Tolibonga ko'ra, AQShdan qolgan qurol-aslaha "uzoq va samarasiz urush" nishonalaridir va bu vositalar endi Afg'onistonniki.
Bu qurollar dushmanga, jumladan AQSh agar ularni qayta olmoqchi bo'lsa, unga ham qarshi ishlatiladi, deydi Kobuldagi rahbarlar.
Donald Tramp prezidentlikni boshlashidan oldin bu mavzuda gapirib, Afg'onistonning hozirgi ma'muriyati tan olinmagani va uning iznida Amerika qurollari borligiga sha'ma qilgan edi.
Tolibon so'zlovchisi Zabihullo Mujohid deydiki, Amerika tashlab ketgan aslaha, shuningdek, oldingi hukumatdan qolgan qurollar, hammasi endilikda "muhojiddin" tuzuminiki.
“Afg'on xalqi - ularning egasi. O'z mustaqilligi, suvereniteti va islomiy tuzumni himoya qilish uchun ularni ishga soladi", - deydi Mujohiddin.
"Tashqaridan hech kim bizdan ularni talab qilolmaydi. Harakat qilishsa, biz ularni bu tomonlarga qarshi safarbar etamiz".
Muhojiddin bu gaplarni X platformasida kechgan jonli muhokamada aytgan.
AQSh boshchiligidagi xalqaro koalitsiya Afg'onistonda 20 yil harbiy harakatlar olib borgan. 2021-yilning avgustida ular mamlakatni tark etgan. Tolibon hokimiyatga qaytgan, ammo hali ham xalqaro hamjamiyat uni rasman yangi boshqaruv sifatida e'tirof etmagan.
Pentagon 2022-yilda chiqargan hisobotda Afg'onistonda qolgan qurol-aslaha qiymati qariyb 7 milliard dollar ekanini bildirgan.
Ular turli harbiy asboblar, samolyotlar va vertolyotlar, o'q-dori, zirhli mashinalar, qurollar, aloqa vositalari va boshqa strategik ashyolardir.
Tramp Bayden ma'muriyatini dushmanga Amerikaning shunday katta miqdordagi mulkini tashlab ketganlikda ayblab keladi.
Uning so'zlariga ko'ra, Tolibon moliyaviy yordam istasa, bu vositalarni AQShga qaytarishi kerak.
“Yiliga ularga milliardlab dollar berishimizni kutishsa, demak, ular bilsinki, buning evaziga biz harbiy vositalarimiz qaytarilishini talab qilamiz", - degan Tramp.
Tolibon esa bunga javoban Amerikadan bir tiyin olmaganini va ko'mak kutmayotganini eslatmoqda.
Biroq Kobuldagi tadbirlarda toliblar Amerikadan qolgan harbiy vositalarni ko'z-ko'z qilib turadi.
AQSh Trampning birinchi prezidentlik davrida, 2020-yilning fevralida Qatarda Tolibon bilan imzolangan kelishuvga asosan Afg'onistondan chiqib ketgan.
2021-yilda bu ish amalga oshirilayotgan paytda Prezident Bayden AQSh bergan so'zida turishini, aks holda qonli urush davom etishini aytgan.