Breaking News

Markaziy Osiyo xabarlari - 22 dekabr


Qirg'iziston

21 dekabr kuni Xitoy tashqi ishlar vaziri Li Chjaosin Xitoyga besh kunlik tashrif bilan kelgan Qirg'iziston tashqi ishlar vaziri Alikbek Jekshenkulov bilan uchrashdi. Uning aytishicha, Xitoy Qirg'iziston bilan BMT va Shanxay Hamkorlik Tashkiloti doiralaridagi muloqotlarini kuchaytirishga tayyor. Li Chjaosin o'z hamkasbiga Tayvan masalasida rasmiy Pekinni qo'llab-quvvatlagani uchun minnatdorchilik bildirdi. Vazir Jekshenkulovning aytishicha, Qirg'iziston yaxlit Xitoy siyosatini qo'llab-quvvatlaydi.

Qozog'iston

21 dekabr kuni Qozog'istonning Taroz shahrida Qozog'iston va Qirg'iziston bosh vazirlari o'zaro uchrashuv o'tkazdilar. Danial Axmetov va Feliks Kulovlar ikki mamlakat o'rtasida yig'ilib qolgan qator muammolarni, jumladan elektroenergiya, Qozog'istonda ishlayotgan qirg'izistonlik muxojir ishchilar taqdiri, Qirg'izistonga yonilg'ini jo'natish va qirg'iz neftini Qozog'istondagi zavodlarda qayta ishlash, ikki mamlakat chegarasida maxsus savdo zonalarini tashkil qilish, Qozog'istonga Issiq Ko'ldagi to'rt dam olish maskanlarini berish, 2003 yil oxirida imzolangan ittifoqchilik shartnomasini ratifikatsiya qilish hamda Markaziy Osiyo Taraqqiyot va Hamkorlik Bankini bekor qilish kabi masalalarni o'zaro muhokama qildilar.

Tojikiston

Yevropa Tiklanish va Taraqqiyot Banki Tojikiston aviakompaniyasiga lizing asosida ikkita samolyot sotib olishi uchun 5 million dollarlik grant ajratdi. Ikki kun ilgari Tojikiston parlamenti Bank bilan bu boradagi shartnomani yoqlagan edi. Xabarlarga ko'ra, olinayotgan samolyotlar yangi emas. Ular ba'zi chet-el aviakompaniyalari tomonidan 4-5 yil ishlatilgan xolos. Parlament o'z qarori bilan Tojikiston aviakompaniyasini import soliqlaridan ham ozod qildi. Aviakompaniya ayni damda 9 ta Tu-154 rusumli samoyolotlardan foydalanmoqda. Biroq ularning beshtasi ikki yildan so'ng va qolgan 4 tasi esa besh yildan so'ng ekspluatatsiyadan chiqariladi.

Turkmaniston

21 dekabr kuni Turkmanistonda Saparmurat Niyozovning hokimiyat tepasida 20 yilligi nishonlandi. Niyozov hokimiyatga SSSR davrida Turkmaniston Kommunistik partiyasining birinchi kotibi sifatida 45 yoshida kelgan. O'shandan so'ng o'tkazilgan ikki prezidentlik saylovlarida g'olib chiqqan va 1999 yili mamlakat parlamenti uning prezidentlik vakolatlarini cheksiz muddatga uzaytirgan.

XS
SM
MD
LG