Breaking News

Karimov Rossiyani O'zbekistonda jandarm qiyofasida ko'rmoqchimi?


Rossiya va O`zbekiston aloqalari yer osti tabiiy boyliklarini taqsimlash shartnomalari hisobiga yanada kengaymoqda. O`zbekiston va Rossiya o`rtasida O`zbekistondagi tabiiy gaz konlarini aniqlash, daromadlarni taqsimlash borasida imzolangan shartnomaga ko`ra Rossiyaning Gazprom kompaniyasi Ustyurt tekisligidagi asosiy hududlarni o`z manopoliyasiga oladi va mintaqa gaz transpoti yo`lagini nazorat qiladi. Bundan tashqari yana bir strategik mahsulot, uran qazib chiqarish bo`yicha ham kelishuvga kelingan.

O`zbekiston prezidenti bu haqda Rossiyaga jo`nab ketayotib, Rossiyaning kuch qudratiga ishonish O`zbekistonning erkin harakatlanishiga, mustaqilligini mustahkamlashga va ozodlikni saqlab qolishga sharoit yaratib berishini ta’kidlab o`tgandi.

Rossiya bilan imzolanayotgan shartnomalar esa, O`zbekiston prezidentiga ko`ra, mamlakatga qo`shimcha sarmoya jalb qiladi, aholining farovonligini oshiradi va davlatni kuchli qiladi.

Kuzatuvchilar O`zbekiston va Rossiya o`rtasida tuzilgan shartnomalarni Andijon voqealarida O`zbekiston hukumatini qollab-quvvatlagan Rossiya manfaatlarining mintaqdagi amaliyoti sifatida ko`rishadi.

O`zbekiston bir necha yillar avval, xususan, Afg`onistondan paydo bo`lgan xafvdan so`ng G’arb ko`magiga suyangan holda Rossiyani imperiyacha siyosat yuritishda ayblab kelgan bo`lsa, bugun Garb gegomonchilikda, demokratik qadriyatlarini kuch bilan o`rnatishda, ichki siyosatga aralashishda ayblanmoqda.

Siyosat axborot tahlil markazining ekspertlaridan biri Sharofiddin To`laganovga ko`ra O`zbekiston hukumatining G’arbga, AQShga nisbatan bildirilgan ishonchi oqlanmagan.

- AQSh O`zbekistonga juda katta sarmoya kiritadi, qo`shma korxonalar ochadi, O`zbekistonni Markaziy Osiyodagi namunali bir davlatga aylantiradi, mintaqaning qolgan davlatlari O`zbekistondan o`rnak oladi, degan o`zbek sharhlovchilarining ishonchi, afsuski, o`tgan to`rt yil mobaynida oqlanmadi. Buning ustiga inson huquqlari bahonasi bilan O`zbekiston tanqid ostiga olindi, - deydi To`laganov.

Mahalliy kuzatuvchilardan biri Iskandar Xudoyberganovga ko`ra O`zbekiston AQShdan moddiy, harbiy va xavsizlik borasida ko`maklarni, O`zbekistonda demokratik tuzum barpo etish, inson huquqlari, so`z erkinligi taminlash majburiyatlari evaziga olgan.

-O`zbekiston va AQSh o`rtasida imzolangan strategik shartnomaga ko`ra O`zbekiston hukumati ana shu majburiyatlarni o`z zimmasiga olgan. Biroq O`zbekistondagi avtoritar rejim demokrtaik islohotlardan manfaatdor emasligini isbotladi. Shu ma’noda Andijon voqealari O`zbekiston hukumati tomonidan yuritilgan avtoritar siyosatning cho`qqisi sifatida namoyon bo`ldi, - deydi kuzatuvchi.

Kuzatuvchilarga ko`ra, Andijon voqealarining bostirilishidan so`ng O`zbekiston hukumati, xalqaro hamjamiyat tomonidan turli sanksiyalarga uchraganidan qat’iy nazar, mavjud tuzumni mustahkamladi. Bu Rossiya va Xitoy kabi davlatlarning ko`magida amalga oshdi.

Ayniqsa, Rossiya diplomatik doiralarining Andijon voqealarini terrorchilik harakatlari sifatida baholashi, biroz o`tib, O`zbekiston va Rossiya o`rtasida ittifoqchilik shartnomalarining imzolanishi izolyatsiya holatiga tushgan O`zbekiston hukumatiga jiddiy ko`mak bo`lgan.

Kuzatuvchi Bahtiyor Isabek O`zbekiston hukumatining Rossiya tomonidan qo`llab-quvvatlanishining sababi O`zbekiston hukumati yuritayotgan siyosat Rossiya ko`zda tutgan tutumga mosligida deb hisoblaydi.

“Ular O`zbekiston xalqi manfaatini emas, o`zbek hukumati manfaatini himoya qiladi, - deydi Baxtiyor Isabek. - Shuning uchun ham Rossiya O`zbekiston xalqaro hamjamiyat tomonidan tanqidga olinishiga qaramasdan, uni keskin himoyalashga kirishdi. Sobiq ittifoq hududidagi har qanday milliy siyosat Rossiya manfatlariga zid.

-Masalan, - deydi Baxtiyor Isabek - til siyosatini olaylik. Agar Rossiyada yuritilayotgan til siyosati O`zbekistonda yoki boshqa Boltiqbo`yi davlatlarida yuritilsa, Rossiya hukumati darhol dodlab yuboradi. Shuning o`zidan ko`rinib turibdi... O`zbekistonda hozir yuritilayotgan siyosat Rossiyaning imperiyacha siyosatiga mos bo`lganligi uchun ham ular jon-jahdi bilan qo`llab- quvvatlshadi.”

O`zbekiston va Rossiya o`rtasida tuzilgan shartnomalarga ko`ra, Rossiya umumiy hisobda O`zbekistondagi tabiiy boyliklarni amaliyoti uchun 1,5 milliard AQSh dollari miqdorida mablag` kiritishi kerak.

Kuzatuvchilarga ko`ra Rossiya tomonidan uzoq muddatga kiritilayotgan bu mablag`larning kafolati O`zbekiston hukumatidir. Shu ma’noda Rossiya mavjud tuzumning barqarorligini ta’minlashga xizmat qiladi. Hukumat bilan imzolangan ittifoqchilik shartnomasi esa O`zbekistonga Rossiya qo`shinlarining kiritilishiga asos bo`lib xizmat qiladi.

Mutaxassis Bahodir Musayevga ko`ra Rossiya gaz narxini ming kubometrga 60 dollardan emas, 50 dollardan beramiz, deganda ham O`zbekiston hukumatida bu narxga rozi bo`lishdan boshqa imkoniyat yo`q.

“Karimov Rossiyani O`zbekistondagi jandarm qiyofasida ko`rishni istayapti. Mamlakatdagi ijtimoiy noroziliklarni, portlashlarni bostirishda Rossiyadan foydalanmoqchi. O`zbekistondagi avtoritar rejim o`z xavfsizligini kafolatlash uchun dunyodagi asosiy strategik mahsulot energetik zahiralarini garovga qo`ymoqda”, - deya sharhlaydi Bahodir Musayev.

XS
SM
MD
LG