Breaking News

Tramp Meksika va Kanadaga tariflarni oshirmaydi, hozircha


Meksika, AQSh va Kanada bayroqlari, Detroyt, Michigan shtati, 3-fevral. 2025
Meksika, AQSh va Kanada bayroqlari, Detroyt, Michigan shtati, 3-fevral. 2025

AQShning uch eng yirik biznes hamkorlari Kanada, Meksika va Xitoyga nisbatan ishga tushishi kerak bo'lgan yangi tariflari ikki qo'shni uchun hozircha to'xtatildi, ya'ni shimol va janubdagi sheriklar uchun ular 25 foizga oshirilmaydi.

Prezident Donald Tramp 3-fevral kuni Meksika rahbari Klaudiya Sheynbaum va Kanada Bosh vaziri Jastin Trudo bilan muloqot olib borgan.

Sheynbaum chegarada qoradoriga qarshi kurash, xususan fentanil o'tishining oldini olish uchun 10 ming harbiy kuch safarbar etishga so'z bergan. AQSh hukumati nazarida Meksika bu muammoga ataylab ko'z yumib kelmoqda.

"Meksika shimoliy chegarasida qoradori savdosi, jumladan fentanilni yo'q qilish uchun kurashni oshiradi. Amerika esa Meksikaga kuchli qurollar o'tishining oldini oladi", - deya bayon qildi Sheynbaum.

Ikki davlat rahbarlari xavfsizlik va iqtisodiy sheriklikni yangi darajaga olib chiqmoqchi.

AQSh Kanada va Meksika bilan yangidan til topishmoqchi
AQSh Kanada va Meksika bilan yangidan til topishmoqchi

Trudo deydiki, Kanada ham fentanil savdosiga chek qo'yish uchun qo'ldan kelgan barcha chorani ko'radi. Yangi texnologiya va mutaxassislar jalb qilinadi.

"Prezident Tramp bilan yaxshigina gaplashib oldik. Tariflar kamida 30 kun ishga tushmaydi. Bu orada biz birga yechim topamiz", - deydi Trudo.

Tramp ham ijtimoiy tarmoqlarda bu borada yozar ekan, qo'shnilar AQShga qoradori kirmasligini ta'minlashni va'da qilganini ta'kidlagan.

Oq uyga ko'ra, tegishli vazirliklar yangi kelishuvlar ustida ishlab, moliyaviy tizimlardan tortib barcha jabhalarda, tijorat qayta ko'rib chiqiladi.

Meksika rahbari Klaudiya Sheynbaum Mexiko shahrida so'zlamoqda, 3-fevral, 2025,
Meksika rahbari Klaudiya Sheynbaum Mexiko shahrida so'zlamoqda, 3-fevral, 2025,

Oq uyda Iqtisodiy kengash rahbari Kevin Hassett siyosatni tushuntirar ekan, "bu savdo urushi emas, qoradoriga qarshi kurash", deya urg'uladi.

Tramp uch asosiy hamkor uchun AQSh bilan biznes qilishni qiyinlashtirish Amerika uchun ham og'ir kechishini tan oladi. Mahsulotlarning va yonilg'ining narxi oshishi aniq. Biroq, deydi u, AQSh manfaatlarini himoya qilish shunday murosani talab qiladi.

Kanadaning aholi soni jihatdan eng yirik provinsiyasi Ontario tarif oshishidan norozi bo'lib, Elon Maskning "Starlink" internet xizmatini haydagan. Trampning yaqin maslahatchisi Mask ayni damda Vashingtonda federal xizmatchilar sonini kamaytirish payida.

Ontario rahbari Dag Ford deydiki, uning hududida Amerika bizneslariga joy berilmaydi.

"Ontario "Starlink" bilan kelishuvni uloqtiradi. Iqtisodiyotimizni barbod qilishni ko'zlayotgan tomon bilan biznes qilmaymiz", - deydi Ford.

Kanadaning Ontario provinsiyasi rahbari Dag Niagara sharsharasiga yaqin joyda o'tayotgan tadbirda so'zlamoqda, 31-yanvar, 2025
Kanadaning Ontario provinsiyasi rahbari Dag Niagara sharsharasiga yaqin joyda o'tayotgan tadbirda so'zlamoqda, 31-yanvar, 2025

Tramp fikricha esa ikki qo'shni va Xitoy noqonuniy migrantlar soni ko'payishi va fentanildek xavfli moddaning Amerikaga kirib kelishi uchun yo'l beradigan davlatlar, bu muammolarga befarq.

Prezident oxirgi kunlarda ayniqsa Kanadani nishonga olmoqda. AQShning u bilan savdo kamomadi o'tgan yili 55 milliard dollarni tashkil etgan.

“O'zimiz aybdormiz, chunki ularga tayanamiz. Ulardan aslida bizga hech narsa kerakmas. Yonilg'i manbalarimiz cheksiz. Mashinalarimizni o'zimiz ishlab chiqaramiz. Yog'ochimiz ham yetib ortadi", - deydi u.

"Qiynalib qolamizmi, ha, balki shunday bo'ladi, balki bo'lmaydi. Lekin Amerikani yana buyuk davlat aylantirishimiz uchun bunday sinovlarga chidab berishimiz kerak".

Saylovda demokratlarning boy berganida saylovchi o'tgan yillarda narxlarning oshganini asosiy sabab deb ko'rsatgan.

Nyufaundlend, Kanada, 2-fevral, 2025
Nyufaundlend, Kanada, 2-fevral, 2025

Trudo AQSh tariflarni oshirsa, Kanada ham shu yo'ldan borib, Amerika uchun ham ularni ko'tarishi haqida ogohlantirgan.

Kanadaning qator provinsiyalari AQSh kompaniyalarini chiqarib yuborishga tayyorligini bildirgan. Mamlakat Amerikaning spirtli va salqin ichimliklari hamda oziq-ovqat mahsulotlariga ham eshikni yopishi mumkin.

Kanadaning AQShdagi elchisi Kirsten Hillman so'zlariga ko'ra, yechim Oq uyga bog'liq, chunki bu keskinlikni Ottava boshlamagan.

Hillman deydiki, Amerikadagi noqonuniy migrantlarning 1 foizi ham Kanada orqali kirmagan, chegara mahkam. AQSh bilan bu boradagi hamkorlik joyida, deydi u.

Meksika hukumati ham AQShga "munosib javob" berishga shay ekanini eslatib turibdi.

Amerika 2023-yilda Meksikaga 322 milliard dollardan oshiqqa teng mahsulot eksport qilgan, undan import qilingan tovarlar qiymati esa bu davrda 475 milliard dollardan ziyod bo'lgan.

Xitoy ham AQSh bilan savdoni qayta ko'rib chiqib, shartlarni keskinlashtirishi mumkinligini bildirgan.

2023-yilda AQShning Xitoy bilan tijoriy kamomadi 279 milliard dollar edi. Bu ko'rsatkich - Vashington uchun tashqi savgodagi eng yuqori defitsit.

Pekin Amerika hukumatini xalqaro qonun-qoidalarni buzayotganlikda tanqid qilib, Trampni dangal dialogga chaqirgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG