Breaking News

AQSh musulmonlari terrorga qarshi kampaniya boshladilar


AQSh ga qarshi qaratilgan mash'um 11 sentyabr voqealaridan to'rt yil o'tib, AQSh dagi musulmon tashkilotlar rahbarlari terrorizmni birday qoraladilar va musulmonlarni terrorizm g'oyalarini targ'ib qilayotgan dindorlardan ogoh etuvchi jamoatchilik kampaniyasini boshladilar.

Londondagi terror xurujlari AQSh musulmonlarini ana shu kampaniyani boshlashga majbur qildi. 11 sentyabr xurujlarini chet-elliklar amalga oshirgan bir paytda, Londondagi portlashlarning orqasida Buyuk Britaniyada tug'ilib, voyaga yetgan musulmonlarning turganligi ajablanarli hol.

"Ilgarilari odamlar dinimizni toza va bizning terrorizmga aloqamiz yo'q, deb hisoblashar edi," deydi Los Anjelesda joylashgan Jamoatchilik bilan aloqalar o'rnatish musulmonlar kengashining ijrochi direktori Salom al-Marayati. "Bundan keyin biz chetda tura olmaymiz. Biz bir ovozda terrorizmga qarshi gapirmoqdamiz. Bolalarimizga esa ularning yoniga kelib, zo'ravonlikni targ'ib qilayotgan odamlardan narida turishni maslahat beryapmiz.

AQSh va Kanadada eng yirik musulmon tashkilotlardan hisoblangan Shimoliy Amerika Islom Jamiyatining Bosh kotibi Said Saidning aytishicha, Londondagi portlashlar G'arb dunyosida tug'ilib, voyaga yetgan hamda tarbiyasi va muhitga qaramasdan, boshqa g'oyalarga osonlikcha beriladigan musulmonlarning borligini ko'rsatib berdi.

O'zining yillik yig'ilishida Shimoliy Amerika Islom Jamiyati masjid va madrasalarga mo'ljallangan va terrorizmga qarshi tasvirlangan plakat va qo'llanmalarni taqdim etdi. Ularda terrorizm begunoh odamlarni nishonga oladigan adolatsizlik nishonasi sifatida tasvirlangan.

Yaqinda AQSh Davlat kotibining Xalq diplomatiyasi bo'yicha muovini etib tayinlangan Karen Xyuz jamiyat yig'ilishida ishtirok etdi. Bir oy oldin, Londondagi portlashlardan so'ng, AQSh ulamolari birgalikda fatvo chiqarib, terrorizmni qoraladilar. Fatvo islom dinida terrorizm oqlanmaydi, deyiladi. Karen Xyuzning aytishicha, bu so'zlarni butun dunyo eshitishi kerak. Va bu so'zlar musulmonlarning o'zlari aytgandagina jiddiy qabul qilinadi, deydi u.

XS
SM
MD
LG