Breaking News

Tramp: Falastinparast namoyishchilar jazolanadi


Kolumbiya universitetida falastinlik talaba hibs qilinganiga qarshi bosh ko'targan talaba ham politsiya tomonidan olib ketildi, Nyu-York, 10-mart, 2025
Kolumbiya universitetida falastinlik talaba hibs qilinganiga qarshi bosh ko'targan talaba ham politsiya tomonidan olib ketildi, Nyu-York, 10-mart, 2025

AQSh rahbari Donald Tramp 8-mart kuni Nyu-Yorkda Kolumbiya universiteti bitiruvchisi, o'tgan yili kampusda Falastin uchun namoyishlarga boshchilik qilgan Mahmud Xalil hibsga olinganiga ishora qilib, bunday choralar keng qo'llaniladi, deya ogohlantirmoqda.

"Kolumbiya va boshqa universitetlarda terroristlarni quvvatlab, yahudiylar va Amerikaga qarshi chiqishlar qilgan talabalar borligini bilamiz. Tramp ma'muriyati ularga toqat qilmaydi", - deya post qildi prezident o'zining "Truth Social" platformasida.

Xalil va u kabi Falastin tarafdorlari Isroilning G'azodagi urushini qoralab, namoyishlar tashkil etgan. Isroil bu urush XAMASga qarshi kurash ekanini ta'kidlab keladi. Isroil singari AQSh ham Xamasni terrorist guruh deb biladi.

Mahmud Halil o'tgan yili Kolumbiya universitetida Falastinni yoqlovchi, Isroilni qoralovchi namoyishlarga yetakchilik qilgan
Mahmud Halil o'tgan yili Kolumbiya universitetida Falastinni yoqlovchi, Isroilni qoralovchi namoyishlarga yetakchilik qilgan

2024-yil bahori va yozida AQShning qator yirik kampuslarida avj olgan namoyishlar joriy o'quv yilida tinib, hozirda kuzatilmaydi.

Tramp yahudiylarga nisbatan nafratga undovchi har qanday tadbirni taqiqlab, farmon chiqargan. Ichki xavfsizlik vazirligi va Davlat departamenti hamkorlikda bu chorani amalga oshiradi.

Oq uyga ko'ra, XAMAS tarafini olgan har qanday chet ellik talaba mamlakatdan chiqarib yuboriladi.

Federal sudya Jesse Furmen 10-mart kuni Mahmud Xalil ishi yuzasidan ko'proq ma'lumot so'rab, uni hozircha deportatsiya qilmaslikni buyurgan. Keyingi tinglov ikki kundan keyinga belgilangan.

Biror jinoyatda ayblanmayotgan Xalil asli Suriyadan. Kolumbiya universitetini o'tgan yili bitirgan. Amerikada doimiy yashash va ishlash huquqini beruvchi grin-kartaga ega. Rafiqasi - amerikalik. Juftlik ota-ona bo'lish arafasida.

Kolumbiya universitetida talabalar haftalab namoyishda, Ny-York, 29-aprel, 2024
Kolumbiya universitetida talabalar haftalab namoyishda, Ny-York, 29-aprel, 2024

Tramp deydiki, "Terrorizmni yoqlasangiz, begunoh erkaklar, ayollar va bolalar qatliomini olqishlasangiz, mamlakatimizda bo'lishingiz bizning milliy va tashqi siyosiy manfaatlarimizga ziddir. Bu yerda sizga joy yo'q. Amerikadagi har bir kollej va universitet bu talablarga javob berishi shart".

2023-yilning 7-oktabrida XAMAS yahudiylarga hujum qilib, 1200 odamni o'ldirib, qariyb 250 insonni garovga olgach, Isroil bu guruh hukmron G'azoda keng ko'lamli harbiy harakatlar boshlagan. 20 ga yaqin yahudiy hamon XAMAS qo'lida. Ayrimlari allaqachon jon bergan bo'lishi mumkin.

