Breaking News

Karen Xyuz AQShning jahondagi obro'sini ko'tarish yo'llarini oshkor qilmoqchi


AQSh Davlat departamentining Xalq diplomatiyasi bo'yicha yangi kotib muovini Karen Xyuz AQShning chet-eldagi obro'sini yaxshilashga qaratilgan kampaniyani boshlash arafasida. Kampaniya 11 sentyabr fojeasining to'rt yilligini xotirlashning boshqacha ko'rinishini ham o'z ichiga oladi.

AQSh rasmiylarining aytishicha, Karen Xyuz AQShning chet-eldagi elchilaridan 11 sentyabr fojeasining to'rt yilligini maxsus tadbirlar bilan xotirlashni so'ragan va tadbirlarda terrorizm nafaqat AQShni o'z nishoniga olganiga urg'u berish kerakligini tayinlagan. Davlat kotibining xalq diplomatiyasi bo'yicha yangi muovinining mazkur ko'rsatmalari Karen Xyuzning AQShning chet-eldagi obro'sini ko'tarishga qaratilgan vazifani bajarishga kirishib ketganidan dalolatdir.

Masalan, Xyuz xonim AQShning Misrdagi elchisiga 11 sentyabr kuni Qizil dengiz bo'yidagi Sharm-al-Shayx kurortiga borishni tavsiya qilgan. U yerda iyul oxirida sodir etilgan terror xuruji oqibatida 60 kishi halok bo'lgan edi.

U, shuningdek, AQSh elchixonalarini turli din rahbarlari ishtirokidagi munozalarga jalb qilishga da'vat etdi.

Davlat departamentidagi matbuot brifingida departament rasmiy vakili Shon Makkormak 11 sentyabr fojeasi xotirasiga bag'ishlangan tadbirlar 2001 yilgi terror xurujlarida 3 mingga yaqin fuqarosini yo'qotgan AQShning terrorizm balosi oqibatida begunoh fuqarolarini yo'qotgan boshqa mamlakatlar bilan hamnafas ekanligini namoyon qiladi.

Shon Makkormak: "Bu tadbirlar orqali barchamiz terrorizmga qarshi kurashda birga ekanligimizni ko'rsatmoqchimiz. Chunki terrorizm chegara nimaligini, din nimaligini, siyosiy mafkura nimaligini bilmaydi. Olib borayotgan kurashimiz o'z maqsadlariga erishish uchun zo'ravonlikni o'ziga qurol qilib olgan kichik sonli odamlarga qarshidir."

Makkormakning aytishicha, Xyuz xonim o'z strategiyasini shu payshanba kuni Davlat departamentining xizmatchilari bilan bo'ladigan uchrashuv chog'ida bayon qiladi. Uchrashuvda Davlat kotibi Kondoliza Rays ham ishtirok etadi.

Hozircha ushbu strategiya haqida to'liq ma'lumot yo'q, biroq ba'zi xabarlarga ko'ra, AQSh siyosatining chet-el ommaviy axborot vositalarida noto'g'ri talqin qilinishiga munosabat bildiradigan tezkor guruhlarning tuzilishi ana shu strategiyaning bir bo'lagidir.

Nyu York Tayms gazetasining xabar qilishicha, Xyuz xonimning taktikasiga, Bush ma'muriyati rasmiylarining arab tilidagi Al-Jazira teletarmog'ida tez-tez chiqib turishlari ham kiradi. Uch haftadan beri mazkur lavozimda rasmiy ish boshlagan Karen Xyuz musulmon guruhlar rahbarlari va talabalar bilan uchrashishga ulgurdi.

XS
SM
MD
LG