Breaking News

AQShda so'z erkinligiga doir xavotirli hisobot


Senzuraga qarshi siyosiy asar, Arxiv.
Senzuraga qarshi siyosiy asar, Arxiv.

AQSh Adliya vazirligi Bosh inspektori idorasining hisobotga ko‘ra, federal prokurorlar 2020-yil jurnalistlarning telefon orqali muloqotlarini qo‘lga kiritish jarayonida Adliya vazirligining ichki qoidalariga rioya qilmagan. Bu tergovlar jurnalistlar tomonidan maxfiy siyosiy ma’lumotlarning ruxsatsiz olinishi bilan bog‘liq holatlarni o‘rganishga qaratilgan edi.

Tergovdan aniq bo’ldiki, Donald Tramp prezidentligining birinchi muddatida Adliya vazirligi jurnalistlarning muloqot va yozishmalarini qo'lga kiritish uchun tergov vositalaridan foydalanishni cheklovchi o'sha vaqtdagi ichki qoidalarga to'liq amal qilmagan.

Matbuot erkinligi bo'yicha ekspertlar hisobot oshkor etgan holatlar yuzasidan xavotirda.

“Hukumatning haddan ziyod aralashuvi va jurnalistlarning manbalariga oid materiallarni olish uchun davlat vakolatlaridan noo‘rin foydalanishi, shuningdek, jurnalistlardan federal hukumat ichida ma'lumotni oshkor qiluvchilarni topish uchun kanal sifatida foydalanishi favqulodda xavotirlidir”, - dedi Jurnalistlarni Himoya qilish qo‘mitasining AQSh, Kanada va Karib mintaqasi bo‘yicha koordinatori Ketrin Jeykobsen “ Amerika Ovozi” bilan suhbatda.

Hisobotda qayd etilishicha, 2020-yil Adliya vazirligi jurnalistlarning yozishma va muloqotlarini qo’lga kiritish bilan bog‘liq mavjud qoidalarga rioya qilmagan, jumladan, so‘rovlarni ko‘rib chiqish uchun OAV bo’yicha maxsus qo‘mitani chaqirmagan.

O‘sha paytdagi Adliya vaziri Vilyam Barr ommaviy axborot vositalaridan yozuvlarni qo’lga kiritishga ruxsat bergan bo‘lsa-da, maxfiylik shartnomalaridan foydalanishga aniq rozilik bermagan, bu esa vazirlik siyosatiga zid bo‘lgan.

Matbuot erkinligi bo‘yicha mutaxassislar hisobotning xulosasi sifatida Kongressda “PRESS Act” deb nomlanuvchi federal himoya qonun loyihasini qabul qilish zarurligini yana bir bor ta’kidladi.

Himoya qonunlari jurnalistlarni hukumat tomonidan manbalarining shaxsini oshkor qilishga majbur qilinishdan himoya qiladi. AQShning deyarli barcha shtatlari va Kolumbiya okrugi manbalar uchun huquqiy himoya taqdim etuvchi himoya qonuni yoki sud tomonidan tan olingan maxsus imtiyozga ega, ammo hozircha bunday federal qonun mavjud emas.

“Ushbu tergov jurnalistlar va ularning manbalarini himoya qilish uchun oqilona va mantiqiy qonunning zarurligini ko‘rsatmoqda”, - dedi Matbuot Erkinligi bo‘yicha Jurnalistlar Qo‘mitasi Ijrochi direktori Bryus Braun o‘z bayonotida. – “Kongressning ikki partiya tomonidan ham qo’llab-quvvatlanayotgan Matbuot to’g’risidagi qonun loyihasini qabul qilish va hukumatning ommaga erkin axborot yetkazilishiga aralashuvini oldini olish vaqti keldi”.

Prezident Donald Tramp reportaj yoki maqolalari milliy xavfsizlikka taalluqli bo’lgan, ammo ularning maxfiy manbalarini oshkor qilmagan jurnalistlarni qamoqqa olishga va’da bergan.

Trampning Federal qidiruv byurosi (FBI) direktori lavozimiga tanlagan nomzodi Kash Patel ham “Amerikalik fuqarolar haqida yolg‘on gapirgan” jurnalistlarni javobgarlikka tortmoqchi ekanini, shuningdek, federal hukumatni Trampga qarshi “fitnachilar”dan tozalashini aytgan.

Hukumatdagi maxfiy axborotni oshkor qiluvchilarni aniqlash va jazolashga qaratilgan harakatlar faqat Tramp ma'muriyatiga xos emas. Obama ma'muriyati ham bunday amaliyotlarni qo‘llagan va Jurnalistlarni Himoya qilish Qo‘mitasi bu harakatlarni “tajovuzkor urush” deb baholagan.

Jeykobsenning aytishicha, jurnalistlardan axborot sizdiruvchilarni nishonga olish uchun foydalanish masalasi ikki siyosiy partiya hokimiyatga kelgan davrda ham kuzatilgan. Biroq, bu masalani har ikki partiya birgalikda Matbuot to’g’risidagi qonun orqali hal qilishi mumkin.

Adliya vazirligi jurnalistlarning yozuvlaridan tashqari, ikkita kongress a’zosi va 43 nafar kongress xodimining maxfiy ma'lumotlarga kirgani uchun, garchi bu ularning ish majburiyatlaridan biri bo‘lsa ham tergovga tortgan.

Bu holat xodimlarning o‘z vazifalarini bajarishda xavotirni yuzaga keltirishi mumkin.

Bu orada esa, Matbuot to’g’risidagi qonun loyihasi (jurnalistlarni himoya qilish qonuni) AQSh Vakillar palatasi tomonidan qabul qilingan bo‘lsa-da, Senatda bu loyihani barcha senatorlarning roziligi bilan tasdiqlashga qaratilgan urinish senator Tom Kotton sababli muvaffaqiyatsiz tugadi.

Himoya qonunlari jurnalistlarga ularning manbalari yoki maxfiy ma'lumotlarini oshkor qilishga majbur qilinishdan huquqiy himoya beradi. PRESS Act esa bunday himoyani yanada kengaytirib, jurnalistlarning roziligisiz yoki xabarisiz ularning ma’lumotlarini hukumat tomonidan qo‘lga kiritish imkoniyatini cheklashni nazarda tutadi.

AQShdagi aksar shtatlar va Kolumbiya okrugi jurnalistlarni manbalarini oshkor qilishdan himoya qilish uchun huquqiy asosga ega. Bu himoya qonun shaklida yoki sud tomonidan tan olingan maxsus imtiyoz orqali amalga oshiriladi. Ammo federal darajada, ya'ni butun mamlakat bo‘ylab amal qiladigan bunday qonun hali mavjud emas.

Respublikachilar nazoratidagi Vakillar palatasi yaqinda PRESS Actni bir ovozdan qabul qildi.

Ammo qonunni Senatda bir ovozdan qabul qilish urinishlari senator Tom Kotton tomonidan to‘sib qo‘yildi. Har qanday senator bir ovozdan rozilik asosida ilgari surilgan qonun loyihasini to‘xtatish huquqiga ega.

Respublikachi senator Tom Kotton o‘z nutqida ushbu qonun loyihasini milliy xavfsizlik bilan bog‘liq xavotirlar sababli to‘sib qo‘yganini aytdi.

“Ushbu qonunning qabul qilinishi AQSh Senatini maxfiy ma’lumotlarni oshkor qiluvchi davlat xizmatchilari, xoinlar va jinoyatchilarning faol sherigiga aylantiradi, shuningdek, ularga yordam beradigan Amerikaga dushmanlik qiluvchi va shuhratparast jurnalistlarni qo‘llab-quvvatlaydi”, - dedi senator Tom Kotton.

“Matbuot guvohnomasi matbuot xodimlarini boshqa amerikaliklardan ustun qilmaydi”, - dedi Kotton.

PRESS Act qonuni jurnalistlarni himoya qilishni maqsad qilgan bo‘lsa-da, terrorizm yoki boshqa favqulodda vaziyatlarda ushbu himoya cheklanishi mumkin.

Tom Kottonning bu nutqiga qarshi Demokrat senator Ron Vayden: “Bugun bir ovozdan rozilikka erisha olmadik va bu juda afsuslanarli holat, agar biz bugun ushbu qonunni qabul qilganimizda, Amerika kuchliroq va erkinroq bo‘lardi deb hisoblayman. Ammo biz bunga yana qaytamiz”, - dedi.

“Bu masala juda muhim. So‘z erkinligi AQShning asosiy va eng muhim qadriyatlaridan biri, bu tamoyilni himoya qilish mamlakatning o‘ziga xosligini va kuchini saqlashda muhim rol o‘ynaydi”, - dedi Vayden.

Matbuot erkinligi bilan shug‘ullanuvchi guruhlarining ham qonun loyihasining qabul qilinmaganidan hafsalasi pir bo‘ldi.

“Bu sog‘lom fikrga asoslangan va keng ikki partiyaviy qo‘llab-quvvatlovga ega qonun loyihasi edi va uni nihoyat qabul qilish vaqti keldi”, - dedi Jurnalistlar Erkinligi Qo‘mitasining siyosat bo‘yicha direktori Geyb Rottman “Amrika Ovozi” bilan suhbatda.

Noyabr oyida Donald Tramp prezidentlik saylovida g‘alaba qozonib, Oq Uyga qaytishga yaqinlashganidan so‘ng, bir nechta matbuot erkinligi guruhlari ushbu qonun loyihasini Kongress orqali o‘tkazish va Jo Bayden prezidentlik lavozimini tark etishidan oldin uni qonun sifatida imzolashga urindi.

Matbuot Erkinligi Jamg‘armasi (FPF) ma’lumotlariga ko‘ra, endi PRESS Act Senatda qabul qilinishi uchun uni yil oxiridagi byudjet qonun loyihasiga biriktirish yoki alohida ovozga qo‘yish kabi ikkita yo‘l mavjud.

“Bizga PRESS Actning qabul qilinishi uchun aniq harakatlar kerak. Senatdagi demokratlar ushbu ikki partiyaviy qonun loyihasini bir yil davomida ilgari surish imkoniyatiga ega edi, ammo endi vaqt tugab bormoqda”, - dedi Matbuot Erkinligi Jamg‘armasining advokatsiya bo‘yicha direktori Set Stern o‘z bayonotida.

PRESS Act loyihasi qabul qilinmagan kuni Adliya vazirligi hisobotida federal prokurorlar Tramp ma'muriyati davrida jurnalistlarning telefon muloqotlarini qo‘lga kiritishda belgilangan ichki qoidalarga rioya qilmaganliklari haqida ma'lumot oshkor qilingan. Bu ikki voqea bir kunda sodir bo‘lishi matbuot erkinligiga oid muammolarning dolzarbligini va ushbu masalada qonuniy himoya zarurligini yana bir bor ta’kidladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG