Breaking News

BMT Bosh kotibi a'zo davlatlarning yakkaxonligini cheklashga urinmoqda


Birlashgan Millatlar Tashkilotining 60 yilligi tantana qilinar ekan, uning qarorgohi joylashgan mamlakat va eng yirik homiysi bo’lmish AQSh bilan aloqalar ayni damda maqtovga arzigulik emas. Ammo, deya xabar beradi BMTdagi muxbirimiz Piter Haynlayn, AQSh ham, BMT ham o’tgan yillar ichida sovuqlashgan munosabatlarni tiklash - xalqaro hamjamiyat uchun naqadar muhim ekanini tushunadi.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti va uning mezboni AQSh o’rtasidagi aloqalar o’tgan ikki yarim yil ichida eng murakkab va salbiy davrni boshdan kechirdi. AQSh, BMT Xavfsizlik kengashining ruxsatisiz Iroqqa qarshi urush ochgach, asosiy tanglik boshlandi, deya izohlashadi BMT sharhlovchilari.

Oradan ko’p o’tmay, BMT Bosh kotibi Kofi Annan tashkilotda olamshumul o’zgarishlar qilmasak bo’lmaydi, deya bong ura boshladi. Maqsad, a’zo mamlakatlarning o’zboshimchaligini cheklash edi.

Joriy yilning mart oyida BMT islohoti rejasini taqdim etgan Kofi Annan, barcha takliflarning 60-yillik munosabati bilan Nyu Yorkdagi qarorgohda o’tadigan sammitda ma’qullanishini talab qildi.

"Gap shundaki, biz chegera bilmas, o’zaro bog’liq dunyoda yashaymiz,"-dedi janob Annan. "Shunday dunyoki, unda bu yoki u qiyinchilik faqat bu yoki u davlatning muammosi emas, balki butun jahon yuzlashayotgan qiyinchilikdir. Bu shunday qiyinchiliklar va tahdiddirki, ularni hech bir mamlakat yakka holda, qanchalik qudratli bo’lishidan qat’iy nazar yenga olmaydi. Shu bois biz tashkilot sifatida hammaning va har bir davlatning manfaatini o’ylamog’imiz darkor. BMTning samarali faoliyat ko’rsatishi AQSh hukumati va uning manfaati uchun, shu bilan bir qatorda boshqa davlatlar va xalqlar manfaati uchun ham xizmat qiladi."

AQSh Iroqqa urush ochib, noqonuniy harakat qildimi, deb so’ralganda, Kofi Annan, ha, deb javob berdi. Bunday munosabat Iroqdagi urushni adolatli va arzigulik deb hisoblovchi Bush rahbariyati va AQSh qonun chiqaruvchilari orasidagi ba’zilarning g’azabini keltirmay qo’ymadi.

Kongressda BMTdagi islohotlarni tekshirish uchun maxsus hay’at tuzildi va tashkilotda korruptsiya, jumladan Iroqda neftga oziq-ovqat almashish dasturi ustidan qilingan tanqid va ayblovlar birma-bir ko’rib chiqila boshladi. Bu orada prezident Bush BMTning ashaddiy tanqidchisi sifatida tanilgan diplomati Jon Boltonni tashkilotdagi elchisi etib tayinladi.

Ba’zi sharhlovchilar nazarida, bu kabi xalqaro kelishmovchiliklar tabiiy hol. Nyu Yorkdagi Kolumbiya Universiteti professori Edvard Luk, AQShning Iroqni bosib olishi AQSh-BMT aloqalarini salbiylashtirdi, ammo bunda Amerika va BMTning boshqa yirik a’zolari o’rtasidagi kelishmovchilikni ham unutmaylik, deydi.

"AQSh-BMT aloqalarida muvozanat yetishmaydi. Bu tashkilot tarixidagi eng og’ir davr. AQSh hamisha BMTga nisbatan ikki yoqlama siyosat olib borgan. Chunki, Amerikadek qudratli davlatning 191 a’zolik tashkilot ichida faoliyat ko’rsatishi oson emas. Bu aslida g’alati hol,"- deydi janob Luk.

Osonmi yoki g’alatimi, BMT ham, AQSh ham hamfikrlikda ish tutish har ikki tomon uchun birdek foyda ekanini tushunamiz, deydi.

Hozirda Shvetsiyaning AQShdagi elchisi va shu oy BMT Bosh assambleyasining prezidentligi kursisiga o’tirayotgan Yan Eliasson, AQShning dunyodagi yetakchiligida BMT eng asosiy rol o’ynaydi, deydi:

" AQShning dunyodagi eng qudratli davlat ekaniga shubha yo’q. Buni hamma tan oladi. Ammo, bu qudrali mamlakat xalqaro miqyosda ish yuritish uchun, xalqaro hamjamiyatning boshqa a’zolariga quloq tutish ham uning manfaati uchun xizmat qilishini anglashi lozim. Iroqni Afg’onistonga taqqoslasak, bu falsafa ma’nosini darhol tushunamiz. Umid qilamizki, AQSh tarixda bo’lganidek, o’zining xalqaro hamkor degan nomini oqlashda davom etadi."

BMTdagi islohotlarni tekshirgan sobiq senator Jorj Mitchell ham shu fikrda. AQSh va BMTning maqsadi bir, deydi u.

"Bunda kelishmovchilik yo’q. Odamlarning asosiy maqsadlari bir. Balki qisqa muddatli masalalar yuzasidan hamfikr emasdirmiz, ammo amerikaliklar boshqa xalqlar bilan tilakdosh va umiddoshdirlar."

Kolumbiya Universiteti professori Edvard Lukning aytishicha, ko’pchilik amerikaliklar BMTni yaqindan qo’llab-quvvatlaydi.

"Gallup tadqiqot markazi o’tkazgan ommaviy so’rov natijalariga ko’ra, xalqning 13 foizigina AQSh BMTdan chiqishi lozim, degan fikrda,"-deydi janob Luk. "Ko’pchilik amerikaliklar, xalqaro miqyosda yaxshi fuqaro bo’lishni istaydi, ammo AQSh o’zligini unutmasligi lozim; o’z qadriyatlari va maqsadi yo’lida, boshqalarning fikriga quloq solgan holda, ammo mustaqil ish yuritishda ham davom etishi lozim, deb hisoblaydi. Shunday ekan, AQSh-BMT munosabatlari murakkabligicha qolaveradi, biroq bir-biridan yuz o’girishga hojat yo’q.”

Siyosatshunos Luk nazarida, Vashington ba’zi masalalarda o’zboshimcha yo’l tutishda va turlicha fikrlashda davom etarkan, BMT va AQSh o’rtasidagi munosabatlar nosikligicha qolaveradi.

Chunonchi, tahlilchilar ham, diplomatlar ham, AQSh zaminida vujudga kelgan umumjahon tashkiloti bo’lmish BMT va uning eng yirik moliyaviy ta’minlovchisi Amerika orasida 60-yillik hamkorlik va ba’zida keskin va ba’zida ahil tarix yotibdi.

XS
SM
MD
LG