Breaking News

Markaziy Osiyo xabarlari - 19-20 dekabr


Turkmaniston

Turkmaniston prezidenti Saparmurat Niyozov o'z vazirlariga olti oy muhlat berib, shu vaqt mobaynida ingliz tilini o'rganishni buyurdi. Aks holda vazirlar o'z lavozimlaridan ayrilishlari mumkin. Uning aytishicha, vazirlar va boshqa mulozimlar chet-ellik firma va hukumat vakillari bilan tarjimonsiz so'zlasha olishlari kerak.

"Tilni o'zingiz o'rganasizmi yoki xususiy muallim yollaysizmi, bu sizning ishingiz. Qarorimni bajarmagan odam o'z kursisini bo'shatishga majbur bo'ladi" deya ogohlantirdi Niyozov.

Xitoy

19 dekabr kuni Xitoy, Rossiya, Qozog'iston, Qirg'iziston va Tojikiston rasmiylari Pekinda o'zaro chegaralarni belgilashga qaratilgan navbatdagi uchrashuvga yig'ildilar. Bu maqsadda tuzilgan ishchi guruh 15 yildan beri faoliyat ko'rsatib keladi va besh davlatning o'zaro chegaralari bo'yicha da'vo va kelishmovchiliklarini hal qilishga yordam beradi. Bu safargi to'qqiz kunlik yig'ilishda guruh faoliyatining 15 yilligini nishonlaydi va kelajak rejalar haqida kelishib oladilar. So'nggi 15 yil ichida guruh xaritadagi bir necha yuzlab topografik muammolarni hal qildilar.

Qozog'iston

Qozog'istondagi muxolif partiyalar kecha Oliy sudga murojaat etib, 4 dekabrda o'tgan prezident saylovlari natijalarini bekor qilishni so'radilar. Ular Nazarboyev o'z muddatini ovozlarni soxtalashtirish orqali uzaytirdi, deb ta'kidlamoqdalar. Bu borada "Ozod Qozog'iston uchun" partiyasi bayonot chiqardi.

7 dekabr kuni e'lon qilingan saylov natijalariga ko'ra, 91 foiz saylovchilar Nazarboyevni qo'llab-quvvatlaganlar va atigi 6.6 foizi sobiq parlament spikeri Jarmaxon Tuyoqboyga ovoz berganlar. Biroq 1,300 dan ziyod saylov uchastkalarida saylovlarni kuzatgan Tuyoqboy vakillarining hisoblariga ko'ra, aynan shu uchastkalarda ikki nomzodga berilgan 1.4 million ovoz nisbati Nazarboyev foydasiga atigi 75 mingga farq qilishi mumkin xolos.

Qirg'iziston

20 dekabr kuni Bishkekda Bosh vazir Feliks Kulov boshliq Qirg'iziston hukumati qasamyod qabul qildi. Mazkur marosimda mamlakat prezidenti Kurmanbek Bakiyev va parlament deputatlari ishtirok etdilar. Marosimda so'zga chiqqan Bakiyevning aytishicha, ba'zi vazirlar kursilariga o'tirgach, bergan va'dalarini esdan chiqarib qo'yadilar. Uning aytishicha, har bir vazir qasamyod matnini o'z ishchi stoli ustida saqlashi kerak.

XS
SM
MD
LG