Breaking News

Andijonda 500 ga yaqin kishi halok bo'lgan


Guvohlarning bildirishicha, juma kuni hukumat qo'shinlari xalqqa qarata o't ochishi natijasida Andijonda 500 kishi halok bo'ldi.

Bir tabibning Assoshieytid Press agentligiga xabar berishicha, yakshanba kuni shaharning markaziy hiyobonidan jasadlar 15-maktabga keltirildi. Jasadlar, yaqinlari tanishlari oson bo'lishi uchun, maktab hududida qator qilib terilib qo'ydilar. Shu kunning o'zidayoq ular ko'mildilar.

Ommaviy qir'gindan g'azablangan aholi Andijonda militsiya mashinalariga o't qo'ydilar va shanba kuni Qir'g'iziston chegarasi yaqinidagi bir necha shahardagi hukumat binolarini ishg'ol qildilar. Aholining yana bir qismi qir'gindan qochish maqsadida Qir'g'iziston tarafga o'tishga harakat qildi, biroq ularning sanoqlilarigina buning uddasidan chiqdi.

Ko'plab guvohlarning tasdiqiga qaramay, mamlakat prezidenti Islom Karimov qo'shinlarning namoyishchilarga qarata o'q ochilishiga buyruq berilmagan, deb aytmoqda, va juma kungi qon to'kilishlarda O'zbekistonda noqonuniy hisoblangan Xizbut-Tahrir islomiy guruhining qo'li bor, deb ayblamoqda.

Biroq bu guruh vakillari Andijondagi qonli to'qnashuvlarga daxli yo'qligini ma'lum qildilar. Ularning aytishicha, to'qnashuvlarga asosiy sabab - O'zbekistonning turg'un iqtisodiyoti va Karimov hukumatining repressiv choralari. Andijondagi namoyishchilar rahbari Qobuljon Parpiyevning Assoshieytid Press agentligiga aytishicha, ichki ishlar vaziri Zokir Almatov namoyishchilarga qarshi kuch ishlatilishini oldindan ogohlantirgan ekan.

Mahalliy aholi va inson huquqlarini himoya qilish tashkilotlari vakillarining aytishicha, juma kuni kechasi bilan zobitlar jasadlarni to'rtta yuk mashinasi va bitta avtobusga joylashtirdilar.

Hukumat chet-ellik jurnalistlarning shahardan chiqib ketishini talab qildi.

Yevropa Ittifoqi Andijondagi xunrezlikni qoralab, bunga hukumatning inson huquqlarini poy-mol qilishi va nochorlikka barham bera olmaganligi sabab bo'ldi, dedi.

AQSh Davlat departamenti matbuot kotibi Richard Baucher o'zbek hukumatini namoyishchilarga nisbatan bosiqlik ko'rsatishga va muammoni tinch yo'l bilan hal etishga chorladi.

XS
SM
MD
LG