G'azodagi urushda shu kungacha 48 mingdan ziyod falastinlik halok bo'lgan. Falastin rasmiylariga ko'ra, o'lganlarning aksariyati xotin-qizlar va bolalar. Isroil hisobicha, yo'q qilinganlar orasida kamida 17 ming terrorist bor, ya'ni XAMAS jangarilari.

Falastin tarafdorlari Nyu-Yorkda namoyishda, 7-oktabr, 2024
Falastin tarafdorlari Nyu-Yorkda namoyishda, 7-oktabr, 2024

Amerika universitetlarida namoyish qilganlar Isroilga la'natlar aytar ekan, anti-semitizm, yahudiylarga qarshi nafrat targ'ib qilinmoqda, degan xavotir kuchaydi.

Namoyishlarning ayrimlari zo'ravonliklarga turtki berdi, o'quv dargohlari egallab olindi, darslar to'xtab qoldi. Falastin tarafdorlari Isroil tarafdorlari bilan to'qnashgan kunlar bo'ldi.

Xalilning advokatining aytishicha, uni federal agentlar Nyu-Yorkdagi uyidan olib ketgan. Hozirda Xalil Luiziana shtatidagi muhojirlar markazida saqlanmoqda. Uning grin-kartasi bekor qilinmoqda, deydi advokat.

Himoyachi suddan Xalilni Nyu-Yorkka qaytarishni so'ragan. Uning so'zlariga ko'ra, mijozining huquqlari mutlaq buzilmoqda, Xalil biror jinoyatda gumon qilinmasa-da, jazolanmoqda.

Amerika-Islom aloqalari kengashi, mamlakat musulmonlari nomidan gapiradigan nohukumat tashkilot, Xalil darhol ozod etilsin, deya chaqirmoqda.

Kengashga ko'ra, Xalil "genotsidga qarshi jonbozlik ko'rsatgan".

Xalilning hibsga olinishi, kengash nazarida, so'z va fikr erkinligi, immigratsiya qonunlari va Falastin ahlining insoniy huquqlarini buzishdir.

Falastin uchun namoyishlar, Kolumbiya universiteti, Nyu-York, 29-aprel, 2024
Falastin uchun namoyishlar, Kolumbiya universiteti, Nyu-York, 29-aprel, 2024

Davlat kotibi Marko Rubio "X" platformasida "XAMAS tarafdorlarining viza va grin-kartalari bekor qilinadi va ular deportatsiya bilan yuzlashadi", deb yozdi.

Xalil Tramp ma'muryati ish boshlaganidan beri qamoqqa olingan, Amerikadagi hujjatlari chetga surilayotgan ilk falastinparast chet ellikdir.

Xalil va uning safdoshlari anti-semitist emasligini aytib, Isroilning G'azodagi urushini qoralagani, tinchlikka chorlaganini aytadi. Isroilga qarshi namoyishlarda yahudiylar ham qatnashgan.

Biroq bu chiqishlarda XAMAS va Hizbulloh kabi terrochilar ham olqishlangani kuzatilgan.

Xalil o'tgan yilgi namoyishlarga liderlik qilib, universitet rahbariyati va huquq tartibot organlari bilan muzokaralar olib borgan. Yoshlarning chiqishlarida eng ko'zga ko'ringan talabalardan biri bo'lgan. Isroil tarafdorlari Trampni bu kabi faollarga nisbatan chora ko'rishga chaqirgan.

Kolumbiya universiteti Xalil ishi yuzasidan biror bayonot bermagan, jurnalistlardan tushgan savollarga ham javob qaytarmagan.

Shunisi ma'lumki, Kolumbiya universitetida falastinparast talabalar tekshiruvda va Xalil ham ular orasida.

Tramp ma'muriyati o'tgan hafta bu universitetga hukumatdan ajratilgan 400 million dollar uzatilmasligini e'lon qildi. Sabab, deya bildiradi Oq uy, oliy ta'lim maskani anti-semitizm tarqalishining oldini ololmagan.

Ayrim ma'lumotlar AP va AFP agentliklaridan olindi

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG