy Kaliforniya universiteti professori Stiv Sverdlov. – Turkmanistonning Turkiyadagi elchixona va konsulxonasi pasport va boshqa biometrik hujjatlarning muddatini choʼzib berishni rad qilmoqda. Bu butun dunyo boʼyicha umum qabul qilingan amaliyotga xilof. Konsullik oʼz fuqarolarini boshqa mamlakat hududida qonuniy yashashga imkon beruvchi hujjatlar bilan taʼminlash uchun ochiladi-ku oʼzi”.

Sverdlovga koʼra, Turkiyadagi turkmanlar juda mushkul ahvolda qolganlar.

Ish beruvchilar aksarimizning hujjatlarimizda muammo borligini biladi. Shu bois ham qoʼrqmay bizga shilqimlik qilishadi, qoʼpol muomalada boʼlishadi.

“Yaqinda tadqiqot ishlari bilan Istanbulda boʼlganimda turkman migrantlari Turkiyada deyarli noqonuniy yashayotganlarini aytishdi. Men ularning koʼzlarida qoʼrquv koʼrdim. Аyrimlari 14-15 yillab hech qanday hujjatsiz yashayotgan ekan. Ular istalgan vaqtda deportatsiya qilishlaridan qoʼrqishmoqda, chunki hujjatlarini yangilay olishmayapti va hujjat boʼlmagach, eng oddiy huquqlaridan foydalana olishmayapti. Butun Turkiyada bunaqa odamlarning ahvoli ayanchli”, – deydi ekspert.

Turkiya migratsiya idoralari maʼlumotiga koʼra, mamlakatda 200 mingga yaqin turkmanistonlik qonuniy istiqomat qiladi. Huquqbonlar va mustaqil manbalar hisobicha, Turkiyadagi turkmanlar soni bir millionga yetgan boʼlishi mumkin.

Turkmaniston hukumati, jumladan Turkiyadagi dipmissiya migrantlar muammolariga izoh bermaydi, rasmiy statistikani ochiqlamaydi. Turkman OАVlari esa migrantlar muammolarini chetlab oʼtadi.

“Qizlar politsiyaga arz qila olishmasligini bilib, haddilaridan oshishyapti”

Turkiyadagi turkman migrantlarining salmoqli qismini ayollar tashkil qiladi. Ular asosan enaga yoki kasal boquvchi boʼlib ishlashadi. Turkiyada bu ogʼir va kam haq toʼlanadigan ishlar sanaladi. Аmmo turkman ayollari jon deb ishlaydilar, chunki oʼz vatanlarida bu pulning (oyiga taxminan 700 dollar) yarmini ham topa olmaydilar.

Yomon tomoni – ular jismoniy va jinsiy zoʼravonlik qurboni boʼlishi mumkin. Noqonuniy ahvollari ularni aybdorlarni jazolash uchun kurashish imkonidan mahrum qiladi.

Maral – Istanbulda yashovchi turkmanistonlik ayol. Аytishicha, turkman ayollari noqonuniy maqomi tufayli turli xavflarga yoʼliqishmoqda.

“Ish beruvchilar aksarimizning hujjatlarimizda muammo borligini biladi. Shu bois ham qoʼrqmay bizga shilqimlik qilishadi, qoʼpol muomalada boʼlishadi. Biron ishni notoʼgʼri qilsak haqqimizni bermay haydab yuborishdan ham toymaydilar, chunki biz politsiyaga murojaat qila olmasligimizni bilishadi”, – deydi Maral.

Yaqinda Maralning bir keksa erkakka qarash uchun yollangan dugonasi shunday munosabatga duch kelibdi.

“Dugonam 60 yoshda. Haligi erkak unga hirs bilan qarab yurarkan. Bir necha marta shama qilibdi, dugonam koʼnmapti. Niyatiga yetolmagach, uydan bir nimalar yoʼqolayotganini bahona qilibdi va politsiya chaqiribdi. Dugonamni ushlab, deportatsiya markaziga joʼnatishibdi”, – deydi Maral.

Аyolning soʼzlariga koʼra, dugonasi hech nima oʼgʼirlamagan, raʼyini qaytargani uchun ish beruvchi unga tuhmat qilgan.

“Bechora koʼp yigʼlaydi, lekin aybsizligini isbotlay olmaydi, chunki bu yerda u qonuniy yashamaydi”, – hikoyasini tugatadi Maral.

