Breaking News

Pentagon, Kongress: AQSh Xitoydan ortda qolmasligi kerak


Stiv Faynberg AQSh mudofaa vaziri o'rinbosarligiga ko'rsatilgan. Senat, Vashington, 25-fevral, 2025.
Stiv Faynberg AQSh mudofaa vaziri o'rinbosarligiga ko'rsatilgan. Senat, Vashington, 25-fevral, 2025.

Prezident Donald Tramp Pentagondagi eng yuqori lavozimlardan biri, vazir o'rinbosarligiga nomzod sifatida ko'rsatgan Stiv Faynberg nazarida Xitoy harbiy jihatdan kun sayin kuchayib bormoqda.

Chunki, deydi u, kommunist rejim AQShni har sohada ortda qoldirishga bel bog'lagan. Faynberg Kongressni harbiy byudjetni kamaytirmaslikka, aksincha ko'proq mablag' ajratishga chaqirmoqda.

Faynberg, tadbirkor va sarmoyachi, kemasozlik, yadroviy texnologiya, aviasanoat, kiber himoya, fazoviy faoliyat, dronlar va boshqa strategik sohalarda Amerika kuchini oshirishga undamoqda.

"Biz aslo orqada qolmasligimiz kerak. Eski dasturlarni yopib, intizom va mas'uliyatga asoslangan yangi bir tizimni tezlikda shakllantirib, tejamkor va samarali programmalarni ishga solishimiz kerak", - deydi Faynberg 25-fevral uni Senatda so'zlar ekan.

Mudofaa vaziir Pit Xegsetga ko'ra, Pentagon byudjeti 8 foizga, ya'ni 50 milliard dollarga kamayadi.

2025-yil uchun o'tgan yili shu paytda Bayden ma'muriyati qariyb 850 milliard dollar so'ragan edi. Byudjet to'liq emas, qismma-qism ma'qullangan.

Demokrat senator Jek Red deydiki, harbiy soha uchun mablag'ni qirqish Pentagonni nogiron qiladi.

Respublikachi senator Rojer Uiker ham shunday fikrda va mudofaa uchun qo'shimcha 200 milliard dollar zarur, deb hisoblab chiqqan.

Yana bir respublikachi senator Dan Sullivan fikricha Xitoy bilan raqobat ayniqsa suvda muhim va AQSh fursatni boy bermasligi kerak.

"Xitoy harbiy dengiz flotini kuchaytirmoqda va u allaqachon biznikidan katta", - deydi u.

Pentagonga ko'ra, Pekin iznida hozir qariyb 370 harbiy kemaga ega. AQShniki esa 300 ga yaqin.

"Bizda ta'minot tizimi chatoq. Ish kuchimiz ham talabga javob bermaydi. Xususiy sektor bilan yaqindan ishlashimiz kerak. Harbiy tizimimizni har tomonlama mustahkamlashimiz zarur", - deydi Faynberg.

Demokratlar hukumat samaradorligini oshirishga mas'ul multimilliarder Ilon Mask va u boshliq idorani Pentagon va xavfsizlik organlarining ishiga aralashayotganlikda, maxfiy tizimlarga kirayotganlikda, unda ishlaydiganlarga bosim o'tkazayotganlikda ayblaydi.

"Bu bizning dushmanlarimiz uchun ayni muddao emasmi? Xavfsizligimizga o'zimiz tahdid solib, ularni xursand qilmayapmizmi?" - deydi demokrat senator Elissa Slotkin.

Pentagon shu kunlarda 5000 dan oshiq odamni ishdan olishni ko'zlamoqda. Tramp ma'muriyati hukumatni kichraytirish qarorida qat'iy.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG