Donald Tramp bugun – 20-yanvar kuni Amerikaning 47-prezidenti sifatida qasamyod qabul qildi. Ikki suiqasdga urinishdan omon qolgan Tramp to’rt yillik tanaffusdan so’ng Oq uyga qaytmoqda.
Donald Tramp saylovchilarning misli ko’rilmagan quvvatlovi bilan Oq uyga qaytayotganini aytadi.
“Meni 47 hamda 45-prezident qilib saylagan Amerika xalqidan minnatdorman. Har bir fuqaro, uning oilasi va kelajagi uchun kurashaman. Har kun sizga xizmatdaman. Har nafas farzandlaringiz va siz munosib bo’lgan qudratli, xavfsiz va barqaror Amerikani shakllantirmaguncha tinmayman”, - deydi Tramp.
To’siqlardan qo’rqmasligi Trampni hokimiyatga qaytardi, deydi ekspertlar.
“U sezgilariga qattiq ishonadigan shaxs”, - deydi jurnalist Rass Byutner.
“New York Times” jurnalistlari Rass Byutner va Syuzan Kreyg milliarderga aylangan Donald Tramp hayoti tahlilidan iborat “Omadli omadsiz” asarining mualliflari.
“Tramp 1980-yillardan biror soha ekspertiga ishonmagan. Ularning qarorini qayta ko’rib chiqib, o’zi istagan yo’ldan borgan”, - deydi Byutner.
Binolari peshtoqiga zarhal harflar bilan o’z nomini bitgan Tramp ambitsiyalari ham shunga monand.
“New York Times”ga ilk intervyu berganida boyligi 200 million dollar edi. Oradan 10 yil o’tib, boyligi 1 milliardga yetdi”, - deydi Kreyg.
Tramp jamoatchilik e’tiboriga sazovor bo’lish va o’z nomini brendga aylantirishga muvaffaq bo’lgan tadbirkor.
Biroq omadlar ortida omadsizliklar yotadi: Uning kompaniyasi olti marta bankrot bo’lgan. Kazinolari daromadidan ayrilib yopilgan.
“Shogird” nomli teleshousi bilan shuhrat qozongan Tramp ikkinchi bor
prezidentga aylandi.
“Xonimlar va janoblar, rasman prezidentlikka nomzodligimni e’lon qilaman, AQShni takror buyuk mamlakatga aylantiramiz”, - degan edi u.
So’zlarini filtrlamaydigan Tramp millatchi shaxs sifatida ham ko’riladi.
“Meksika yaxshi odamlarni yo’llayotgani yo’q. Ular bilan narkotik, jinoyat, zo’ravonlik kirib kelmoqda”, - deydi Tramp.
Tramp Oliy sudga tayinlagan uch sudya federal abort huquqini bekor qilishga yordam bergan edi.
2020-yil COVID-19 pandemiyasi Trampni sinovdan o’tkazdi. U vaksina ishlab chiqarishni tezlashtirishga qaror qilgan bo’lsa-da, virusning real tahdidini inkor etib kelgan.
O’sha yil noyabrida 9 million kishi virus yuqtirib, o’limlar soni 230 mingdan oshganida saylovchilar Jo Bayden tomoniga og’di.
Oq uydan ketgach, Tramp qator ayblovlar bilan yuzlashdi, jinoiy ishda aybdor topilgan ilk sobiq prezidentga aylandi. Biroq uning nufuzi ortdi.
Ikki bor suiqasddan omon qolganida tarafdorlari bilan rishtalari yanada mustahkamlandi.
“Yaratganning Tramp uchun o’z rejasi bor. Uni asragani bir hikmat. U 47-prezidentga aylanadi”, - degan edi Tramp tarafdori Pem Smit.
Tramp prezidentligi davridan Amerika siyosati yangicha mazmunga ega bo’ldi.
Bir paytlar “Ortga qaytish mahorati” kitobining hammuallifi bo’lgan Tramp o’z mahorati bilan yana Oq uyga qaytishni uddaladi.