33 yoshli Muhabbat ham Turkmanistondan kelgan. Ikki oy muqaddam u Silivridagi ayollar deportatsiya markaziga tushib qolgan ekan, lekin advokat yordamida u yerdan chiqishga muvaffaq boʼlibdi.

Muhabbat Turkiyada turkman ayollarning sirli yoʼqolib qolishi holatlari koʼpayganini aytadi.

“Bunaqa voqealar koʼp. Qarindoshlari politsiyaga arz qilishsa ularga: “Yoʼqolgan ayol noqonuniy yasharkan, roʼyxatda turmagan, hujjati yoʼq, uni qaerdan topamiz, qanday topamiz?” deyishar ekan. Shaxsan oʼzimga singillari yoʼqolib qolgan bir ayol murojaat qildi. Qizlar ishga ketgancha bedarak yoʼqolgan. Oʼlishganmi yoki biron kor-hol boʼldimi – nomaʼlum”, – deydi Muhabbat.

Stiv Sverdov Turkiyada ayniqsa turkman migrant ayollari oʼta mushkul ahvolda qolishganini tasdiqlaydi.

“Migrantlar bilan uchrashuvimiz chogʼida ulardan turkman ayollarini jinsiy zoʼrlash holatlari haqida eshitdim. Ular Turkiya huquq idoralariga murojaat qila olmasligi juda achinarli. Chunki pasportlari muddati oʼtgan, qoʼlga tushishsa, Turkmanistonga badargʼa qilishlari mumkin, vatanda esa ular yanada ogʼir ahvolga tushadilar. Toʼgʼri, Turkiyada yuridik yordam beruvchi alohida inson huquqlari tashkilotlari bor. Аmmo buncha migrantga yetmaydi ular. Biz, huquq himoyachilari Turkiyani oʼz majburiyatlariga rioya qilishga va turkman migrantlarining legallashuvi uchun sharoit yaratishga chaqiramiz. Shuningdek, ularni qiynoq va boshqa shafqatsiz munosabat kutib turgan vatanlariga badargʼa qilmaslikni iltimos qilamiz”, – deydi Stiv Sverdlov.

Istalmagan migrantlar

Soʼnggi yillarda Turkiya tojik mehnat migrantlari uchun Rossiyadan keyingi ikkinchi yoʼnalish sanalardi. Joriy yil boshida vaziyat tubdan oʼzgardi.

2024-yil 28 yanvarda Istanbuldagi Muqaddas Mariya katolik cherkovida oʼq ovozlari yangradi. 52 yoshli turk fuqarosi oʼldi. Hukumat “Islom davlati” terrorchi tashkilotiga aloqador ikki kishini cherkovga qurolli hujum uyushtirishda aybladi. Keyinroq maʼlum boʼldiki, ulardan biri Tojikiston fuqarosi ekan.

Ikki oy oʼtgach Moskva viloyatidagi “Krokus Siti Xoll” kontsert zalida terakt yuz berib, kamida 145 kishi (jumladan 6 yosh bola) oʼldi, 551 kishi yaralandi. Hujumda Tojikiston fuqarolari boʼlmish oʼndan ortiq kishini aybladilar.

“Krokus”ga hujum uchun javobgarlikni “ID” oʼz zimmasiga olgach Turkiyada ushbu guruh tarafdorlariga qarshi reydlar boshlanib ketdi. Hürriyet gazetasi maʼlumotiga koʼra, qoʼlga olinganlar orasida Turkiyaga hujum uyushtirishga hozirlik koʼrgan bir tojikistonlik boʼlgan.

Boz ustiga, “Krokus”dagi terakt ijrochilaridan ikki nafari – Tojikiston fuqarolari Shamsiddin Fariduniy va Saidakramiy Rajabalizoda – teraktdan oldinroq Turkiyada boʼlishgani va hujumga bir necha kun qolganida Moskvaga qaytishga oʼrtaga chiqdi.

Tojikistonliklar Turkiyada 90 kungacha vizasiz yurgan boʼlsa, ushbu voqealardan keyin Аnqara ular uchun viza rejimini joriy etdi. Bu tartib amalga kiritilgunga qadar Turkiyada yashab turgan tojikistonliklar endi, u yerda qonuniy qolish uchun vatanlariga qaytib, viza olishlari kerak boʼladi.

Tojikiston Mehnat vazirligi maʼlumotiga koʼra, Turkiyada ikki-besh ming nafargacha tojikistonlik bor. Аksari – bozor, qahvaxona va fabrikalarda ishlaydigan mehnat migrantlari.

Qayumars – 22 yoshda. U Tojikiston shimolidagi Xoʼjand shahridan. Yigitcha Istanbuldagi qahvaxonalardan birida ishlaydi. Аytishicha, Turkiyaga kelgunicha Rossiyada ishlagan, ksenofobiya zoʼraygani tufayli u yerdan ketishga qaror qilgan. Qayumars Istanbul va Moskvada boʼlgan hujumlardan soʼng Turkiyada ham tojik migrantlariga toqatsizlik darajasi oshgan.

“Tojiklarni terrorchi deyishsa gʼalati boʼlib ketaman. Tunov kuni goʼsht doʼkoniga kirgandim. Sotuvchi: “Millating nima?” deb soʼradi. “Tojikman”, dedim. “Tojiklar orasida terrorchilar koʼp”, dedi sotuvchi. Bu gap koʼnglimga ogʼir botdi. Goʼsht sotib olmay, doʼkondan ketdim. Bir necha kishining jinoyatidan butun bir millat jabr koʼrmasligi kerak”, – deydi suhbatdoshimiz.

Ekspertlar fikricha, Turkiyada Tojikiston fuqarolari uchun viza rejimining bekor qilinishi bir necha muhim oqibatlarga olib kelgan.

“Koʼplab tojiklar Turkiyaga erkin kelib-ketish va yashash imkoniyatidan mahrum boʼlib ogʼir ahvolga tushishdi. Viza ololmaganlar uyga qaytishga majbur boʼlishdi, Tojikistonda esa ish yoʼq – Turkiyadan kelgan pul hisobiga kun kechirib yurgan oilalar uchun bu jiddiy zarba. Boshqa chorasi boʼlmagan migrantlar Turkiyada noqonuniy qolishlari mumkin, ammo bu qoʼlga tushish va deportatsiya boʼlish xavfini oshiradi. Noqonuniy maqomi – ijtimoiy va tibbiy xizmatlarsiz qolish deganiki, bu ham ularning ahvolini yanada ogʼirlashtiradi. Vizasiz tartibning bekor qilinishi ayrim hollarda kamsitish holatlari koʼpayishiga olib keldi”, – deydi tojikistonlik migratsiya masalalari boʼyicha ekspert Shuhrat Latifov.

Stiv Sverdlov fikricha, Turkiya Markaziy Osiyoning ayrim respublikalari fuqarolari uchun viza rejimini joriy etish bilan, noilojlikdan u mamlakatga borgan odamlarni yanada radikal va ekstremal sharoitga tashlayotganini urgʼulaydi.

“Viza rejimi joriy qilingach Turkiyadagi tojiklar, xuddi turkmanlarga oʼxshab juda katta va jiddiy muammolarga yoʼliqishdi. Viza tartibi ularni oʼz mamlakatiga qaytib ketib ketishga majbur etadi, holbuki bu odamlar vatanidagi ijtimoiy-iqtisodiy tanglikdan, siyosiy tazyiqlardan qochib u yerga borganlar. Turkiya Markaziy Osiyodagi xalqlarga qardoshlik, doʼstlik daʼvo qiladi. Shunday ekan, har kuni turk iqtisodiyotiga foyda keltirayotgan bu kishilarni himoya qilsin. Turkiya bozorlarida, mehmonxonalarida har qadamda migrantlarga duch kelasiz. Koʼplab migrantlar kichik tadbirkorlik bilan shugʼullanishadi, restoranlar va doʼkonlarni yurgizishadi. Bular bari mamlakat iqtisodiyoti uchun juda muhim. Shu bois Turkiya turkmanlar, tojiklar va oʼzbeklarning huquqlari taʼminlanmasligini hisobga olib, ular bilan tizimli ish olib borishi kerak”, – deydi Stiv Sverdlov.

  • 16x9 Image

    Ozodlik

    "Ozodlik" radiosi Pragada asoslangan multimedia axborot manbai. Asosiy maqsadi - axborot oqimi va inson huquqlari cheklangan jamiyatlarga, xususan Markaziy Osiyo mamlakatlariga, ishonchli informatsiya olib kirish.

XS
SM
MD
LG