Tolibon yetakchilari AQShning yangi saylangan prezidenti Donald Trampning bayonotlarini rad etib, Tolibon mamlakatni qayta boshqarishni qoʻlga kiritgandan beri AQShdan milliardlab dollar moliyaviy yordam olgani haqidagi daʼvolar yolg’on ekanini aytdi.
Tolibonning matbuot kotibi oʻrinbosari Hamidulloh Fitrat Trampning bu daʼvolariga javoban, Kobul hukumati AQShdan hech qanday yordam kutmasligi va buni istamasligini taʼkidladi.
“Aslida AQSh Islom Amirligiga bir tiyin ham bermagan, - dedi Fitrat, Tolibon boshqaruvidagi Afgʻonistonning rasmiy nomiga ishora qilib. - Buning oʻrniga AQSh Afgʻoniston xalqiga tegishli milliardlab dollar mablagʻni musodara qilib, muzlatib qoʻydi”.
Tolibonning bu keskin javobi Floridada oʻtkazilgan matbuot anjumanida Tramp Bayden maʼmuriyati tomonidan Afgʻonistondagi de-fakto rahbarlarga millionlab dollar toʻlovlar amalga oshirilgani haqidagi savollarga javob berishidan keyin chiqdi.
“Bu gapga ishonish qiyin. Millionlar emas, milliardlar – biz Tolibon boshqaruvidagi Afgʻonistonga milliardlab dollar toʻlaymiz, - dedi Tramp. - Bu holatga yoʻl qoʻyib boʻlmaydi.”
Fitratning taʼkidlashicha, AQSh mablagʻlari asosan Amerika qoʻshinlarini Afgʻonistondan olib chiqish va ularning afgʻon ittifoqchilarini koʻchirish va joylashtirish uchun sarflangan.
“Ushbu mablagʻning bir qismi, ehtimol, xalqaro tashkilotlar tomonidan 'gumanitar yordam' niqobi ostida ishlatilgan boʻlishi mumkin. AQSh bu mablagʻni asosan oʻz manfaatlari yoʻlida Afgʻonistonga yoʻnaltirgan va endi uni Islom Amirligiga qarshi targʻibot vositasi sifatida ishlatmoqda,” - dedi Fitrat.
Tolibonni moliyalashtirishga oid bahslar 2-yanvar kuni kongressmen Tim Burchettning saylangan prezident Trampga yoʻllagan maktubi bilan kuchaydi. Maktubda u xorijiy yordamning Afgʻoniston de-fakto rahbarlariga yoʻnaltirilganidan xavotir bildirdi.
“Bu naqd pul joʻnatmalari auksionlardan o’tkaziladi va bundan keyin ularni kuzatish deyarli imkonsiz boʻlib qoladi. Tolibonni moliyalashtirish va dunyo boʻylab terrorizmni qoʻllab-quvvatlash uchun ular shu yoʻldan foydalanadi, - deb ogohlantirdi Burchett. - Amerika Qoʻshma Shtatlari oʻz dushmanlarini moliyalashtirmasligi kerak.”
U, shuningdek, AQSh davlat kotibi Entoni Blinkenga asoslanib, Afgʻonistondagi nodavlat tashkilotlar Tolibonga soliqlar shaklida qariyb 10 million dollar xorijiy yordam toʻlaganini tasdiqladi.
Tolibon 2021-yilning avgustida hokimiyatni qayta qoʻlga kiritgach, AQSh va Gʻarb mamlakatlari Afgʻonistonga taraqqiyot yordamlarini toʻxtatdi, mamlakat bank tizimini deyarli izolyatsiya qildi va AQShda Afgʻoniston Markaziy bankining milliardlab dollar aktivlarini muzlatib qoʻydi.
Lekin gumanitar yordam oqimi asosan Birlashgan Millatlar Tashkiloti nazorati ostida davom etmoqda.
Afgʻonistondagi BMTning yordam missiyasi (UNAMA) oʻzining gumanitar operatsiyalari uchun olgan mablagʻlarning bir qismi Tolibonga oʻtkazilgani haqidagi ayblovlarni rad etdi.
UNAMA oʻz xodimlari tomonidan olib kirilgan barcha mablagʻlar BMT agentliklari va tasdiqlangan gumanitar hamkorlarga yoʻnaltirilishini taʼkidlaydi. Missiya bu mablagʻning biror qismi Afgʻoniston Markaziy bankiga yoki Tolibon hukumatiga oʻtkazilmasligini alohida qayd etdi.