Turkiyalik kurdlarning 1999-yildan beri qamoqda o’tirgan yetakchisi Abdulla O’jalon Turkiyaning kurdlar manfaatlarini himoya qiluvchi Xalqlar tengligi va demokratiya partiyasi vakillari bilan maslahatlashib, kurd isyonchilari va Turkiya hukumati o’rtasida 40 yildan beri davom etayotgan mojaroga yakun yasash maqsadida videomurojaati orqali otashkesim haqida e’lon qilishi kutilmoqda.
Turkiya armiyasining hujumlari natijasida Turkiya va Yevropa Ittifoqi terrorchi tashkilot deb topgan “Kurdiston ishchilar partiyasi” ancha zaiflashgan, Turkiya chegarasidan uzoqlashtirilgan.
Shunga qaramay Anqara qo’shni Iroq va Suriyada harakatlanayotgan qurollangan guruhni o’ziga tahdid deb biladi.
“Turkiyada tinchlik jarayoni Suriya ichidagi kelishuvlarga bog’liq. Turkiyaning ehtiyotkor bo‘layotganini ko‘ryapmiz. Agar Turkiya suriyalik kurdlar bilan kelisha olmasa yoki Turkiyaning o’zida tinchlik jarayoni olg’a siljimasa, Anqara hozirgi yo’ldan qaytishi mumkin”, - deydi Vashingtondagi Brukings institutidan tahlilchi Asli Oydintoshbosh.
Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdog’an tinchlikni o’rnatish uchun qulay sharoit mavjudligini aytarkan, Anqara qaysi masalalarda yon berishini hozircha ma’lum qilgani yo’q.
Tahlilchilar mojaro barham topishi uchun har ikki taraf murosaga tayyor turishi kerakligini aytadi.
“Kurdlar qurolsizlanish evaziga suriyalik kurdlar uchun Suriyadagi yangi rejim tomonidan muxtoriyat yoki biror maqom berilishiga umid qilmoqda. Turkiya hukumati va Suriya rejimi bunday yechimga ijobiy qaramoqda. Kurdlar Turkiyada ma’lum islohotlar o’tkazilishini ham kutmoqda”, - deydi Istanbuldagi “Islohot instituti” eksperti Mesut Yegen.
Bu orada Anqara kurdlarning Turkiyadagi qonuniy harakatini ta’qib etishda davom etmoqda. Erdog’an hukumati kurd millatiga mansub hokimlarni ishdan oldi, kurd jurnalistlarini qamadi.
Shanba kuni sharqdagi Van viloyati hokimi partiyaning kurdlarga xayrixoh bir shahar hokimini qurollangan terrorchi tashkilotga yordam berganlikda ayblab ishdan oldi.
2024-yil martida o’tkazilgan mahalliy saylovlardan beri 600 kishilik parlamentda 57 ta o’ringa ega Xalqlar tengligi va demokratiya partiyasiga a’zo sakkizta, asosiy muxolif Respublikachilar xalq partiyasiga a’zo ikkita hokim terrorga aloqador ayblovlar sabab lavozimidan olindi.
“Kurdiston ishchilar partiyasi” O’jalonning har qanday da’vatini hurmat qilishini aytsa-da, tahlilchilar mojaro sabablari bartaraf etilmasa, tinchlikka umid bo’lmasligi haqida ogohlantirmoqda.
“Kurdiston ishchilar partiyasi”ni qurolsizlantirish yoki tarqatish hiyla bo’lishi mumkin, haqiqiy bo’lmaydi. Guruh bir yildan so’ng boshqa nom bilan faoliyatini davom ettiradi. Chunki qurolli kurashni jonlantirish uchun Turkiyada kurdlar demokratik huquqlardan mahrum etilgan degan bahona o’ylab topishadi”, - deydi sharhlovchi Sezin O’ney.
Mojaro 1984-yilda boshlangan, uni to’xtatishga qaratilgan oldingi tashabbuslar samara bermadi. Tinchlikka qaratilgan bu galgi urinish 25-yildan beri qamoqda o’tirgan O’jalon uchun ozodlikka chiqish uchun so’nggi imkoniyat bo’lishi mumkin.