Breaking News

AQSh Senatori: O'zbekiston hukumati siyosiy inqirozga yuz tutishi mumkin


O’tgan bir-ikki oy ichida, ayniqsa, Andijondagi qo’zg’olonga qonli nuqta qo’yilganidan beri, AQSh siyosiy markazi Vashingtonda, jumladan AQSh qonun chiqaruvchi organi Kongressda O’zbekiston rahbariyatiga nisbatan tanqid kuchaygan. AQSh bu mamlakatga nisbatan siyosatini tamoman o’zgartirmasa bo’lmaydi, deya bong urayotganlar ko’p.

Bundan atigi 3-4 yil avval Karimovni AQShning eng yaqin hamkorlaridan biri, deb hisoblagan AQSh qonun chiqaruvchilari endi to’nlarini teskari kiyganlar, desa ham bo’ladi. O’zbekistonga moliyaviy yordamni qisqartirish taklifi bilan chiqayotgan Respublikachi senator -Yevropada xavfsizlik va hamkorlik bo’yicha AQSh komissiyasi raisi va Kanzas shtatidan saylangan qonun chiqaruvchi- Sam Braunbek (Sam Brownback) bilan ana shu mavzuda suhbat qildik.

- Janob Senator, avvalombor Amerika Ovozi O’zbek xizmati bilan suhbatlashishga vaqt ajratganingiz uchun minnadorchilik bildiramiz. Keling, muloqotimizni O’zbekiston va AQSh o’rtasidagi ayni damdagi aloqalar haqida boshlasak. O’tgan oylar ichida munosabatlar ancha salbiylashgani kuzatilmoqda, siz bu holatni qanday ta’riflagan bo’lardingiz?

BROWNBACK: AQSh-O’zbekiston munosabatlari salbiylashgan, ammo bu O’zbekiston hukumatining ayni bilan yuz beryapti. Ikki davlat orasidagi munosabatlarning kelajagi porloq bo’lishiga shubham yo’q, ammo Andijondagi voqealar va uning ustidan xalqaro tekshiruv o’tkazishga yo’l berilmayotgani, Karimov rahbariyatining ham siyosiy, ham iqtisodiy sohalarda repressiv qadamlar tashlashi, bizning aloqalarimizga salbiy ta’sir qilmoqda. Albatta, biz bunday bo’lishini istamaymiz. Lekin bu Karimovning qo’lida va hozirgacha u noma’qul qarorlar qilmoqda.

- O’zbekiston hukumatiga, sizningcha, hali ham qonuniy hokimiyat sifatida umid bilan qarashyaptimi?

BROWNBACK: Menimcha, O’zbekiston hukumatining kuchi va unga nisbatan xalqning ishonchi ancha pasaygan. Hokimiyatning qonuniyligiga katta zarar yetdi, desa bo’ladi. O’zbekiston Rossiya va Xitoy bilan yaqinlashib bu holatdan chiqa olmaydi, balki buning uchun Karimov hukumati xalqqa erkinlik berishi lozim. Fuqarolarga siyosiy va iqtisodiy erkinlik berishi lozim.

- Shu yilning 13 iyulida Vashington Post gazetasida chiqqan ma’lumotga ko’ra, Bush rahbariyati Karimovga, Andijon voqealari ustidan mustaqil tergovga ruxsat ber, aks holda siyosiy inqirozga yuz tutasan, qabilida ogohlantirish bermoqchi. Bundan xabaringiz bormi?

BROWNBACK: Ha, xabarim bor.

- Siyosiy inqiroz deb, Bush rahbariyati, nimani nazarda tutyapti?

BROWNBACK: Bu degani, Karimov hukumati islohotlar uchun yo’l bermas ekan, xalqaro hamjamiyat bu hukumatni quvvatlamaydi. U taqdirda AQSh hayrihohligida unga qarshi bosim o’tkazila boshlaydi. Chunki Karimov hukumati O’zbekiston xalqi istagini aks ettirmayapti va u fuqaro erkinligi asosida ish yuritmayapti.

- AQSh bu rejasi bilan O’zbekistonning hozirgi hukumatini qurolli inqilob orqali ag’darilishini quvvatlaymiz, demoqchimi?

BROWNBACK: Aslo. Yoq’, biz bunday ishora qilayotganimiz yo’q. Biz diplomatiya yo’li bilan masalani hal etilishi istaymiz. Gruziya, Ukraina va Livanda xalq tinch tarzda ko’chaga chiqib, o’z hukumatiga nisbatan ishonchini yo’qotganini namoyish etdi. Xalq bu kuchdir.

- Janob Braunbek, siz Amerika siyosatchilari orasida Karimov bilan ancha tanish senatorsiz. Agar bugun O’zbekiston rahbari bilan gaplashish imkoniyati bo’lganda, nima degan bo’lardingiz unga?

