Breaking News

9/11 - Birdamlik Sayli


Amerikaliklar tomonidan “9/11” deya ta’riflanadigan 11 sentyabr voqealari bu safar Vashington shahrida, “Birdamlik uchun sayl qilamiz,”- degan shior ostida yodga olindi. Uch yirik din vakillari, ya’ni yahudiylar, musulmonlar va nasroniylar tomonidan tashkil etilgan saylda turli yoshdagi mingdan ziyod kishilar, turli irq, millat va din vakillari ishtirok etdilar. Sayl Vashingtondagi yahudiy sinagoasidan boshlanib, shaharning eng katta masjidida o’z nihoyasiga yetdi. Tadbir boshida so’z olgan, Amerika Universiteti professori, Doktor Akbar Ahmad bugungi sayl barcha dunyo xalqlari va millatlari uchun o’rnak bo’lmog’i lozim dedi:

- "So’zimni men rahmdil va mehribon Alloh nomi bilan boshlamoqchiman. Rahmdillik va mehribonlik, yaratgan tomonidan barcha insonlarga berilgan hislat. Bugun biz bu yerga 11 sentyabr voqealarida halok bo’lganlarni xotirlash uchun yig’ilgan ekanmiz, shuni alohida ta’kidlamoqchimanki, aynan shu kuni 19 nafar terrorchi rahmdillik va mehr tuy’gularidan yuz o’girib, minglab insonlar hayotiga zomin bo’ldi. Minglab odamlarning yuragiga nayza sanjidi. Har kuni atrofimizda har hil xurujlar, qotilliklar ro’y bermoqda, ularda yuzlab turli din va irq vakillari halok bo’lmoqda. Shunday ekan, men barchangizni, hoh hindu, hoh musulmon, hoh yahudiy, hoh nasroniy bo’ling, mehrli va rahmdil bo’lishga chaqirmoqchiman."

Yahudiy ruhoniysi, ravin Bryus Lyustik ham so’zga chiqib, yig’ilganlarga va tashkilotchilarga o’z minnatdorchiligini bildirdi:

- "Tarix bizga katta saboq bermoqda. Bugun bu yerda minglab odamlar, turli din vakillari yig’ilib birdamlikda bo’lgandagina yovuzlik va zo’ravonlikka qarshi kurashish mumkinligini anglab turibmiz. Biroq buni biz 11 sentyabr voqealaridan oldin anglaganimizda bu kabi ayanchli va dahshatli qon to’kilishlariga guvoh bo’lmas edik."

Rasmiy nutq va chiqishlardan so’ng, minglab ishtirokchilar ko’cha bo’ylab saylni boshladilar. Marosimning asl mohiyati bilan qiziqib, tadbir tashkilotchilaridan biri Erik Shvarzga murojaat qildik.

- "Bugungi tadbirimizning asosiy maqsadi shuki, 11 sentyabr kuni insonlar yuragidan nafaqat qayg’u va a’lam kuni, balki birdamlik, barcha dinlarning birlashgan kuni sifatida ham joy olsin. Kelajakda ham shu kabi tadbirlar o’tkazishni rejalashtirganmiz va o’ylaymanki, ishtirokchilar bu harakatlarimizni to’g’ri baholab, bizga sherik bo’ladilar va halok bo’lganlarni xotirlab, bundan buyon bu kabi yovuzliklar hech qayerda sodir bo’lmasligi uchun birgalikda harakat qiladilar."

Saylning asosiy yo’nalishi sifatida Massachyussets Avenyusining tanlanishi ham bejiz emas. Sabab bu yerda ko’plab elchixonalar joylashgan va ko’chani “elchihonalar qatori” deb atashadi. Sayl ishtirokchilari maxsus yulduzchalar taqib, rang-barang tasmalar bog’lab, asta qadam tashlar ekanlar, ko’ngillarida bu harakat bilan dunyo xalqlariga tinchlik xabarini ulashayotgandek bo’ldilar.

- "Men hindu bo’lsamda, ushbu tadbirni eshitgach bajonidil ishtirok etishga rozi bo’ldim. 11 sentyabrdan keyin dunyo g’azabga va alamga to’ldi. Orada tushunmovchiliklar va dinlar aro ziddiyatlar vujudga keldi. Mazkur saylimiz orqali biz dunyoga, endi vaziyat o’zgarganini, turli millat va din vakillari hamjihatlikda yashay olishini yetkazmoqchimiz", deydi hindu ruhoniysi Rukmina Voker."

Sayl ishtirokchilari - hoh sinkxlar hoh grek ibodatxonasi vakillari, hoh katoliklar, hoh protestantlar, hoh babtistlar, hoh shialar bo’lsin barchasi birdek, tinchlik va birdamlik tarafdorimiz degan nomalar bilan ommaga murojaat qildilar. Sayl ishtirokchilari xavfizligini tam’inlash uchun yuzlab politsiyachilar jalb etildi.

Biz turli din vakillari bo’lsakda barchamizni birlashtiruvchi omillar bor, deydi katolik ruhoniysi, episkop Jon Cheyn:

- "Barchamiz insonmiz, yagona xudoga ibodat qilamiz va birdek iltijo qilamiz. Biz juda katta o’zgarishlar va qiyin davrda, siyosatchilar o’z vazifalarini uddalay olmayotgan davrda, diplomatlar muammolarni yecha olmayotgan davrda yashamoqdamiz. Aynan shu davrda yaratgan egamiz barchamizni ko’nglimizga mehr va sabr tuyg’usini ato qilib, mana bugun ular qila olmayotgan ishlarni oddiygina, birdamlik va hamjihatlik harakati ila qilishimizga undamoqda."

G’ayratga to’la, yuragida o’ti bor ishtirokchilar saylni, buyuk hind o’gloni Mahatma Gandi haykali oldida yakunladilar.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG