Breaking News

AQSh Davlat departamenti "Insonlar savdosi" ga bag'ishlangan hisobotini chiqardi


AQSh Davlat departamentining "Insonlar savdosi" hisobotining 2005 yilgi sonida insonlar savdosi dunyo bo'yicha tez o'sib borayotgan jinoiy ishga aylanib bormoqda, deyiladi. Zamonamizning qulchilik formasiga aylangan bu vabo yiliga 600 mingdan 800 minggacha odamlarning hayotini poy-mol qiladi.

Hisobot asosan o'g'irlanib, majburlanib, aldanib yoki qo'rqitilib majburiy mehnat yoki jinsiy aloqalarga undalgan jabr-diydalarning xalqaro miqyosdagi ahvoliga kengroq to'xtaladi. Hisobot o'z mamlakati ichida majburiy mehnatga zo'rlab jalb qilingan millionlab jabr-diydalarning ahvolini o'z ichiga olmaydi.

AQSh Davlat kotibi Kondoliza Rays "traffik" deb nom olgan balo jabr-diydalarining 80 foizini ayol va qizlar, qoq yarmini esa, aksariyat hollarda, o'z oilalari tomonidan sotib yuborilgan, bolalar tashkil etadi, deb ma'lumot berdi.

"Ular ferma va mehnat lagerlarida ishlashga majbur etiladilar," dedi doktor Rays. "Fohishaxona va kam maosh to'lanadigan ustaxonalarda ter to'kadilar. Bolalarni hattoki askar bo'lishga ham majburlashadi. Nimaiki ishga zo'rlanishsa, kunlarini qo'rquv va nochorlikda o'tkazishadi. Qaerdaki insonlar savdosi rivojlansa, o'sha yerda qonun chiriydi, korrupsiya kuchayadi, sog'liqni saqlash tizimi azob chekadi va jinoyatchilik aholining xavfsizligiga rahna soladi."

Davlat kotibi Raysning aytishicha, AQSh va boshqa taraqqiy etgan mamlakatlarga traffik jabr-diydalarini olib kelish ularga bo'lgan ehtiyojni ko'taradi va bozorni yaratadi, shuning uchun bu mamlakatlar traffikning yo'llarini yopish majburiyatini o'z bo'ynilariga olishlari kerak bo'ladi. Federal qidiruv byurosi, FBRning ma'lum qilishicha, inson savdosidan tushadigan foyda yiliga 9.5 milliard dollarni tashkil etarkan.

AQSh elchisi va Davlat departamentida inson savdosi bilan shug'ullanuvchi idoraning bosh maslahatchisi Jon Miller xalqaro traffikni to'xtatishga yetarli darajada harakat qilmayotgan va ularga nisbatan sanksiyalar tatbiq etilishi mumkin bo'lgan 14 davlatni sanab o'tdi. Bular Boliviya, Birma, Kambodjiya, Kuba , Ekvador, Yamayka, Quvayt, Shimoliy Koreya, Qatar, Saudiya Arabistoni, Sudan, Togo, Birlashgan Arab Amirliklari va Venesuela.

"Yer yuzining hech qayerida yordamga muhtoj bolalarni uzluksiz sport maqsadida yoki uy-ro'zg'orda ishlatib, tahqirlash, ayollarni esa fohishalikka majburlashga ruxsat berilmagan."

Hisobot chiqqandan so'ng 90 kun ichida insonlar traffikiga qarshi choralarni ko'rmagan davlatlarga nisbatan AQShning o'zining ular ajratayotgan yordamining ma'lum qismini kesib qo'yadi.

O'tgan yili AQSh mazkur muammoga qarshi kurash uchun boshqa davlatlarga 96 million dollar pul ajratgan.

2005 yilgi hisobot shuni xulosa qiladiki, tobora ko'proq mamlakatlar insonlar savdosi muammosini hal qilishga kirishmoqdalar va ko'rilayotgan choralari bilan o'rtoqlashmoqdalar. Biroq bu vaboni butunlay yo'qotish uchun har bir mamlakat, va shu jumladan AQSh ham bundanda ko'proq harakat qilishi mumkin.

Yillik hisobot AQSh Kongressi jahon bo'yicha inson savdosi haqidagi vaziyatni hujjatlashtirish kerakligi borasida besh yil burun qabul qilingan qonunga javoban chop etib turiladi.

XS
SM
MD
LG