BROWNBACK: Men janob Karimov bilan gaplashishga ko’p marta urindim. To’g’ridan-to’g’ri telefonda muloqot qilmoqchi va hatto elchixona orqali gaplashmoqchi bo’ldim, ammo rad javobini oldim. Karimov bilan gaplashsam unga, imkoniyatdan foydalan, siyosiy-iqtisodiy islohotlar o’tkaz, aks holda g’arb, ayniqsa AQSh seni quvvatlamay qo’yadi, degan bo’lardim.

- AQSh O’zbekistonni islohotlar o’tkazishga majburlash uchun qanday bosim vositalariga ega? Ayniqsa, hozir. AQSh boshchiligida unga qarshi sanktsiyalar qo’yilgan taqdirda, Rossiya va Xitoy O’zbekistonni quvvatlashga tayyorligini bildirmoqda.

BROWNBACK: Menimcha, biz o’zgarishlar yuz berishi uchun yetalicha bosim vositalariga egamiz. Gruziya, Ukrainadagi inqiloblarda minglab kishilar ko’chaga chiqdi. Bu mintaqadagi mamlakatlarga ilhom berdi. Odamlar taqdirlari, hayotlarini yaxshilash, ularning o’z qo’lida ekanini anglashmoqda. O’zbekistonda ahvol yomonlashib borar ekan, unga xalqning qarshiligi kuchayadi. Qurolli inqilob emas, Gruziya va Ukrainadagi kabi vaziyat vujudga kelishi mumkin. Rossiya va Xitoyning maqsadini bilaman. Ular o’z manfaatlarini ko’zlamoqda. Ular o’z kuch-qudratini mustahkamlash payida. O’zbekiston azaldan buni tushunib kelganini bilaman.

- AQSh-Markaziy Osiyo o’rtasidagi harbiy hamkorlik katta masalaga aylangan. Mintaqa hukumatlari Amerika qo’shinlari qachon yerimizni tark etadi, deb so’rashmoqda. AQSh uchun mintaqada qo’shin saqlash qanchalik muhim?

BROWNBACK: Markaziy Osiyo bilan harbiy hamkorlik qilish biz uchun muhim. Ammo, bazalarni, qo’shinlarni mintaqadan tashqariga ko’chirish uchun imkoniyat ham bor. Ammo, agar qo’shinlarimiz mintaqadan, masalan O’zbekistondan chiqsa, bu ko’proq mamlakat xalqiga qimmatga tushadi. Chunki, baza sabab, mamlakatga naqd pul kirmoqda. Shuningdek, bu kuchlar mahalliy harbiylarni tayyorlashda, chiniqtirishda o’z hissasini qo’shyapti. Aytganimdek, biz mintaqaning boshqa yerlarida baza ochish imkoniga egamiz. Mintaqada qolish AQSh uchun muhim, chunki u yerda katta amaliyotlar olib borilmoqda.

- AQSh hukumati mintaqaga nisbatan aniq bir, yakdil siyosiy strategiyaga egami?

BROWNBACK: Bilasizmi, biz mintaqa hayotini yaxshilanishi uchun iloji boricha harakat qilib kelyapmiz. AQSh Karimovga siyosatini qayta ko’rib chiqishi keraklicha vaqt berdi. Gap shundaki, O’zbekistonda ijobiy o’zgarishlar bo’lmas ekan, bizning ham siyosatimiz boshqa tomonga buriladi. Aytganimdek, munosabatimizning o’zgarishi O’zbekiston hukumatining hatti-harakatiga bog’liq.

- Janob Senator, yaqinda Vashingtonda O’zbekiston muxolifatining a’zolari bilan uchrashdingiz, so’zlashdingiz, hatto ba’zilari siz raisligingizdagi Xelsinki komissiyasi qarshisida O’zbekistondagi vaziyat va o’z faoliyatlari haqida bayonot ham berishdi. Xo’sh, ular haqida qanday fikrdasiz? Sizningcha, mamlakatni boshqarish O’zbekiston muxolifatining qo’lidan keladimi?

BROWNBACK: Menimcha, ular mamlakatni boshqarishga qodir. Mening nazarimda, xalqni boshqarish uchun albatta amaliy tajriba, aql va sofdil yurak kerak. Hukumatning ishi xalqqa g’amho’r bo’lish, uning ustidan hukmronlik qilish emas. O’zbekistonda fuqaro jamiyati qurish yo’lida biroz harakat bo’ldi, ammo Gruziya va Ukrainadagi singari faollik yo’q. Shu bois, mamlakat muxolifatini jonlantirish lozim. Ular, Karimov hukumatdan ketgach, mamlakatni idora qilishga tayyor bo’lishi lozim.

- Rahmat, janob senator.

XS
SM
MD
LG