Dushanba kuni AQShning 47-prezidenti sifatida Oq uyga qaytgan Donald Tramp an’anaga ko’ra qator farmonlarga imzo chekdi.
U Qo’shma Shtatlarga Parij iqlim bitimidan va Jahon sog’liqni saqlash tashkilotidan chiqishni, federal hukumatga tegishli yerlarda shamol elektrostansiyalarini yuritish bo’yicha ijara shartnomalarini bekor qilishni, avtomobil kompaniyalaridan issiqxona gazlari chiqindilarini ikki baravar kamaytirishni talab qiluvchi qoidadan voz kechishni, davlat idoralariga xizmatchilarni yollashni to’xtatishni, COVID davridan beri uydan ishlash imkoniyatiga ega bo’lgan federal xodimlarga idoralariga qaytishni, iste’mol narxlarini tushirishga qaratilgan choralarni amalga oshirishni buyurdi.
Tramp AQSh-Meksika chegarasidagi noqonuniy immigratsiyani milliy favqulodda holat deb e’lon qilarkan, jinoyatchi muhojirlarni deportatsiya qilish uchun harbiylar safarbar etilishini, jinoiy kartellar xorijiy terrorchi guruh deb belgilanishini, chegaradan noqonuniy o’tgan odamlarga siyosiy boshpana ortiq berilmasligini, muhojirlar qattiqroq tekshirilishini, Meksika bilan chegarada devor qurilishini aytdi.
Tramp shuningdek strategik neft zaxiralarini to’ldirib, AQSh yoqilg’ini dunyo bo’ylab eksport qilishini, Alyaska shtatida neft va gaz konlarini burg’ulash jonlantirilishini, mamlakatlarga boj va soliq solinishini ma’lum qildi.
Tramp tariflarni oshirish iqtisodiy o’sishga turtki berishini aytsa-da, iqtisodchilar bu amerikalik iste’molchilar uchun narxlarning ko’tarilishiga olib kelishini da’vo qiladi.
Yangi rahbar xilma-xillik, tenglik va inklyuzivlikni ta’minlashga qaratilgan davlat dasturlarini qisqartirishni buyurib, AQSh hukumati faqat ikkita – erkak va ayol jinslarini tan olishini, Bayden tayinlagan 1000 nafar amaldorni ishdan olishini, bundan keyin xorijliklarning AQShda tug’ilgan farzandlariga avtomatik ravishda fuqarolik berilmasligini aytdi.
Meksikaning AQSh bilan chegarada joylashgan ayrim shaharlarida siyosiy boshpanaga hujjat topshirgan va sobiq prezident Jo Bayden paytida ishga tushirilgan ilova orqali AQSh immigratsiya idorasiga kirish uchun navbatga turgan muhojirlar Tramp qasamyod keltirishi bilan navbatlari bekor bo’lganiga guvoh bo’lishdi. AQSh Chegara xizmati ilova yopilganini ma’lum qildi.
"Tapachulada 4 oy navbatimni kutdim. Endi nima qilishni bilmaymiz. Umidlarimiz so’ndi”, - deydi venesuelalik Nidiya Montenegro.
U vatanida zo’ravonliklar va qashshoqlikdan qochganini aytadi.
“Amerika fuqarolik erkinliklari ittifoqi” Trampning dasturni yopish qarori bo’yicha sudga shikoyat qildi.
Saylov kampaniyasi paytida Oq uyda birinchi kundanoq ommaviy deportatsiyalarni buyurishga so’z bergan Tramp va’dasining ustidan chiqayotgan ko’rinadi. Dushanba kuni bir guruh gvatemalalik muhojir samolyotda AQShdan vataniga qaytarildi. Shu hafta yana beshta shunday reys kutilmoqda.